Ijtimoiy tarmoqlarda 29-oktabr kuni o‘zini ateist deb tanishtirib, Qur’on kitobining varaqlarini yirtib, uni oyoqlari bilan bosgan holda unga nisbatan hurmatsizlik qilgan erkakning videosi tarqaldi hamda keskin bahs-munozara va noroziliklarga sabab bo‘ldi. Ichki ishlar vazirligi mazkur videodagi holat bo‘yicha ma’lumot berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, huquq-tartibot idoralari tomonidan olib borilgan surishtiruvlar davomida mazkur shaxs Mingbuloq tumanidan bo‘lgan Sherzod Turdiyev emasligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tekshiruv harakatlari natijasida ushbu videotasvirni suratga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan shaxs aniqlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlariga jalb qilindi.

Tekshiruv natijasiga ko‘ra, mazkur shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov natijasiga ko‘ra, qo‘shimcha ma’lumot berib boriladi.

“Shu o‘rinda fuqarolarimizdan yurtimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik kabi azaliy an’analarimizga kundalik hayotimizda amal qilishlarini hamda muqaddas dinimizni oyoqosti qilib, aholi orasida ixtiloflar keltirib chiqarishga bo‘lgan urinishlar uchun qonunda javobgarlik belgilanganligini eslatib o‘tamiz”, — deyiladi IIV axborot xizmati xabarida.

Avvalroq Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda radikal, diniy ekstremistik va islom diniga yot g‘oyalarni tarqatmaslikka chaqirgandi va bunday ma’lumotlarni tarqatish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishidan ogohlantirgandi.

От qwert.uz