1520-yil 8–10-noyabr kunlari Stokgolmda Daniya qiroli Kristian II buyrug‘iga binoan ommaviy qatl amalga oshirildi va bu tarixga “Stokgolm qatliomi” nomi bilan kirdi. Ushbu voqea Shvetsiya tarixidagi eng fojiali sahifalardan biri hisoblanadi. O‘shanda soxta ayblovlar bilan bid’atchilikda gumon qilingan Stokgolmning yuzga yaqin eng nufuzli va taniqli fuqarolari cherkov sudining qaroriga ko‘ra qatl etilgandi. “Daryo” Stokgolm qatliomining qonli tarixi haqida hikoya qiladi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Google Photos

Din va hokimiyat o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvi

Barchasi nufuzli arxiyepiskop Gustav Trolle va shved regenti Kichik Sten Sture manfaatlari to‘qnashuvidan boshlandi. Regent arxiyepiskopni Steket shahridagi mulklari va qal’asidan mahrum qilmoqchi edi. Haqiqiy ichki urush boshlandi, Sture Trollening otasini hibsga oldi va arxiyepiskopning o‘zi Steketga yashiringanida qal’a qo‘shinlar tomonidan qamal qilindi. Arxiyepiskop uni qamal qiluvchilarni duoyibad qilib, cherkovdan chetlashtirdi, Daniya qiroli esa o‘z qo‘shinlarini unga yordamga jo‘natdi. Biroq Sten Sture Daniya qo‘shinlarini Stokgolmdan uloqtirib yubordi.

Buyuk Skandinaviya ittifoqida kim kuchli? 

Bu urush Shvetsiyadagi Daniya tarafdorlari va uning muxoliflari o‘rtasidagi urush edi. Shuni ta’kidlash kerakki, 1389-yilda Kalmar qal’asida Daniya, Shvetsiya va Norvegiya o‘rtasida ittifoq tuzish to‘g‘risida bitim imzolanganidan beri ikki qirollik o‘rtasida ma’lum bir adovat mavjud edi. Ushbu shartnomaga ko‘ra, uchta podshohlik bitta monarxga ega bo‘lishi, hokimiyat to‘g‘ridan to‘g‘ri erkak avlodlarga o‘tishi, mabodo qirol befarzand bo‘lsa, uchala davlat vakillari yangi monarxni saylashlari kerak edi.

Qirolliklar harbiy ittifoq tuzdi va urush yoki qo‘zg‘olonlarda bir-birlariga yordam berishga va’da berdi. Cherkovning imtiyozlari ham muhokama qilindi. Shu bilan birga, qirolliklarning ichki avtonomiyasi va ularning ichki qonunlari saqlanib qoldi. Ittifoqning ichida esa Daniya va Shvetsiya o‘rtasida ustunlik uchun kurash olib borildi (Norvegiya iqtisodiy jihatdan Daniyaga qaram edi). Cherkov esa bu bahsda Daniya tojining tarafini oldi va Sture cherkovni o‘z nazorati ostiga olishga intildi, shuning uchun u diniy feodallar kuchining asosi bo‘lmish yer egaligiga qarshi zarba berdi.

Urush davom etadi

Daniyaliklar mag‘lub bo‘lganidan so‘ng Stokgolmda riksdag yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda arxiyepiskop Trolle ham ishtirok etdi. Aslida, bu uchrashuv Trolle ustidan sud jarayoni edi. Riksdag qaroriga binoan Gustav Trolle Shvetsiyada arxiyepiskop  unvonidan mahrum qilindi, Steketni esa “buyuk yovuzlik” sifatida vatan xoinlari va daniyaliklarga mustahkam qal’a bo‘lmasligi uchun butunlay yo‘q qilish taklif qilindi.

Qal’a qurshovi davom etdi. Steket oxir-oqibat zabt etildi va yo‘q qilindi. Arxiyepiskop kaltaklanib, qamoqqa tashlandi. Uni qo‘llab-quvvatlovchi ko‘plab insonlarning boshlari kesildi. Cherkov mulki bekor qilindi. Daniya qiroli Kristian II 1518-yilda ikkinchi marta ittifoqni tiklashga urindi, ammo yana mag‘lubiyatga uchradi. Daniyaliklar va shvedlar o‘rtasida sulh to‘g‘risidagi muzokaralar boshlandi. Biroq Daniya qiroli ularni buzdi – oltita shved zodagon muzokarachisini garovga oldi va Daniyaga olib ketdi. Urush ham xuddi shu shafqatsizlik bilan davom ettirildi.

Foto: Google Photos

Masalaga Rim Papasi aralashdi

Qirol Kristian II Shvetsiyaga qarshi yurish uchun yana-yangi qo‘shin to‘pladi. Uni shaxsan Rim Papasi qo‘llab-quvvatladi va arxiyepiskop Gustav Trollega qarshi qilgan ishlari uchun Shvetsiyani cherkovdan chiqarib yuborish to‘g‘risidagi farmonni e’lon qildi. Daniya monarxiga papa farmonini bajarish ishonib topshirildi. Bundan tashqari, daniyaliklarning harakatlarini Fuggerlarning qudratli savdo uyi ham qo‘llab-quvvatladi: ular Yevropada mis ishlab chiqarish va sotishning deyarli barcha tarmoqlarini egallab oldi va Shvetsiyada ham mis qazib oladigan konlari mavjud edi. O‘z mulklarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu korchalonlar shunday yo‘l tutishni joiz deb topdi.

Revansh

Germaniya, Fransiya va Shotlandiyadan yollanma askarlar tomonidan mustahkamlangan daniyaliklarning katta qo‘shini 1520-yilda Xallandi viloyatining janubi-g‘arbiy chegarasini kesib o‘tib, Vestergyotlandga bostirib kirdi. Osund ko‘lida bosqinchilarni qirol askarlari, zodagonlar va ko‘ngilli dehqonlardan iborat Sten Sture armiyasi kutib oldi. Ko‘ldagi muz uzra dahshatli jang bo‘lib o‘tdi. Ushbu jangda shved armiyasi mag‘lub bo‘ldi va shimolga chekindi. Jangning boshidayoq Sten Sture artilleriya to‘pidan qattiq jarohat olgandi. Tived o‘rmonlarida shved qo‘shinlari yana bir bor mag‘lubiyatga uchradi va bosqinchilar markaziy Shvetsiya hududida yo‘l ochdi. Sten Sture esa Tived o‘rmonidagi jangdan ikki kun o‘tib, Stokgolmga ketayotib vafot etdi.

Shvetsiya uchun vaziyat nihoyatda qaltis edi. Dehqonlar o‘z yetakchisini yo‘qotdi. Hech kim darhol Sten Sture o‘rnini bosa olmasdi. Dvoryanlar va cherkov daniyaliklar bilan murosaga kelish yo‘lini qidirdi. Daniya qo‘mondonligi ozod qilingan Gustav Trolle bilan muzokaralarga kirishdi. Shvetsiya va Daniya o‘rtasida sulh bitimi tuzildi. Shvetsiya davlat kengashi Kristianni Shvetsiya qiroli deb tan oldi. Daniya qirolining vakillari mag‘lubiyatga uchraganlarga rahm-shafqat va Shvetsiya avtonomiyasini saqlab qoladigan konstitutsiyaviy hokimiyat va’da qildi.

Erining ishini davom ettirgan ayol qo‘zg‘oloni

Bu vaqtda mamlakatda qo‘zg‘olon bo‘lib o‘tdi. Sten Sturening bevasi Kristina Yullensherna o‘z tarafdorlari bilan qarshilik harakatini uyushtirdi, yordam uchun Polsha va Dansigga murojaat qildi. Biroq qo‘zg‘olon bostirildi. Stokgolm quruqlik va dengiz kuchlari bilan o‘rab olindi va sentabr oyiga kelib taslim bo‘ldi. 4-noyabr kuni Gustav Trolle Stokgolm soborida qirol Kristianga toj kiydirdi. Shu bilan birga, umumiy afv etish to‘g‘risidagi va’dalar yana takrorlab o‘tildi.

Trollening qasosi

Arxiyepiskop va uning tarafdorlari qasos o‘tida yonardi. Ular “Sture” partiyasiga qarshi repressiyalarni xohlardi. Daniya qirolini esa yuridik me’yorlar buzilmasligini va’da qilib, o‘z tomoniga og‘dirib olishga muvaffaq bo‘ldi. Arxiyepiskop va uning tarafdorlariga qarshi qaratilgan harakatlar bid’at deb e’lon qilindi, ularning raqiblari bid’atchilar deb nomlandi va ularga qirolning afv haqidagi va’dalari amal qilmasligi aytildi.

Foto: Google Photos

7-noyabr kuni Stokgolm qal’asida qirol, davlat kengashi a’zolari va boshqa yuqori mansabdor shaxslar huzurida arxiyepiskopning shikoyati o‘qildi, unda Sten Sturening harakatlari bid’at deb topilib, bid’atchilarga nisbatan adolat qaror topishi taklif qilindi. Ertasi kuni arxiyepiskop Gustav Trolle boshchiligidagi cherkov sudida so‘roq o‘tkazildi. Sud hukmi chiqarildi, unga ko‘ra, sudlanuvchilar o‘zlarining cherkovdan chetlatilganini tan olishdan bosh tortgani va arxiyepiskopning endi hech qanday buyruqlarini bajarmaslikka  qasamyod qilgani aniqlandi. Sudlanuvchilar bid’atchi deb e’lon qilindi. 82 kishi qatl etildi. Sturening bevasi Kristianni Daniya qiroli “tirik murda” deb e’lon qildi va u qamoqqa olindi.

“Sten Sture” partiyasiga mansub barcha dunyoviy va ruhoniy qatlamlar qatl etildi. Ularning mol-mulklari qirol foydasiga musodara qilindi. Halok bo‘lganlarning jasadlari yoqib yuborildi. Ular hatto marhum Sten Sturening ham jasadini qazib olib, yoqib yuborishni buyurdi.

Xalqning umidi Gustav Erikssondan

“Stokgolm qatliomi” va undan keyingi Sten Sture tarafdorlariga qarshi tazyiqlar Daniya qiroliga buyuk Skandinaviya imperiyasini yaratish maqsadini amalga oshirishga yordam bermadi. Bu shvedlarning bosqinchilarga nisbatan umumiy nafratiga va Kristinaning qarindoshi Gustav Erikson boshchiligidagi keng ko‘lamli qo‘zg‘olonga olib keldi.

Erikson 1518-yilda Daniyaga asir sifatida olib ketildi, 1519-yilda Lyubekka qochdi va u yerdan boshpana topdi. Stokgolmdagi qirg‘in paytida uning otasi va kuyovi o‘ldirildi, onasi va singlisi Daniyaga olib ketildi. Gustav juda kuchli, yaxshi notiqlik san’atiga va ko‘rkam tashqi ko‘rinishga ega edi. U daniyalik bosqinchilaridan nafratlanardi va bu rahbarga muhtoj bo‘lgan ko‘plab odamlarni o‘ziga jalb qilardi.

Gustav Eriksonni shved zodagonlari, dehqonlar va Lyubek shahri aholisi qo‘llab-quvvatladi. Daniyaliklarning aholiga nisbatan vahshiy munosabati, o‘ta katta soliqlari va shved dehqonlarini qul qilishlari dvoryanlar, dehqonlar va konchilarni Daniya hukmronligi va katolik cherkoviga qarshi birlashishga olib keldi. Ular Gustav Erikson boshchiligida Shvetsiyani ozod qilishga yo‘l oldi… Ammo bu endi umuman boshqa hikoya…

Nurbek Alimov tayyorladi.

От qwert.uz