Har yili dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan reytinglarga ko‘ra, Shvetsiya eng baxtli insonlarlar yashaydigan davlatlar o‘ntaligiga kiradi. Bundan tashqari mamlakat Yevropadagi muhojirlar yashaydigan eng yaxshi davlat sifatida ko‘p bora e’tirof etilgan. Xo‘sh, Shvetsiyada migrantlar uchun qanday imkoniyat va imtiyozlar bor? Mamlakatda yashash va ishlash uchun nimalar qilish kerak? Bu haqda “Daryo”ga ko‘p yillardan buyon Shvetsiyaning Stokgolm shahrida istiqomat qilayotgan Bobur Umurzakov va Aisha Aliyeva batafsil hikoya qilib berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Shvetsiya hayajoni
Men Aisha Aliyeva, yoshim 23 da. Bu yerga 8 yil oldin oilam bilan ko‘chib kelganmiz. Shvetsiyaga kelganimizning birinchi yilidayoq doimiy yashash guvohnomasi olganmiz.
Foto: Instagram / @Aishaliieva
Boshidan batafsil aytib beradigan bo‘lsam, onam asli o‘zbekistonlik. Qirg‘izistonga kelin bo‘lib tushganlar. Men Bishkekda tug‘ilganman. Ota-onam ko‘p o‘tmay o‘z bizneslarini boshlash uchun Qozog‘istonga ko‘chib ketishdi. Meni esa xolamnikiga – Toshkentga yuborishgan. Poytaxtdagi maktabda 6-sinfgacha tahsil olganman.
Ota-onam o‘zlarini moddiy jihatdan tiklab olganidan so‘ng meni yoniga chaqirganlar. Shunday qilib, 6-sinfdan boshlab Qozog‘istonda oilam bag‘rida o‘qishimni davom ettirdim. Bir necha yildan keyin uydagilarim ma’lum bir sabablarga ko‘ra boshqa davlatga, ya’ni Shvetsiyaga ko‘chib ketishga qaror qilishdi. O‘shanda 15 yoshda edim.
Ko‘pchilik yangi davlatga ko‘nikib ketishga qiynalmaganmisiz, deb so‘raydi. Ochig‘ini aytganda, ota-onam yonimdaligi uchun men boshqa davlat hayajonini, qiyinchiliklarini sezmaganman. Umuman olganda, yangi muhitga moslashish qiyin kechmagan. Ikki yil davomida shvet tilini o‘rgandim. Keyinchalik Bobur aka bilan sovchi orqali tanishib, oila qurdik. Hozir ikki farzandimiz bor.
Foto: Instagram / @Aishaliieva
Shvetsiyaga borish yo‘llari haqida
Shvetsiyaga ko‘chib kelganimizda juda yosh edim. Ota-onam qanday hujjatlar tayyorlagan, qanday muammolarga duch kelishgan, ochig‘i, bilmayman. Lekin turmush o‘rtog‘im 15 yildan beri shu yerda yashaydi. U bu haqda batafsil ma’lumot berishi mumkin.
Bobur Umurzakov:
Shvetsiya aslida migrantlarga to‘la davlat. Mamlakatga kuniga turli xil yo‘llar bilan minglab muhojir kirib keladi.
Masalan, men bu yerga 15 yil oldin kelganman. O‘shanda o‘zbek san’atkorlari bilan birgalikda Germaniyaga gastrolga borganmiz. Keyin Germaniya elchixonasidan Shvetsiyaga borish uchun bizga hujjat tayyorlab berishgan. Shundan keyin bu yerda ishlab, doimiy yashash guvohnomasi olganman.
Foto: Instagram / @Aishaliieva
Ko‘pchilik davlatga sayyohlik vizasi bilan yoki Polsha, Norvegiyaning bir yillik ish vizasi bilan keladi. Lekin hozir migratsiya ancha qiyin bo‘lib qolgan. Polsha ish vizasi bilan hech kim bu yerda ishlolmaydi.
Mamlakatga kelgan muhojir dastlab migratsiya xizmatiga kelish sababini aytib, murojaat qiladi, kerakli hujjatlarini topshiradi. Masalan, suriyaliklar yurtidagi ziddiyatlar, bosimlar haqida yozib, yordam so‘raydi.
Migratsiya agentligi hujjatlarni ko‘rib chiqib, lozim topsa, muhojirni uzoq qishloqlarga yuboradi. Ishlashi uchun kartochka beradi. Yashash uchun yetadigan pul va boshpana bilan ta’minlaydi.
Avvallari O‘zbekistondan keladiganlar uchun vaziyat va holatdan kelib chiqqan holda qo‘shimcha imkoniyatlar bo‘lardi. Lekin 2016-yil Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lgandan buyon qo‘mita O‘zbekistonda odamlarni yashashiga to‘sqinlik qiluvchi muammoni ko‘rishmayapti. O‘zbekiston tinch, yashash uchun kerakli sharoitlar bor deb tezroq hujjatini chiqarib, ortga qaytarib yuborishyapti.
Foto: Instagram / @Aishaliieva
Kundan kunga migratsiya qiyinlashib bormoqda
Avvallari muhojir bu yerda kimgadir uylansa, mamlakatda qolish imkoniyati bo‘lardi. Shuning uchun ayrimlar yolg‘ondan bo‘lsa ham oila qurardi. Lekin tashkilot ham ahmoq emas. Ular birga yashayaptimi, yo‘qmi bilish uchun tashkilot kelib, kerak bo‘lsa intim savollar berib bo‘lsa ham buni tekshirib turishadi.
O‘qish uchun ham Shvetsiyaga kelish mumkin. Bu yerda universitetlar asosan tekin. Har bir oliygohning belgilangan ballari bor. Abituriyentlar shunga qarab hujjatlarini topshirishadi. Talablarga javob bersa bo‘ldi, o‘qishga kiradi.
Lekin bir narsani ochiq aytishim kerak, Shvetsiyada 15 yildan buyon yashayotgan bo‘lsam, haligacha biror marta o‘qishga kelib, qoldim degan gapni eshitmadim.
Foto: Instagram / @Aishaliieva
Mamlakatda ishlash qoidalari
Shvetsiyada ishchi vizasi ikki yilga beriladi va buni muhojir ishlayotgan tashkilot tayyorlab beradi. Mamlakatning qonunlariga ko‘ra keyingi ikki yilni ham o‘sha tashkilotdan olishi kerak. Boshqa joyga ishga o‘tsa, yana boshidan boshlashiga to‘g‘ri keladi. Ikki bor ishchi vizasini olgan odam keyingisini boshqa tashkilotdan olishi mumkin. Uchinchi ishchi vizasidan olib, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab borsa, keyinroq fuqarolik olish uchun topshirishi mumkin.
Til bilgan muhojir pul topishga qiynalmaydi
Shvetsiyada ham Rossiyadagidek qora ish qiladiganlar bor, lekin agar migrant til biladigan bo‘lsa migratsiya bergan hujjat bilan ham yaxshi joyda ishlashi mumkin.
Aisha Aliyeva:
Qo‘shimcha qilsam, migrantlar odatiy yumushlar — tozalash bilan shug‘ullanadigan firmalarda, qurilishda ishlashi mumkin. Mamlakat qonunlariga ko‘ra, talabalarning ishlashiga ham ruxsat berilgan. Talabalar ko‘proq ofitsiantlik qilishadi, ofis va mehmonxona qabulxonalarida ishlaydi. Yana bir muhim fakt — shvet tilini bilish shart emas. Ingliz tili bilan ham pul topsa bo‘ladi.
Foto: Instagram / @Aishaliieva
Shvetsiyada o‘rtacha oylik – 2,5-3 ming dollar
Shvetsiyada o‘rtacha oylik dollarga hisoblaganda 2,5-3 ming dollar atrofida bo‘ladi. Lekin bu yerda ham boshqa joylarga o‘xshab, kasblarning minimum beriladigan summasi bor. Masalan, qurilishda minimal qonun bo‘yicha belgilagan narxi soatiga 140 kron (14 yevro), mehmonxona tozalovchilarining soati esa 100 krondan (10 yevro) boshlanadi. Albatta, bu soliqni hisoblamaganda.
Shvetsiyadan o‘rnak oladigan joylarimiz ko‘p
Ochig‘ini aytganda, nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa davlatlarning ham Shvetsiyadan o‘zlashtiradigan jihatlari juda ko‘p. Aynan uch kategoriya bo‘yicha izohlab bermoqchiman:
Birinchidan, tibbiyot hamma uchun tekin. Masalan, turli xil og‘ir kasalliklar, 3 yoshdan 21 yoshgacha stomatologlar xizmati va umuman barcha xizmatlar tekin. O‘zbekistonda ham tibbiy xizmatlardan foydalanish tekin deyishingiz mumkin, lekin tekin joyiga hech kim bormasligini yaxshi bilamiz. Bu yerda esa tekinligi bilan birga sifati ham a’lo darajada.
Ikkinchidan, maktablar, universitetlar bepul va 65 yoshgacha o‘qish mumkin. O‘qishdan beriladigan ovqatlar ham tekin. Aniq faktlar misolida aytadigan bo‘lsam, maktablar har bir o‘quvchi uchun oyiga ming yevro sarflaydi. Hozir Fölkhögskolakollejida o‘qiyman. O‘qishim har oy 1 100 dollar stipendiya beradi.
Uchinchidan, fuqarolarni ijtimoiy himoyasi ham yuqori daraja. Försäkringskassa degan bir tashkilot bor. Agar birorta inson kasal bo‘lib qolsa yoki qo‘li sinib bir oy ishlolmay qolsa, ikki hafta ishxonasi qolgan ikki hafta Försäkringskassa pul bilan ta’minlaydi. Yoki nimadir bo‘lib ishini yo‘qotsa, yana o‘sha tashkilot yordam beradi.
Yana bir tarafi homilador ayollarga homiladorlik ta’tili puli va bolalarni nogironlik, 18 yoshgacha bo‘lgan yordam pullari ham Försäkringskassa’dan olinadi.
Foto: Instagram / @Aishaliieva
Shvetsiyada millat, din ajratilmaydi
Mamlakatda har bir din vakillariga yaxshi munosabatda bo‘lishadi. Musulmon, ateist, buddist deb hech qachon ajratilmaydi. Umuman dinning ahamiyati yo‘q. Eng muhimi, birovga zarar yetkazmasa bo‘lgani.
Shvetsiyadagi o‘zbeklar
Shvetsiyada o‘zbeklar juda ko‘p. Qirg‘iziston, Qozog‘istondan kelgan o‘zbeklarni ham ko‘p uchratish mumkin. Adashmasam, Shvetsiyada 20 mingga yaqin o‘zbek yashasa kerak. Chunki avtobus, metro va jamoat joylarida o‘zbekcha muloqotlar ko‘p quloqqa chalinadi.
Bobur Umurzakov:
O‘zbeklar orasida munosabat yaxshi emas
Ochig‘ini aytganda, o‘zbeklar, guruh-guruh bo‘lib yurganlarni aytmaganda, bir-birlari bilan yaxshi muomala qilmaydi. Ko‘cha-ko‘yda o‘zbekcha so‘zlar quloqqa chalinsa ham borib, hech kim tanishmaydi. Boshqa millatlarga qaraganda o‘zbeklar orasida munosabat unchalik yaxshi emas deb o‘ylayman. Sababi, ozarbayjon, chechen, armanlarni ko‘raman, yurtdoshlari bilan judayam ahil, oqibatli…
Foto: Instagram / @Aishaliieva
Misol uchun, bir ozarbayjonlik tanishim bor edi. Bir kuni vatanidan yosh oilani ko‘chib kelganini qayerdandir eshitib qolib, ularni telefon raqamini topib, uyiga borgan. Hol-ahvol so‘rab, ehtiyoji bo‘lgan televizor va divan olib borib bergan. Aslida bir-birlarini umuman tanimaydi, lekin bir joydan bo‘lgani uchun shunchalik mehribonlik qilgan. Afsuski, bizda unday emas.
Agar o‘zbek ko‘chada qolib ketsa…
Ilohim, bu hech kimning boshiga tushmasin, lekin agar biror yurtdoshimiz bu yerda ko‘chada qolib ketsa, albatta yordam beramiz. U xoh o‘zbek bo‘lsin, xoh boshqa millat insoniylik yuzasidan ham ko‘mak beriladi.
Ishonch bilan aytamanki, Shvetsiya hukumati hech kimni ko‘chada qoldirib qo‘ymaydi. Ularni yangi kelganlar uchun ajratilgan uyga joylashtiradi, uch mahal ovqat bilan ta’minlaydi. Kiyimi bo‘lmasa, olishi uchun pul beriladi.
Xullas, Shvetsiyaga kelgan odam ko‘chada qolib ketmasligiga kafolat bor.
Foto: Instagram / @Aishaliieva
Aisha Aliyeva:
Shvetsiyadagi hayotimiz
Shvetsiyada davlat kvartirasida ijarada turamiz. Bu kabi uylarni olish uchun odamlar yillab navbatda turadi. Bu davlatning uyi to‘g‘ri, lekin agar siz shovqin qilib, qo‘shnilarning tinchini buzmasangiz, uyni sizdan hech kim olib qo‘yolmaydi. Haydab chiqarib yuborolmaydi.
Hayotimdan mamnunman
Alhamdulillah, bu yerda hayotim o‘zim xohlagandek. Ota-onam yonimda, turmush o‘rtog‘im meni hamisha qo‘llab-quvvatlaydi. Bolalarim bog‘chaga boradi. Shu davlat yaratib bergan barcha sharoitdan judayam mamnunman. O‘zimni bu yerda juda erkin his qilaman.
Hozirda Fölkhögskola kollejining 3-bosqichida tahsil olaman. O‘qish va bolalar tarbiyasidan ortib, YouTube’da vlogerlik qilaman. Shvetsiyada yashash, mamlakatdagi o‘zbeklarning hayoti,turmush tarzi haqida turli xil vloglar olib, kanalimga joylab boraman.
Foto: Instagram / @Aishaliieva
Kelajakdagi niyatlarim judayam ko‘p. O‘zim orzu qilgan kasbga o‘qishni, Qur’oni karimni yodlashni hamda hamma onalar kabi farzandlarimga chiroyli tarbiya berib, ularning yaxshi inson bo‘lishlarini istayman.
Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi