Qiz bolaning hayotida ota muhim rol o‘ynaydi. Oilada otaning qiziga munosabati uning kelajakdagi hayotini ham belgilashi mumkin. Ayrim otalar qiziga haddan tashqari mehribonligi tufayli ularga dushmanlik qilsa, yana boshqalari qat’iyligi bilan ularning qo‘rquviga sabab bo‘ladi. Aslida qizlarini mustaqil, yetuk va baxtli bo‘lishi uchun otalar o‘zini qanday tutishi kerak? — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Pinterest
Haddan ortiqcha mehr
Ushbu toifadagi otalar qiz farzandlarini ortiqcha mehr bilan “bo‘g‘ib” qo‘yadi. Umuman olganda, ular qizlarini juda ko‘p erkalaydi va onasi ruxsat bermagan yoki taqiqlagan narsalarga ham imkon beradi. Bir tomondan, qizga nisbatan bunday munosabat yaxshi, chunki bu orqali u otaning g‘amxo‘rligini his qiladi. Ongida unga nisbatan hurmat paydo bo‘ladi. Boshqa tomondan esa, keyinchalik ham u hamma narsa o‘zi xohlagandek bo‘lishini istaydi. Hammadan otasidan ko‘rgan mehrni talab qiladi. Bundan tashqari, u “otasining qizi”ga aylanadi. O‘zi mustaqil ravishda biror ishni bajara olmaydi va hamisha otasidan ko‘mak kutib yashaydi.
Foto: Pinterest
Psixologlarning fikricha, o‘ziga ishongan shaxsni tarbiya qilish uchun otalar qizlariga haddan tashqari mehr qo‘ymasligi kerak. Ularni vaqtida qo‘llab-quvvatlash, yaxshi-yomonni tushuntirish ularning vazifasiga kiradi.
O‘ta qattiqqo‘llik
Foto: Pinterest
Ikkinchi toifadagi otalar esa bolani qat’iylik bilan tarbiyalash kerakligiga ishonchi komil. Ularning tushunchalariga ko‘ra, ushbu yondashuv kuchli va maqsadga muvofiq shaxsni tarbiyalashda yagona to‘g‘ri yo‘ldir. Biroq, bu ham noto‘g‘ri fikr. Psixologlar hech qachon qizlarni bosim ostida tarbiyalashni tavsiya etmaydi. Birinchidan, bu ularning irodasiga ta’sir etishi mumkin. Ikkinchidan, ular katta ehtimol bilan bunday xatti-harakatlarning odatiy ekanligiga ishonch hosil qilib, zolim juft tanlashiga olib keladi.
Qizlarning tarbiyasiga aralashmaslik
Yuqoridagi ikki toifaga kiruvchi otalar haddan ortiq mehr yoki o‘ta qattiqqo‘llik bilan tarbiyani muhim deb bilsa, uchinchi toifa erkaklar bola tarbiyasida o‘zining ishtirokini muhim deb bilmaydi.
Foto: Pinterest
Ular hattoki otalik vazifasini bajarmaydi, bir oilada yashasa ham, qizlarining hayotiga aralashmaydi yoki umuman e’tiborli bo‘lmaydi. Odatda bunday otalar farzandsiz o‘tgani yaxshiroq. Aynan shu kabi otalar tufayli qizlarning butun hayoti barbod bo‘lishi mumkin yoki ular barcha erkaklarga nisbatan shunday tasavvurda qoladi.
Agar ota qizining qiziqishlariga o‘z fikrini bildirmasa, shuningdek, onaga qo‘pol munosabatda bo‘lsa, bu kabi qizlarning hayotida qiyinchiliklar yuz beradi. Ular boshqalar bilan do‘stlashishda muammolarga duch keladi. Odatda ular kelajakda o‘zlarini karyeraga urib, oilani ikkinchi darajali deb biladi.
Ota oilani tark etgan bo‘lsa-chi?
Foto: Pinterest
Otasiz ulg‘ayishga majbur bo‘lgan qizlar, eng avvalo, oilaga yaqin bo‘lgan qarindoshlar – amaki, tog‘a yoki buva kabi insonlar bilan munosabatda bo‘ladi. Ular bilan muloqot qilish orqali oilada erkakning roli haqidagi ayrim ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Bordi-yu, atrof faqat ayollardan tashkil topgan bo‘lsa, keyinchalik uning dunyosida erkak prototipini yaratish uchun ko‘p yillar kerak bo‘ladi. Albatta, bu uning butun hayoti yolg‘iz o‘tishini anglatmaydi. Shunchaki bu kabi ayollar ko‘pincha tanlovda xatoga yo‘l qo‘yadi. Chunki qarshi jins vakillarining xatti-harakati ular uchun noma’lum dunyo bo‘lib kelgan. Shuning uchun ham qiz bolalarning tarbiyasiga chaqaloqlik paytidanoq otalar ham xuddi onalar kabi katta mas’uliyatni yelkaga olishi va munosabat borasida juda e’tiborli bo‘lishi talab etiladi.