USM Holdings kompaniyasining eng yirik aksiyadori Alisher Usmonov koronavirusga qarshi kurashish uchun Italiyaning Sardiniya oroli hokimiyatiga 500 000 yevro o‘tkazdi, deya xabar bermoqda “RBK”  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “TASS”

Ma’lum qilinishicha, Usmonov tomonidan taqdim etilgan pul allaqachon viloyat g‘aznasiga kelib tushgan. Shu bilan birga, nashr hozirgi xayriya puli ikkinchisi ekanligini yozgan. Usmonov birinchi marta pandemiya boshlanganida koronavirusga qarshi kurashish uchun Sardiniya hokimiyatiga pul ajratgan.

O‘z navbatida, Tiscali nashri Usmonov tomonidan Sardiniya ma’muriyati rahbari Kristian Solinasga yuborilgan xat matnini nashr etdi.

“Sizdan va butun Sardiniya xalqidan 30 yil davomida ushbu go‘zal orolda meni iliq kutib olishgani uchun minnatdorman. Bu Sardiniyada kasallikka chalingan va unga qarshi kurashayotganlar uchun qila oladigan eng kichik hissam. Sardiniya hukumatiga ushbu ezgu ishda yordam berish uchun butun qalbim bilan yana 500 ming yevro taqdim etaman”, – deyiladi maktubda.

Ma’lumot uchun, 2018-yilda Alisher Usmonov Arsakena Sardiniya kommunasining faxriy fuqarosi bo‘ldi. O‘sha yili Forbes’ga bergan intervyusida u orolda uzoq vaqt yashaganligini aytdi.

“Men hali ham Italiya bilan o‘zgacha munosabatdaman. Deyarli butun yozni Sardiniyada o‘tkazaman”, – deydi Usmonov.

Aprel oyida USM Holdings o‘z aksiyadorlari Rossiyaga yangi koronavirus infeksiyasini olib kirish va tarqalishining oldini olish uchun shtab-kvartiraning ehtiyojlari uchun 2 milliard rubl ajratishini e’lon qildi. Iyul oyida esa Usmonov O‘zbekistonga COVID-19’ga qarshi kurashda yordam sifatida qariyb 10 million dollar ajratdi.

Italiya Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, Sardiniyada COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan beri 8,8 mingdan ortiq kasallikka chalinish holatlari aniqlangan. Shu jumladan, oxirgi kun ichida 282 kishida koronavirus aniqlangan. Bemorlarning 207 nafari vafot etgan. Xuddi shu vaqt ichida butun Italiyada 616 mingdan ortiq odamda kasallik aniqlangan. Ulardan 38 mingdan ortig‘i vafot etgan.

От qwert.uz