Rossiyalik taniqli reper va bastakor Alisher Valiyev (taxallusi Morgenshtern) 18-oktabr kuni Instagram’da Mercedes-Benz E200 mashinasi uchun tanlov o‘tkazgani va unda Buxoroda yashovchi @aza_1002 akkaunti egasi Azim Abdullayev g‘alaba qozongani haqida xabar berilgandi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Avtokod”

Morgenshtern o‘shanda g‘olib bilan bog‘langan va avtomobilni shaxsan o‘zi O‘zbekistonga olib kelishini ma’lum qilgan. Keyinroq musiqachi O‘zbekistonda xorijda ishlab chiqarilgan mashina uchun belgilangan bojxona to‘lovlari miqdoridan xabar topgach o‘z stories’ida videoxabar qoldirgan.

“O‘zbekistonda mashina uchun bojxona to‘lovi qancha ekanini bilasizmi? Uning narxi mashina narxiga teng ekan”, — degan Morgenshtern. Reper chegaralar yopiqligi va mashinani mamlakatga olib kirish qimmatligi sababli uni yetkazib berishda hukumatdan yordam so‘ragan.

Musiqachi bloger Yuriy Dudga bergan intervyusida Mercedes-Benz’ni tanlov g‘olibiga yetkazib berish uchun yana 2 million rubl to‘lashi kerakligini aytgan.

Mercedes-Benz’ning yana bir xalqona nomi “Merin”, qo‘shiqchi o‘z kompozitsiyalaridan birini ushbu mashinaga bag‘ishlagan (unda haqoratli so‘zlardan ko‘p foydalanilgan), qo‘shiq Youtube’da 85 million martadan ko‘proq ko‘rilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Morgenshtern mashina uchun 4 million rubl (taxminan 51 ming AQSh dollari) sarflagan.

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi “Kun.uz” nashriga jismoniy shaxslar O‘zbekistonga avtomobil olib kirganda olinadigan bojxona to‘lovi haqida ma’lumot taqdim etdi.

“Murojaatingizda ko‘rsatib o‘tilgan avtotransport vositasi TIF TNga muvofiq 8703 23 198 1 kodi bilan tasniflangan taqdirda, amaldagi qonun hujjatlariga asosan bojxona qiymatidan 30 foiz hamda dvigatel hajmining har bir kub santimetri uchun 2,5 AQSh dollari miqdorda import boji, 15 foiz miqdorda QQS, bojxona qiymatidan 0,2 foiz bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im, BHMning 120 baravari miqdorida utilizatsiya yig‘imi stavkalari qo‘llaniladi”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Davlat bojxona qo‘mitasining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, bojxona qiymati 538 713 760 so‘mlik summa asosida bojxona to‘lovlari hisoblanganda undirilishi mumkin bo‘lgan miqdor 353 801 986,83 so‘mni tashkil etdi.

Qayd etilishicha, agar tovarning kelib chiqishiga doir ma’lumotlarda nomuvofiqlik tasdiqlansa, bojxona bojining stavkasi ikki baravar orttirilgan holda hisoblanadi. Bunda dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bojxona to‘lovlarining miqdori 598 959 482,13 so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, 24-oktabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Rasul Kusherbayev, Doniyor G‘aniyev hamda Bekmirza Eshmurzayev Moliya vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasiga import mashinalar boj to‘loviga oid deputatlik so‘rovi yuborgan. Mazkur so‘rovga Davlat bojxona qo‘mitasi maxfiy javob qaytargan.

Avvalroq Chevrolet Equinox O‘zbekistonda qariyb 34 ming dollardan sotilayotgani, UzAuto Motors esa uni AQSh kompaniyasidan 22,8 ming dollarga sotib olayotgani haqida xabar berilgandi.

От qwert.uz