Rejissor Aditya Chopraning debyut ishi – “O‘g‘irlanmagan kelin” suratga olinganiga 25 yil bo‘lganiga qaramay, qayta-qayta ko‘rsa bo‘ladigan ijod namunalari sirasiga kiradi. Butun dunyoda mashhurlikka erishgan mazkur film Filmfare Awards’ning 41-taqdirlash marosimida 14 nominatsiya va 10 mukofotni qo‘lga kiritgan. Barcha uchun sevimli bo‘lgan film qanday suratga olingani haqida ma’lumot berib o‘tamiz — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: “Yandeks Dzen”
Rejissor avvaliga ingliz filmi sifatida, bosh qahramonlarni Tom Kruz va Kajol ijrosida tasavvur qilgan. G‘oya bilan bo‘lishganida otasi amerikalik aktyorlarsiz hind filmi qilib, suratga olsa, yaxshi bo‘lishini tavsiya qilgan. Nasrin Kabirning Adityaning filmiga bag‘ishlangan kitobida rejissor Raj va Simranni hamma tomoshabin ularga o‘xshashni istaydigan sevishganlardek qilib ko‘rsatishni, yigitlar Simrandek qizni, qizlar esa Rajdek yigitni uchratishni orzu qilishini xohlaganini bildirgan.
Foto: “Yandeks Dzen”
Yosh ijodiy jamoa
Rejissor jamoasida Amrish Puri, Farida Jalal, Anupam Kxerni aytmaganda, asosan yosh aktyorlar bo‘lgan. 23 yashar aktyorga uning ukasi Uday, shuningdek, Karan Johar, Samir Sharmalar yordam bergan. Sahnalashtiruvchi rassom Sharmita Roy uchun “O‘g‘irlanmagan kelin” atigi uchinchi loyiha bo‘lgan. Anaita Shroff Adajaniya Simranning dugonasi rolini o‘ynagan. Keyinchalik u Vogue India jurnalining bosh rahbari bo‘lib, Dipika Padukone va boshqa mashhur aktrisalar uchun o‘ziga xos uslub yaratgan.
Foto: “Yandeks Dzen”
Kasting
Rejissor Raj rolini avvaliga Saif Ali Xonga bermoqchi bo‘lgan. U boshqa bir esda qolarli sevgi hikoyasining ishtirokchisi bo‘lishga ulgurgan aktyorga rol berishni istamagan. Bu vaqtda Amir Xon va Salmon Xonlar allaqachon bunday hikoyalarning ishtirokchisiga aylanib ulgurgan bo‘lgan. Rejissor muxlislar Rajni romantik ijroda ko‘rinishi kutilmagan aktyor gavdalantirishini istagan. Bu vaqtda Shoxruh Xon arsenalida “yomon yigit” rollari bo‘lgan va Aditya uni boshqacha obrazda ommaga ko‘rsatib, hayron qoldirishi mumkinligini bilgan.
Foto: “Yandeks Dzen”
Amrish Puri Simranning otasi roliga taklif qilingani ham filmning muvaffaqiyatini ta’minlagan. Muxlislar tasavvurida asosan salbiy qahramon roli bilan esda qolgan aktyorning qiziga “Jee le apni zindagi” qanday xohlasang, shunday yasha, deb aytgan so‘zlari ham u haqidagi tasavvurni o‘zgartirib yuborgan.
Rajning otasi Anupam Kxer, Simranning singlisi Pudja Ruparel, onasi rolini o‘ynagan Farida Jalal va boshqalar esa filmning yanada muvaffaqiyatli chiqishiga hissa qo‘shgan.
Foto: “Yandeks Dzen”
Eski hikoyani yangicha so‘zlab berish usuli
Rejissorning mazkur filmdagi yutug‘i urf-odatlar va zamonaviylik orasidagi balansni topa olgan va buni filmda mujassam eta olgani hisoblanadi. Uning debyut loyihasidan keyin minglab hind turistlari bosh qahramonlardan o‘rnak olgan holda Yevropa bo‘ylab sayohat qilgan.
Foto: “Yandeks Dzen”
Film ssenariysi va dialoglarni ham rejissorning o‘zi yozgan, unga oilaviy do‘sti Javed Siddiqi yordam bergan. Filmdagi mashhur ibora “Katta davlatlarda ham kichik ko‘ngilsizliklar bo‘lib turadi” hamda Rajning Simranni “senyorita” deb atash fikri ham Javedga tegishli.
Hali hamon sevib tinglanadigan qo‘shiqlar
Foto: “Yandeks Dzen”
Mazkur film Jatin va Lalitning musiqiy karyera borasida omadi chopishiga sabab bo‘lgan. Ayniqsa, “Tujhe Dekha Toh Yeh Jana Sanam” loyihaning mashhurlikka erishishida muhim rol o‘ynagan.
“Avvallari odamlar men va akamni ishini yaxshi biladigan oddiy odam deb o‘ylagan, ammo bizni jiddiy qabul qilmagan. “O‘g‘irlanmagan kelin” taqdim qilinganidan keyin hammasi o‘zgargan. Ko‘p yillardan keyin ham bizning qo‘shiq qadrlanayotganiga guvoh bo‘lib, bu hayotga bekorga kelmaganimga amin bo‘laman”, — degan Jatin.
Aditya filmni suratga olish uchun mukammal tayyorlangan: ssenariy, suratga olinadigan joylar, kasting, dialog, musiqa va boshqa har bir mayda detal e’tibordan chetda qolmagan. U nima xohlayotganini aniq bilgan. Qo‘shiqlar muallifi Anand Bakshi film xuddi Aditya aytganidek suratga olinsa, kinoprokatdan tushmasligini aytgan va shunday ham bo‘lgan.
Foto: “Yandeks Dzen”
25 yil kinoprokatda
“25 hafta yoki 25 oy emas, 25 yil. Mening o‘g‘lim premyera bo‘lganidan ikki yil o‘tib, dunyoga kelgan. Bugun u 23 yoshda, film esa hali hamon kinoprokatlarda qo‘yiladi”, — deydi musiqiy boshqaruvchi.
Mumbayning Maratha Mandir kinoteatrida 2020-yilning martiga qadar namoyish qilingan film pandemiya sabab barcha kinoteatrlar yopilmaganida, hali ham namoyish qilinayotgan bo‘lardi. Maratha Mandir kinoteatri boshqaruvchisi bundan bir necha yil avval film kinoprokatdan olinmoqchi bo‘lganida 40-50 nafar muxlis g‘azablanib, uni ekrandan olmaslikni talab qilganini, oqibatda intervyu berib, film muxlislar tashrif buyurar ekan, namoyishdan to‘xtamasligiga va’da berishiga to‘g‘ri kelganini ta’kidlaydi. Uning qo‘shimcha qilishicha, oddiy kunlarda “O‘g‘irlanmagan kelin”ni ko‘rish uchun zalda 45 foiz, bayram kunlari 70 foiz tomoshabin bo‘ladi. Filmning chipta narxi esa bir necha yildan beri o‘zgartirilmaydi. Kinozal yonida vokzal joylashgan va tashrif buyurgan tomoshabinlarning yarmi avtobus yoki poyezdda safarga chiqishdan avval filmni ko‘rib ketadi. Seanslar asosan ertalab va kunduzi bo‘ladi, aksari poyezd va avtobuslar esa kechasi yo‘lga chiqadi.