Donald Tramp — unutilmas AQSh prezidenti, deb yozadi Meduza. Nashr bunga shubha qoldirmaydigan 30 ta fotosurat bilan bo‘lishdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: LETA

Donald Tramp AQShning 45-prezidenti. 2016-yil 9-noyabr kuni u saylovlardagi g‘alabasidan keyin o‘z tarafdorlari bilan uchrashdi. Ko‘pchilik prognozlarga qaramay, Tramp poyganing  aniq-ravshan favoriti bo‘lgan demokratlardan nomzod Hillari Klintondan ustun keldi.

Foto: LETA

2017-yil 20-yanvar kuni Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishdi. Vashingtondagi inauguratsiya marosimida u “Amerika siyosatida yangi davr” boshlanganini ma’lum qildi. O‘z nutqini Tramp shunday tugatdi: “Biz Amerikani yana kuchli qilamiz, Amerikani yana boy qilamiz, yana Amerika bilan faxrlanamiz, Amerikani yana xavfsiz qilamiz. So‘ng o‘z saylov kampaniyasining bosh shiorini aytdi: “Biz Amerikani yana buyuk qilamiz”.

Foto: Getty Images

Donald Tramp 2017-yil 28-yanvar kuni, AQSh prezidenti lavozimiga kirishganidan keyin bir haftacha o‘tib, Oq uyning Oval kabinetida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu paytda Trampning yonida Oq uy apparati rahbari Rayns Pribus, vitse-prezident Maykl Pens, prezident maslahatchisi Stiv Bennon, Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser hamda prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Flinn o‘tirar edi. Tramp prezidentlik muddatining aksariyat qismi mobaynida 2016-yilgi saylovlarda g‘olib chiqish uchun Rossiya bilan til biriktirganlikda ayblandi. Maxsus prokuror Robert Myuller rahbarligidagi rasmiy tekshiruv yakunlariga ko‘ra bunday til biriktiruv dalillari topilmagan. Ayni vaqtda Myullerning komissiyasi Rossiyaning Amerikadagi saylovlarga aralashib, uning natijasiga ta’sir qilishga uringanini aniqladi.

Foto: LETA

2017-yil martida, prezident lavozimiga kirishganidan keyin ko‘p o‘tmay, Donald Tramp Vashingtonda Amerika yuk tashuvlar assotsiatsiyasi a’zolari bilan uchrashdi. Bu yiliga 725 milliard dollarga baholanuvchi va AQShga mahsulotlar yetkazib berilishining 70 foizini ta’minlaydigan sanoatdir. Uchrashuvda tibbiy sug‘urta masalalari muhokama qilindi. U boshlanishidan avval Tramp Oq uy maysazorida yuk mashinasi kabinasiga o‘tirib, rulni bir necha marta aylantirdi va signal berib ko‘rdi.

Foto: LETA

2017-yil 1-iyunida Donald Tramp AQShning iqlim bo‘yicha Parij bitimidan chiqishini e’lon qildi, bu global isishga qarshi qaratilgan va issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirishni nazarda tutuvchi hujjatdir. Tramp bu shartnoma Amerika iqtisodiyotiga haddan tashqari ko‘p zarar yetkazayotganini ma’lum qildi. 2012-yilda, prezident etib saylanishidan to‘rt yil avval, Tramp global isish konsepsiyasini AQShning sanoat salohiyatiga putur yetkazmoqchi bo‘layotgan xitoyliklarning uydirmasi deb atagan edi. Prezident bo‘lgach Tramp iqlim o‘zgarishlarini tan ola boshladi, ammo ular inson faoliyati natijasi ekanligiga shubha bildirdi.

Foto: LETA

2017-yil 7-iyul kuni Donald Tramp Gamburgdagi G20 sammiti doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu ikki prezidentning birinchi marta yuzma-yuz uchrashishi edi. Tramp va Putin Suriya va Ukrainadagi nizolarni, shuningdek, Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashganligi ehtimoli masalasini muhokama qildi. Uchrashuvda qabul qilingan muhim qarorlarning hech biri haqida jamoatchilikka e’lon qilinmadi.

Foto: LETA

2017-yil iyulida Donald Tramp AQShning Birinchi jahon urushiga qo‘shilganiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan harbiy paradda qatnashish uchun Fransiyaga keldi. U rafiqasi Melaniya bilan Yelisey maydonida Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning qo‘lini qattiq qisgan holda suratga tushdi. Tramp o‘zi uchrashadigan odamlar bilan o‘ziga xos tarzda salomlashish odati bilan ajralib turadi. Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bilan muzokaralarda u hamsuhbati uchun kutilmagan tarzda uning qo‘lini keskin ravishda o‘ziga tortgandi. 2017-yil mayida Bryusseldagi uchrashuvda Tramp va Makron shunchalik qattiq qo‘l qisishdiki, barmoqlarining bo‘g‘in suyaklari oqarib ketdi.

Foto: LETA

2017-yil 21-avgust kuni Donald Tramp quyosh tutilishini kuzatdi. Bu paytda u rafiqasi Melaniya va o‘g‘li Berron bilan Oq uy balkonida edi. Dastlab Tramp Quyoshga shunchaki ko‘zlarini qisib qaramoqchi bo‘ldi, ammo keyin uni maxsus himoya ko‘zoynagini taqishga ko‘ndirishdi.

Foto: LETA

2017-yil oktabri boshida Donald Tramp “Mariya” vayronkor dovulidan jabr ko‘rgan aholini qo‘llab-quvvatlash uchun Puerto-Rikoga keldi. U yig‘ilganlarga “Mariya” oqibatlari 2005-yilda “Katrina” dovuli yetkazgan zararga teng kelmasligini aytdi. Keyin esa olomonga qarata qog‘oz sochiqlar o‘ramlarini ota boshladi.

Foto: LETA

2017-yil noyabrida Donald Tramp Manilada Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) sammitida qatnashdi. Rasmiy surat uchun ishtirokchilardan chap va o‘ng tomondagi qo‘shnilarining qo‘llarini siqib qo‘yishni so‘rashdi. Mana, surat qanday chiqdi (bu fotosuratda ikkita bosh qahramon bor — Tramp va o‘sha vaqtda Rossiya bosh vaziri bo‘lgan Dmitriy Medvedev).

Foto: LETA

Donald Tramp va Germaniya kansleri Angela Merkel 2018-yil 9-iyunda Kvebekdagi G7 sammitida qolgan mamlakatlar rahbarlari qurshovida. Bu fotosurat juda ommalashib ketdi va memga aylandi.

Foto: LETA

2018-yil iyulida Buyuk Britaniyaga tashrifi chog‘ida Donald Tramp qirolicha Yelizaveta II bilan uchrashdi. U Trampni Vindzor qasrida qabul qildi. Qirollik gvardiyasining faxriy qorovuli ishtirokidagi marosimdan keyin Tramp va Yelizaveta choyxo‘rlikka ketdi. Tashrifi nihoyasiga yetgach Tramp Britaniya qirolichasini “aqlbovar qilmas inson” deb atadi.

Foto: LETA

2018-yil 12-iyul kuni Donald Tramp to‘rt kunlik tashrif bilan Buyuk Britaniyaga keldi. Birinchi kuni u Britaniya bosh vaziri Tereza Meyga Oksford yaqinidagi Blenxeym saroyida biznesmenlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan ziyofatda hamrohlik qildi. Tashrif oldidan Tramp The Sun gazetasiga intervyu berib (uni 13-iyul kuni e’lon qilishdi), Tereza Meyning Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqishi bo‘yicha rejalarini tanqid qilgan va Boris Jonson Buyuk Britaniyaga “ajoyib bosh vazir” bo‘lgan bo‘lardi, degan fikr bildirgan edi. Bir yil o‘tgach, Tereza Meyning iste’fosidan keyin, Jonson haqiqatan ham Britaniya hukumatiga rahbar bo‘ldi.

Foto: LETA

2018-yil oktabrda Donald Tramp Oq uyda Kanye Uestni qabul qildi, u bir necha marta umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan ganster Larri Guverni afv etishini so‘rash uchun prezident qabuliga kelgan edi. Ushbu uchrashuv haqida batafsil o‘qimoqchi bo‘lsangiz, marhamat.

Foto: LETA

2018-yil 7-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Donald Tramp CNN jurnalisti Jim Akosta bilan janjallashib qoldi, u prezidentdan hadeb Markaziy Amerikadan keladigan muhojirlar xavfini nima uchun oshirib ko‘rsatayotganini so‘rayvergandi. Matbuot anjumanidan keyin Akosta undan mikrofonni tortib olmoqchi bo‘lgan Oq uy xodimasini turtib yuborgani uchun akkreditatsiyadan mahrum qilindi.

Foto: LETA

2019-yil 5-fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp “Mamlakat holati to‘g‘risida”gi murojaat bilan chiqish qildi. Ushbu fotosuratda u bilan vitse-prezident Maykl Pens va Vakillar palatasi spikeri, demokrat Nensi Pelosi turibdi.

Foto: LETA

2019-yil martida Donald Tramp Oq uyda Shimoliy Dakotaning chempion maqomini qo‘lga kiritgan talabalar futbol jamoasini qabul qildi. Mehmonlarga “Makdonalds” gamburgerlari va boshqa turdagi fastfudlar tortildi. Bundan bir necha oy avval ham Tramp boshqa bir talabalar jamoasini deyarli xuddi shu tarzda kutib olgan edi.

Foto: LETA

2019-yil martida Donald Tramp Isroilning Golan tepaliklari ustidan suverenitetini tan olish haqidagi deklaratsiyani imzoladi, bu Suriya bilan chegaradagi bahsli hudud bo‘lib, uni Isroil 1967-yildagi Olti kunlik urush chog‘ida egallab olgan edi. Tegishli hujjatni AQSh prezidenti Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuvda imzoladi. Bundan avvalroq esa Tramp Quddusni Isroil poytaxti deb rasman tan olgan va Amerika elchixonasini Tel-Avivdan u yerga ko‘chirgan edi.

Foto: LETA

2019-yil 30-iyun kuni Donald Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan KXDR va Janubiy Koreya chegarasidagi qurolsizlantirilgan hududda uchrashdi. Uchrashuv ishtirokchilari demarkatsiya chizig‘ining ikki tomonida turib, bir-birlari bilan qo‘l berib ko‘rishdi, shundan so‘ng Tramp Kim Chen Inning taklifi bilan uni kesib o‘tdi. Amerika prezidentlaridan hech biri shu paytgacha Shimoliy Koreya hududiga qadam bosmagan edi.

Foto: LETA

2019-yil 25-sentabr kuni Donald Tramp birinchi marta Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi, bu Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasi chog‘ida bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuvdan sal avvalroq ular 2019-yil iyulida telefon orqali muloqot qilgani va Tramp Zelenskiydan 2020-yilgi prezident saylovlarida Trampga raqib bo‘ladigan Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Baydenga qarshi aksilkorrupsiyaviy tekshiruvni qayta boshlashni so‘ragani ma’lum bo‘lgandi. Xanter Bayden Ukrainaning Burisma gaz qazib chiqarish kompaniyasiga ishlar edi. Trampning iltimosi Zelenskiyga bosim o‘tkazish va siyosiy raqibining obro‘sini to‘kish maqsadida hokimiyatni suiiste’mol qilishga urinish deb baholandi.

Foto: LETA

2019-yil noyabrida Donald Tramp ehtiyotsizlik qilib, jurnalistlar bilan uchrashuvdan oldin o‘z bloknotiga yozilgan qaydlarni suratga tushirishlariga yo‘l qo‘yib berdi. Unda shunday gaplar yozilgan edi: “Men hech narsa istamayman. Men hech narsa istamayman. Hech qanaqa quid pro quo kerak emas. Zelenskiyga to‘g‘ri ish tutish kerakligini aytinglar. Bu AQSh prezidentining so‘nggi so‘zi”. “Quid pro quo” — bu “sizdan ugina, bizdan bugina” demakdir. Ikki oy avval Amerika matbuotida Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiydan Jo Baydenning Ukrainaning Burisma gaz qazib chiqarish kompaniyasi direktorlar kengashiga kiruvchi o‘g‘li Xanterga qarshi aksilkorrupsiyaviy tekshiruvni qayta boshlashni talab qilgani haqidagi maqolalar chiqqan edi. Tramp go‘yoki Amerikaning Ukrainaga yordam berishi shu tekshiruvga bog‘liq ekanligini aytgan.

Foto: LETA

Donald Trampning soch turmagi u e’tibor bilan qaraydigan tashqi qiyofasining ajralmas qismidir. 2019-yil dekabrida “Endryus” harbiy-havo bazasida olingan mana bu suratda ko‘rinib turganidek, ba’zan prezidentga shamol xalal beradi. Jamoat qarshisida so‘zlagan nutqlaridan birida Tramp kalligini bor kuchi bilan yashirishga harakat qilishini hazilomuz aytgan edi. U, shuningdek, yasama soch taqishi haqidagi mish-mishlarni rad etdi.

Foto: Getty Images

Yaxshi ko‘rinishga intilib, Donald Tramp faqat soch turmagiga e’tibor berish bilan cheklanib qolmaydi. Ko‘plab fotosuratlarda, masalan, 2020-yil 7-fevralda Oq uy maysazorida olingan mana bu suratda ham, AQSh prezidenti avtozagar yoki tonal kremdan foydalanishi ko‘rinib turibdi. Ko‘p hollarda bunga zo‘r berish oqibatida Tramp to‘g‘ri ma’noda apelsin tusiga kirib qoladi.

Foto: Getty Images

2020-yil fevralida Donald Tramp Oq uyda o‘zining bir guruh afro-amerikalik tarafdorlari bilan uchrashib, ular bilan birga ibodat qildi. Irqchilikda tez-tez ayblanib turadigan Tramp uchrashuvda o‘zining ma’muriyati sharofati bilan afro-amerikaliklarga berilgan yangi iqtisodiy imkoniyatlar haqida gapirib berdi. Bundan sal avvalroq Tramp Twitter’da afro-amerikaliklar haqida AQShning boshqa har qanday prezidentidan ko‘proq qayg‘urgani haqida yozgan edi.

Foto: Getty Images

2020-yil 28-may kuni Donald Tramp kommunikatsiyalar sohasidagi tartib-intizom to‘g‘risidagi qonun moddalaridan biriga qarshi qaratilgan, ijtimoiy tarmoqlarni tartibga solish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Ushbu modda internet-kompaniyalarni foydalanuvchilar kontentini moderatsiya qilganlik uchun javobgarlikdan ozod etadi. Farmon Trampning Twitter bilan nizosidan keyin chiqarilgandi: Twitter prezidentning saylovlarda pochta orqali ovoz berish haqidagi ikkita tvitiga ishonchsiz ma’lumot belgisini qo‘ygandi. Tramp Twitter’ni siyosiy taraf ajratishda va so‘z erkinligiga to‘sqinlik qilishda aybladi.

Foto: LETA

2020-yil 1-iyun kuni olingan ushbu suratda Donald Tramp Vashingtondagi Oq uy yonidagi Lafayyet maydonida joylashgan avliyo Ioann yepiskop cherkovi yaqinida qo‘lida Injil bilan turibdi. Politsiyachilar afro-amerikalik Jorj Floydni o‘ldirganidan keyin butun Amerika bo‘ylab boshlanib ketgan ommaviy norozilik aksiyalari Lafayyet maydonida ham bo‘lib o‘tgan edi. Tramp ushbu namoyishlarni tarqatish uchun kuch ishlatishni ochiqchasiga ma’qulladi.

Foto: LETA

2020-yil iyunida Donald Tramp o‘zi noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurash uchun qurishga va’da bergan, Meksika bilan chegaradagi devorni ko‘zdan kechirdi. Prezidentlik davrida Tramp ushbu va’dasini qisman bajara oldi, xolos. Devor qurish katta xarajatlarni talab qilar edi, ularni esa Kongress ma’qullamadi. 2018-yilda ushbu masala bo‘yicha ziddiyat tufayli Tramp AQSh budjetini vaqtida imzolashdan bosh tortdi, bu esa hukumat ishi qisman to‘xtab qolishiga olib keldi.

Foto: LETA

2020-yil iyulida Donald Tramp Janubiy Dakotadagi AQSh prezidentlari Jorj Vashington, Tomas Jefferson, Teodor Ruzvelt va Avraam Linkolnga bag‘ishlangan yodgorlik joylashgan Rashmor tog‘ida bo‘ldi. The New York Times gazetasi va CNN telekanali Tramp 2019-yilda o‘z yordamchilari orqali ushbu yodgorlikka o‘zining ham portreti tushirilishiga erishishga harakat qilganini ma’lum qildi. Prezident esa buni yolg‘on xabar deb atadi.

Foto: LETA

2020-yil oktabri boshida, prezident saylovlariga bir oy qolganida, Donald Tramp koronavirusga chalinib qoldi. U bir necha kun gospitalda yotdi, shundan so‘ng Oq uyga qaytib keldi. COVID-19’ga chalinish va shu sababli vafot etish holatlari soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab turgan AQShdagi koronavirus epidemiyasi uchun javobgarlikning katta qismini Trampning bo‘yniga qo‘yishmoqda. Epidemiya boshida prezident kasallikning xavf darajasini pasaytirib ko‘rsatgan edi.

Foto: LETA

2020-yil 18-oktabr kuni saylovoldi kampaniyasi doirasida Donald Tramp Nevada shtati Karson-Siti shahrida o‘z tarafdorlari bilan uchrashdi (va ular bilan raqsga tushdi). Nevada saylovlar chog‘ida byulletenlarni hisoblash jarayoni juda cho‘zilib ketgan bir nechta shtatlardan biri bo‘ldi — Tramp va uning raqibi Jo Bayden u yerda deyarli bir xil miqdorda ovoz to‘pladi.

От qwert.uz