Barcha uchun sevimli bo‘lgan yegulik – shaurmani uyda pishirish juda oson. Shaurma oz masalliqlar evaziga tez vaqt ichida tayyor bo‘ladi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: “wday.ru”
Kerakli mahsulotlar:
- Tovuq filesi – 3 bo‘lak;
- Lavash xamiri – 6 dona;
- Xitoy karami – 6 ta barg;
- Pomidor – 2 dona;
- Bodring – 2 dona;
- Tuzlangan bodring – 2 dona;
- Mayonez – 200 gramm;
- Sariyog‘− 10 gramm;
- Kungaboqar yog‘i – 1 osh qoshiq;
- Sarimsoq – 3 bo‘lak;
- Tuz va ziravorlar.
Tayyorlanish jarayoni:
- Tovuq filesi uzunasiga bo‘laklarga bo‘linadi. Yumshoq pishishi uchun oshxona bolg‘asi yordamida uriladi. Shundan so‘ng file yana mayda bo‘laklarga bo‘linadi va ziravorlar sepiladi.
- Qizigan tovaga sariyog‘ hamda kungaboqar yog‘i quyiladi. Tovuq go‘shti 5-10 daqiqa davomida pishirib olinadi.
- Xitoy karami barglari yuvilib, qog‘oz salfetka yordamida quritiladi. So‘ngra ular rulet shaklida o‘ralib, mayda shaklda to‘g‘raladi.
- Pomidor va bodringlarning barchasi somoncha qilib to‘g‘raladi.
- Tozalangan sarimsoq maydalagichdan o‘tkazilib, mayonez bilan aralashtiriladi.
- Lavash xamiri teng bo‘laklarga bo‘linadi. Yuzasiga sarimsoqli mayonez suriladi. Ustidan karam barglari, keyin bodring, pomidor va go‘sht terib chiqiladi. Xamir mahsulotlar bilan birgalikda o‘raladi va shunda ular xamirning ichki qismida qoladi.
- Qizigan tovada shaurmani ikki tomoni qizarguncha qovuriladi va issiqligicha iste’mol qilinadi.
Yoqimli ishtaha!