“G‘azab uchquni” operatsiyasi – bu AQSh fuqarolarini himoya qilish va Amerika Shtatlari tashkilotining iltimosiga binoan, mamlakatda barqarorlikni tiklash uchun 1983-yilda Grenadani bosib olish maqsadida rasmiy ravishda boshlangan harbiy operatsiya.  Ushbu amaliyot AQSh harbiy kuchlarining g‘alabasi bilan yakunlandi.  Amaliyotning maqsadi avvalgi qurolli to‘ntarish oqibatlarini bartaraf etish edi va buning natijasida Grenadaning amaldagi hukumati radikallar tomonidan ag‘darilib, uning rahbari Moris Bishop qatl etildi. “Daryo” ushbu voqea tafsilotlari haqida hikoya qiladi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Google Photos

Tarixiy vaziyat

1979-yil 13-martda Grenadadagi davlat to‘ntarishida Erik Gari hukumati ag‘darilib, uning o‘rniga Moris Bishop boshchiligidagi chap “yangi marvaridlar harakati” hokimiyatga keldi. Mamlakatning yangi rahbariyati siyosatda sotsialistik mamlakatlar, birinchi navbatda, Kuba va SSSR bilan faol hamkorlik yo‘liga o‘tdi.

Grenada armiyasi chet mamlakatlar ko‘magida qayta qurollantirildi va 1983-yilga kelib sharqiy Karib dengizidagi eng qudratli harbiy kuchga aylandi. To‘rt yil davomida Grenada SSSR bilan harbiy ta’minot to‘g‘risida uchta shartnoma imzoladi, ulardan birinchisi 58 million dollarga baholandi. Qurol-yarog‘ mamlakatga boshqa bir qator davlatlar tomonidan yetkazib berildi, xususan, 1983-yil bahorida KXDR bilan tuzilgan shartnomada Grenadaga 12 million dollar miqdorida harbiy materiallar yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan edi.

Grenadaning yangi tashqi siyosati Qo‘shma Shtatlarda katta tashvish uyg‘otdi. 1982-yil aprelda Reygan sharqiy Karib dengizi davlatlari rahbariyati bilan uchrashuvda Grenada hukumatini “marksizm virusini” boshqa mamlakatlarga yoyishda aybladi.  1983-yilning mart oyida Reygan mamlakatga nisbatan boykot e’lon qildi va amerikalik sayyohlarni orolga tashrif buyurishni to‘xtatishga chaqirdi. Grenadada sodir bo‘layotgan voqealar sharqiy Karib orollari davlatlarini ancha sergaklantirdi.

1983-yil may oyida Frensis Aleksis, Kit Mitchell va boshqa antikommunistik muhojirlar Barbadosda Grenada demokratik harakatini tashkil qilib, Bishop hukumatini ag‘darishni maqsad qildi. 26-martda Grenada o‘z armiyasini jangovar shay holatga keltirdi va uch ming kishilik politsiya bo‘linmalarini safarbar qildi.

Biroq Bishop vaziyatning xavfliligini tushundi va mojaroni kuchaytirmaslikka harakat qildi. Iyul oyida u Vashingtonga uchib ketdi va prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi Uilyam Klark bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida u Qo‘shma Shtatlar bilan aloqalarni yaxshilash imkoniyatlari to‘g‘risida aytib o‘tdi va Kuba bilan aloqalarini qayta ko‘rib chiqishga va’da berdi. Grenada bosh vazirining pragmatik pozitsiyasi hukumatning chap qanot a’zolariga yoqmadi.

1982-yil may oyida Grenada hukumati Buyuk Britaniyaning “Plessi Eyrports” firmasi bilan Poynt Salinas’da 2 700 metrlik uchish-qo‘nish yo‘lagi hamda yangi xalqaro aeroport qurish to‘g‘risida shartnoma imzoladi, u 1984-yil boshlariga qadar qurib bitkazilishi kerak edi.

1983-yil 17-martda AQSh Mudofaa vazirining o‘rinbosari F. Ikle senatning g‘arbiy yarim shar ishlari bo‘yicha komissiyasi yig‘ilishida Amerika josus samolyoti tomonidan tasvirga olingan qurilayotgan aerodromning fotosuratlarini namoyish qildi va orolda “Kuba harbiy bazasi”  qurilayotganini e’lon qildi.

Foto: Google Photos

Grenada hukumati yangi aeroport harbiy obyekt emasligi va mamlakatda turizmni rivojlantirishga qaratilgani to‘g‘risida bayonet berdi. Aeroportni loyihalashtirgan Britaniyaning “Plessi Eyrports” kompaniyasi bosh direktori Derrik Kollier matbuot anjumanida aeroport fuqaro aviatsiyasi uchun mo‘ljallanganini, uning harbiy yoki yerosti inshootlari yo‘qligini va uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilayotganini aytdi.

Shunga qaramay, AQSh hukumati vakillari Grenada, Kuba va Sovet hukumatlari o‘rtasidagi hamkorlikni hisobga olgan holda undan hatto sovet strategik bombardimonchilarini qabul qilishga qodir bo‘lgan havo kuchlari bazasi sifatida foydalanilishini ta’kidladi.  AQSh prezidenti Ronald Reygan ham “Grenadada xalqaro aeroport niqobi ostida strategik Sovet-Kuba harbiy bazasi barpo etilmoqda, bu AQSh xavfsizligiga tahdid solmoqda”, deb bir necha bor ta’kidladi.

13–14-oktabr davlat to‘ntarishi

1983-yil o‘rtalariga kelib, Grenada hukumatida bo‘linish paydo bo‘ldi.  Radikal kommunistlar – bosh vazir o‘rinbosari Bernard Kord tarafdorlari va Grenada armiyasi qo‘mondoni general Xadson Ostinlar Moris Bishop rejimidan norozi bo‘lib, AQSh bilan munosabatlarni normallashtirishni rejalashtira boshladi.  13-oktabrda mamlakatda davlat to‘ntarishi amalga oshirildi. Moris Bishop hibsga olindi.

1983-yil 19-oktabrda qurollangan tarafdorlari Bishopni hibsdan ozod qildi.  Olomon Rupertdagi armiya shtab-kvartirasi tomon yurish qilib, uni qo‘lga kiritdi. Hokimiyat noroziliklarni kuch bilan bostirishga qaror qildi. Natijada, o‘nlab tinch aholi halok bo‘ldi. Rupert hukumat harbiy kuchlari tomonidan egallab olindi. Leytenant Kallistus Bernard boshchiligidagi armiya askarlari Bishopni va uning yetti nafar eng yaqin sheriklarini otib tashladi. General-gubernator Pol Skun uy qamog‘iga olindi.

Shoshilinch ravishda general Ostin boshchiligida yangi harbiy hukumat – inqilobiy harbiy kengash tuzildi. Kengash to‘rt kunlik komendantlik soati joriy etdi, bir qator shaxslarni hibsga oldi.

Operatsiyaga tayyorgarlik

21-oktabr kungi Rupertdagi fojiadan so‘ng, sharqiy Karib dengizi davlatlari tashkilotining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib, unda Grenadada anarxiya va zo‘ravonlikka barham berish yo‘llari muhokama qilindi.

O‘sha paytda Grenadada (Sent-Jorjes universitetida, shuningdek, Perlz aeroporti hududidagi “True Blue” va “Grand Anse” talabalar shaharchalarida) amerikalik 630 ga yaqin talaba bor edi, ularning xavfsizligiga tahdidlar bo‘lishi ehtimoli AQSh hukumatining harbiy operatsiyasi uchun rasmiy sabab bo‘ldi.

Foto: Google Photos

Operatsiya davomida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan asosiy muammo Grenada armiyasi va kubaliklarning joylashuvi to‘g‘risida zamonaviy ma’lumotlarning deyarli mavjud emasligi edi. Amerikalik askarlarda Grenadaning xaritalari yo‘q edi va natijada sayohatchilar uchun qo‘llanma orqali harakatlanishga majbur bo‘ldi.

Bosqin arafasida Amerika maxsus kuchlarining bir necha razvedka guruhlari orolga kelib, butun operatsiyani shubha ostiga qo‘yadigan yangi ma’lumotlar haqida xabar berdi.  Xususan, skautlar 75-qo‘riqchilar polki va 82-havo-desant diviziyasining bo‘linmalari qo‘nishi rejalashtirilgan “Poynt Salinas”dagi qurilishi tugallanmagan aeroport qurilish texnikalari bilan to‘sib qo‘yilgani haqida xabar berdi.  Ushbu ma’lumot Amerika qo‘mondonligiga ma’lum bo‘lganda harbiy samolyot allaqachon havoga ko‘tarilgan edi.

“G‘azab uchquni” rejasi

Operatsiya Grenadadagi eng muhim harbiy va ma’muriy obyektlarni egallab olish uchun ham dengiz, ham havo-desant hujumchilarining to‘satdan harakat qilishini nazarda tutardi.

Amaliyot arafasida AQSh razvedka samolyotining faolligi oshdi.  23-oktabrdan 24-oktabrga o‘tar kechasi umumiy soni 50 kishigacha bo‘lgan bir nechta razvedka va sabotaj guruhlari vertolyotlar orqali Grenadaga yaqinlashib kelayotgan qo‘nish joylarini qidirish uchun safarbar qilindi.  Qo‘nish vaqti 1983-yil 25-oktabr soat 05:00 ga belgilandi.

Operatsiya davomidagi AQSh va Grenada qurolli kuchlari

Grenadaga bostirib kirishda AQSh harbiy kuchlarining umumiy qo‘mondoni vazifasini 2-OF (Atlantika okeanidagi AQSh dengiz kuchlari) qo‘mondoni vitse-admiral D. Metkaf amalga oshirdi. Grenadaga bostirib kirishda AQSh dengiz kuchlari, AQSh armiyasining artilleriya va muhandislik bo‘linmalari va AQSh havo kuchlarining aviatsiya bo‘linmalari ishtirok etdi.

Bu paytda Grenada Qurolli Kuchlari mingga yaqin harbiydan tashkil topgan bo‘lib, ular bitta piyoda batalyoni va beshta to‘liq bo‘lmagan piyoda batalyonlari tarkibiga kirar edi. Orolda Grenada qurolli kuchlari tomonida janglarda qatnashadigan 800 ga yaqin kubaliklar ham bor edi. Grenada xalq inqilobiy armiyasida hech qanday og‘ir qurollar (harbiy kemalar, samolyotlar, tanklar, og‘ir artilleriya) yo‘q edi. Qurilayotgan aeroport hududida va “Perlz” aeroporti yonidagi tepalikda bir necha 12,7 mmli pulemyotlar va 23 mmli zenit qurollari o‘rnatildi.

Keyinchalik, amerikaliklar qo‘lga kiritilgan barcha qurollarning ekspozitsiyasini tashkil qildi: ular orasida bitta BRDM-2, ikkita BTR-60PB, 12 ta ZU-23 zenit quroli, 65 ta minomyot, 68 ta granata, 6 322 yoki 6 330 ta miltiq, 291 ta avtomat va 5,6 mln patron bor edi. Qurollar orasida hattoki 1870-yilga tegishli bir martalik o‘qotar qurollar ham bo‘lgan edi.

Foto: Google Photos

Bosqin

Grenadaga bostirib kirish 1983-yilning 25-oktabrida ertalab soat 6:00 da boshlangan (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, soat 5:40 yoki 5:25 da). Ronald Reygan o‘zining “Ochig‘ini aytganda” kitobida ta’kidlashicha, bosqindan oldin Oq uy SSSR va Kubani operatsiya to‘g‘risida xabardor qilib, keraksiz qon to‘kilishidan saqlanishiga umid qilgan, ammo “Kastro kubaliklarga o‘limga qadar kurashish buyrug‘ini bergan va ko‘pchilik bunga amal qilgan edi”.

Operatsiya boshlangandan so‘ng Grenada hukumati uchun tashqi dunyo bilan aloqa qilishning yagona yo‘li Kuba elchixonasidagi uzatgich bo‘lib qoldi, chunki operatsiya boshlanishidan sal oldin (yoki u boshlangandan ko‘p o‘tmay) orolda aloqa tizimlari to‘satdan falaj holatga kelib qoldi. Grenadalik radio diktori efirga chiqishga muvaffaq bo‘ldi va bosqinchi haqida e’lon qildi.

Gavanada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kuba tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari R. Alarnonning ta’kidlashicha, Sent-Jorjesdagi Kuba elchixonasi radioxabariga ko‘ra, 1983-yil 25-oktabr kuni ertalab aeroport hududidagi AQShning oltita harbiy vertolyoti kubaliklarga hujum qildi. Kuba elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, soat 6:55 da aeroport hududini himoya qilayotgan kubaliklar safi dushman artilleriyasi va minomyotlardan o‘q otish natijasida buzib yuborilgan, aeroport yaqinidagi harbiy to‘qnashuvda oltita Kuba fuqarosi halok bo‘lgan, yana ikki kubalik og‘ir yaralangan edi. Jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, R. Alarnon orolda yashovchi kubaliklar o‘zlarini himoya qilish uchun Grenada hukumati tomonidan ilgari ularga berilgan qurollardan qonuniy ravishda foydalanganini ma’lum qildi.

Bosqin axboriy targ‘ibot bilan birga olib borildi: u boshlangan paytdan boshlab “Spice Island” radiosi Grenada aholisini “tinchlik saqlashga” va Grenada armiyasi askarlarini “qarshilik ko‘rsatmaslikka” da’vat eta boshladi. AQSh harbiy kuchlari orolga kelib tushganidan so‘ng maxsus xodimlar aholiga bosqinni nazariy jihatdan asoslagan “Grenada Ovozi” gazetasini bepul tarqatishni boshladi.

Zamonaviy razvedkaning yetishmasligi tufayli yuzaga kelgan Grenadaning havo hujumiga qarshi mudofaasini past darajada deya baholash bir nechta vertolyotning yo‘qotilishiga olib keldi. 1983-yil 26-oktabrda kechqurun Qo‘shma Shtatlar Grenadaga qo‘shimcha kuchlar – ikkita batalyonni yuborishga majbur bo‘ldi. AQSh harbiy-dengiz floti tarkibiga kiruvchi A-7 hujum samolyoti xato oqibatida psixiatriya kasalxonasiga zarba berdi, u yerda kamida 12 nafar bemor vafot etdi.

Boshqa ayrim manbalarga ko‘ra, Amerika harbiy samolyotlari Grenada armiyasining shtab-kvartirasi va askarlarning kazarmalarini bombardimon qilishni boshladi, ammo qo‘mondonlik shtab-kvartiraning bayrog‘ini olib tashladi va uni yaqin atrofdagi psixiatriya klinikasining tomiga osib qo‘ydi, shu sababli bomba kasalxonaga kelib tushdi va bu “qurbonlik” evaziga harbiylarning hayoti saqlab qolindi. Va nihoyat, 27-oktabrga kelib asosiy janglar tugadi.

Foto: Google Photos

Yo‘qotishlar

AQSh. 1983-yil 17-dekabrda e’lon qilingan AQSh hukumatining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiya davomida 19 nafar AQSh harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi va 116 kishi yaralandi. Bir nechta vertolyotlar, shu jumladan, bitta CH-46E, bitta MH-6, ikkita AH-1T “Cobra” va uchta UH-60A o‘qqa tutildi. Uch kun ichida 9 ta Amerika vertolyoti yo‘q qilindi va bir nechtasi shikastlandi, grenadaliklar zenit raketalariga ega bo‘lmagan va ular faqat zenit pulemyotlaridan foydalangan edi.

Grenada. Harbiy operatsiya davomida Grenadaning 45 fuqarosi halok bo‘ldi va 337 kishi yaralandi. Amaliyotdan so‘ng Grenada qurolli kuchlari qurolsizlantirildi va tarqatib yuborildi. Bosqin natijasida orolning infratuzilmasi va iqtisodiyoti katta moddiy zarar ko‘rdi.

Kuba. Kubalik qurilish ishchilari, Grenada qo‘shinlari va tinch aholi orasidagi qurbonlar soni bir manbadan boshqasiga farq qiladi. 1983-yil 17-dekabrda e’lon qilingan AQSh hukumatining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiya davomida 24 kubalik halok bo‘ldi, 49 kishi yaralandi, 600 dan ortiq odam asirga olindi.

Jamoatchilik reaksiyasi

1983-yil 3-noyabrda Amerikaning CBS telekompaniyasi grenadaliklar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi: mamlakatning Amerika qo‘shinlari tomonidan bosib olinishi paytida respondentlarning 91 foizi Amerika armiyasining orolga kelishidan mamnun ekanligini bildirdi, ammo oradan ikki oy o‘tgach, bu harbiy aralashuvni qo‘llab-quvvatlagan grenadaliklar soni 84 foizgacha kamaydi. Ovoz berganlarning 12 foizi bunga qarshi edi. Shu bilan birga, grenadaliklarning 59 foizi orolda Amerika harbiy kuchlarini ko‘paytirishni, 9 foizi uni kamaytirishni va 8 foizi to‘liq yo‘q qilishni yoqlab ovoz berdi. Qo‘shma Shtatlarda fuqarolarning aksariyati bosqinni qo‘llab-quvvatladi.

1983-yil 18-noyabrda o‘n bitta amerikalik kongressmen Vashington okrug sudida AQSh prezidenti R. Reygan, mudofaa vaziri Vaynberger, davlat kotibi Shultz va shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi Vessiga qarshi Grenadaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rish va uni amalga oshirishda Amerika qonunlarini qo‘pol ravishda buzish ayblovi bilan da’vo qo‘zg‘adi.

Xalqaro reaksiya

Bosqin Fransiya, Shvetsiya va boshqa mamlakatlar tomonidan qoralandi. AQShning Amsterdam, London va Bonndagi elchixonalari oldida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Meksika bu bosqinchilikni Markaziy Amerika va Karib dengizi arxipelagida tinchlikka tahdid manbayi sifatida baholadi va BMT Xavfsizlik Kengashini chet el qo‘shinlarini oroldan olib chiqish choralarini ko‘rishga chaqirdi. Buyuk Britaniya ham bu harbiy operatsiyaga qarshi edi.

Operatsiya SSSR, Xitoy va boshqa sotsialistik mamlakatlar tomonidan ham qoralandi. Lotin Amerikasidagi bir qator davlatlar, jumladan, Gayana, Kuba, Nikaragua, Trinidad va Tobagolar bosqinni qoraladi va norozilik bildirdi.

1983-yil 28-oktabrda Qo‘shma Shtatlar Grenadadagi voqealar to‘g‘risida BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi loyihasining qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun veto huquqidan foydalandi (bu qarorga BMT Xavfsizlik Kengashining 12 a’zosidan 11 nafari ovoz berdi – AQShdan tashqari hamma).

1983-yil 2-noyabrda BMT Bosh Assambleyasi Grenadaga bostirib kirishni xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishi va ushbu davlatning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy daxlsizligiga tajovuz sifatida baholagan 38/7-sonli qarorni qabul qildi va ushbu mamlakatga qurolli aralashuvni darhol to‘xtatish va chet el qo‘shinlarini u yerdan olib chiqish talabini qo‘ydi. Rezolyutsiyani 108 mamlakat qo‘llab-quvvatladi, AQSh va yana sakkiz mamlakat qarshi ovoz berdi.

Bosqinning bugungi hayotda aksi

Harbiy operatsiya tugaganidan so‘ng Grenadaning yangi hukumati har yili 25-oktabrda bugungi kungacha nishonlanib kelinadigan “Shukrona kuni” bayram kuniga asos soldi. 2009-yilda “Port-Salinas”dagi xalqaro aeroportga Moris Bishop xalqaro aeroporti nomi berildi. 1986-yilda AQShda harbiy operatsiyaga bag‘ishlangan “Singan yuraklarning dovoni” badiiy filmi suratga olindi.

Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.

От qwert.uz