Olimlar Qozog‘istonning Qalachi qishlog‘idagi “uyqu kasalligi”ning sababi haqidagi yangi nazariyani ilgari surdi

Qozog‘istonning Nazarboyev universiteti olimlari jamoasi epidemiolog professor Bayron Kreyp rahbarligida Aqmo‘la viloyatining Qalachi qishlog‘ida kuzatilgan “uyqu kasalligi”ning sabablarini uzoq vaqt davomida o‘rgandi. Olimlarning fikricha, qishloq aholisi kimyoviy moddalar bilan zaharlangan yerosti suvi sababli karaxtlik holatiga tushib qolgan. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Nauka” telekanali

Ma’lum qilinishicha, kasallik ovqat, surunkali kasalliklar yoki qishloq aholisining zararli odatlari bilan bog‘liqligi haqidagi o‘nlab nazariyalar istisno qilingan. Aniqlanishicha, Qalachining barcha aholisi bitta buloqdan suv ichadi. Suv qishloqda yashaydigan odamlardan birining uyida qurilgan yerosti nasosidan chiqadi.

Uy hayvonlariga bu suvdan berilmagan, ular daryo suvidan ichgan va karaxtlik holatiga tushmagan.

Olimlarning xulosa qilishicha, suv kimyoviy moddalar bilan zaharlangan. Organizmning kimyoviy zaharlanishi Qalachi aholisi tomonidan ma’lum qilingan simptomlarga o‘xshash belgilar bilan kechadi — bosh aylanishi, holsizlik, “mastlik” hissi va hattoki galyutsinatsiya.

“Kimyoviy moddalar suvga, masalan, 1980-yillarning oxiridan buyon tashlandiq bo‘lgan uran konidan tushgan bo‘lishi mumkin. Harbiylar u yerga kimyoviy chiqindilar tashlagan, kondan chiqindixona sifatida foydalangan bo‘lishi mumkin. U yerda kimyoviy qurol ishlab chiqarilgan bo‘lishi ehtimoli bor, ba’zi chiqindi kimyoviy moddalar esa yerga tashlangan”, — deya ta’kidlagan Kreyp.

“Uyqu kasalligi” mazkur qishloqda boshqa aniqlanmayotgani sababli olimlar bu nazariyani yaqin atrofda joylashgan konlardan biriga tushib, tasdiqlashi yoki rad etishi mumkin. Odamlarning konlarga tushishi xavfli, shu sababli olimlar Nazarboyev universitetining muhandislik maktabi bilan hamkorlikda maxsus dronni jihozlash va uni namunalar olish uchun uran koniga tushirishni rejalashtirmoqda.

Xabar berilishicha, koronavirus pandemiyasi sababli “uyqu kasalligi” bilan bog‘liq tadqiqot ishi vaqtincha to‘xtatilgan.

Krasnogorsk posyolkasining Qalachi qishlog‘i aholisi 2013-yilning mart oyidan boshlab uyqusirash, xotiraning yo‘qolishi va gallyutsinatsiya sababli shifokorlarga vaqti-vaqti bilan murojaat qilgan. Ularning barchasiga noma’lum genezli ensefalopatiya tashxisi qo‘yilgan va u xalq orasida “uyqu kasalligi” deb atalgan. O‘tkazilgan minglab tekshiruvlarga qaramasdan, ko‘p sonli komissiyalar haligacha kasallikning aniq sababini ma’lum qila olmagan. Mahalliy hokimiyat qishloq aholisini ko‘chirish haqida qaror qabul qilgan.