Yosh 40 dan oshgandan keyin, ayniqsa, nasliy moyilligi bor ayollarda turli kasalliklar paydo bo‘lishni boshlashi mumkin. Buning oldini olish va rivojlanib bo‘lganida kech bo‘lmasligi uchun esa shifokor ko‘rigidan o‘tib turish kerak  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Singapore Medical Specialists Centre

Ginekolog ko‘rigi, UTT tekshiruvi

Hech qanday shikoyati bo‘lmagan yoshlarga yilda bir marta, katta yoshli ayollarga esa kamida ikki marta ginekolog shifokorga murojaat qilish kerak. Bu bilan rivojlanishi mumkin bo‘lgan kasalliklarning oldini olish mumkin bo‘ladi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, bachadon bo‘yni saratoni 30 yoshdan oshgan ayollarda ko‘proq kuzatiladi. Rivojlangan yoki rivojlanayotgan kasallik haqida bilish va uni davo choralarini qancha erta boshlasa shuncha yaxshi. Odam papilloma virusi — 16 va 18 serotipi aniqlangan ayollarning kasallikka chalinish xavfi yuqori va taxminan 70 foiz holatda aynan ularda bachadon bo‘yni saratoni kuzatiladi. A’zolarni UTT tekshirish va reproduktiv sistema onkomarkeriga qon tahlili topshiring va shundan keyingina ginekolog qabuliga yoziling.

Mammolog konsultatsiyasi, mammografiya tekshiruvi

Ko‘krak bezi saratoni ayollarda eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklaridan biri hisoblanadi. Ammo, afsuski, aksariyat ayollar ushbu kasallik rivojlanib bo‘lganidan keyingina xabar topadi. Yosh o‘tishi sayin mazkur saraton paydo bo‘lish xavfi yuqori bo‘ladi. Masalan, 65 yoshdan keyin ko‘krak bezi saratoning paydo bo‘lish xavfi 30 yoshga qaraganda 150 marta ko‘payadi. Bu esa shifokorga borish va ko‘rikdan o‘tish zarurligiga jiddiy sabab bo‘la oladi.

Endokrinolog qabuliga yozilish, glyukoza miqdorini aniqlash uchun qon tahlili topshirish

Bugungi kunda Yer yuzidagi 10 foiz odam qandli diabetdan aziyat chekadi. Ushbu kasallikning o‘zining oqibatlari yaxshi emasligi yetmaganday, boshqa hayot uchun muhim bo‘lgan tizimlarni ham zararlaydi. Qandli diabet bilan kasallangan bemorlarning infarkt va insultga chalinish xavfi yuqori bo‘ladi, qon tomirlar mo‘rtlashadi va ko‘rish qobiliyati susayadi. Naslingizda ushbu kasallikka chalingan bemorlar bo‘ladigan va siz sog‘lom turmush tarziga amal qilmaydigan bo‘lsangiz, unda vaqti-vaqti bilan qondagi qand miqdorini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tib turish va endokrinologga murojaat qilish kerak. Shifokor sizda chalinish xavfi bor yoki yo‘qligi, bo‘lsa qaysi turda ekanligini aniqlashga yordam beradi.

Kardiolog ko‘rigidan o‘tish va EKG tekshiruvi

Xolesterinning ko‘payishi, zararli odat va jismoniy harakatlarning yetishmasligi organizmning muhim jarayonlari susayishiga olib keladi. JSST ma’lumotlariga qaraganda, yiliga 18 million odam yurak kasalligi sabab hayotdan ko‘z yumadi. Aksari yurak qon-tomir kasalliklarining oldini olish yoki erta tashxis qo‘yilsa, muvaffaqiyatli davolash mumkin. Shu sababdan ham har bir yilda, albatta, tashrif buyurish kerak bo‘lgan shifokorlar ro‘yxatiga kardiologni ham kiritish kerak.

Densitometriya

40 yoshdan boshlab suyaklar mo‘rtlasha boshlaydi va bu tibbiyotda osteoporoz deb ataladi. Bu suyaklar jarohatlanishi va sinishiga sabab bo‘lishi mumkin. Organizm anatomiyasi jihatidan mazkur kasallik ayollarda erkaklarga nisbatan uch marta ko‘proq kuzatiladi. Eng yoqimsiz oqibatlardan biri chanoq-son suyagining sinish va chiqishi hisoblanadi. Suyaklar mustahkamligining kamayishiga bo‘yning balandligi, ozg‘inlik, shuningdek, klimaks va gormonal kontraseptiv dori vositalarini qabul qilish sabab bo‘ladi. Osteoporozni yoki unga moyillikni densitometriya tekshiruvi orqali aniqlasa bo‘ladi. Ammo homiladorlik va farzandni ona suti bilan boqish davrida densitometriya tavsiya qilinmaydi.

От qwert.uz