Marsda qachonlardir daryolar oqqan va ko‘llar mavjlangan, biroq «ho‘l» sayyoraning qachon changli dyunalar saltanatiga aylanganining aniq vaqti hanuzgacha noma’lumligicha qolmoqda.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Yangiliklar muallifi

Curiosity marshodidan olingan ma’lumotlarning yangi tahlili ushbu manzaraga aniqlik kiritishga yordam bermoqda: olimlar gematit mineralining mitti kristallari Marsning qadimgi iqlimi o‘zgarishlarida mineralogik marker bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini aniqlashdi.
Gematit — suv ishtirokida hosil bo‘ladigan va jinslarga o‘ziga xos qizg‘ish tus beradigan temir oksididir. Ma’lum bo‘lishicha, nafaqat uning mavjudligi, balki kristallarning hajmi ham muhim: u harorat, pH va suv bilan aloqa qilish davomiyligiga bog‘liq. NASA mutaxassislari Curiosity tomonidan Geyl krateri ichidagi turli balandliklarda parmalab olingan 20 ta jins namunasini o‘rganishdi. Uning qatlamli devorlari xuddi geologik arxiv kabi ishlaydi: quyi sathlar Marsning eng qadimgi tarixidan guvohlik bersa, yuqoridagilari — uning keyingi bosqichlari haqida so‘zlaydi.
Marshod CheMin (Chemistry and Mineralogy) asbobi yordamida har bir namuna kukunini rentgenostrukturaviy tahlildan o‘tkazdi. Bu nafaqat qaysi minerallar borligini aniqlash, balki gematit kristallari hajmini baholash imkonini ham berdi. Yuqori, yoshroq qatlamlarda gematit juda mayda zarralardan — 10 nanometrdan kam hajmdan iborat. Quyi, qadimgi jinslarda esa kristallitlar sezilarli darajada yirikroq, ya’ni 65 nanometrgacha yetadi.

Bundan tashqari, kraterning yuqori qismidagi namunalarda gematit bilan bir qatorda yana bir temir saqlovchi mineral — gyotit ham mavjud bo‘lgan, u odatda pastroq haroratlarda va suvning boshqacha kimyoviy tarkibida gematit bilan birga shakllanadi va birga yashaydi. Quyi qatlamlarda gyotit aniqlanmadi: u yerda faqat gematitning yirik kristallari topildi.
Olingan ma’lumotlar shundan dalolat beradiki, kraterning chuqur qatlamlarida uzoq vaqt davomida neytral yoki kuchsiz ishqoriy pH darajasiga ega iliq suv saqlanib turgan. Bunday sharoitda gyotit asta-sekin gematitga aylanadi, gematit kristallarining o‘zi esa Ostvald pishishi (sozrevaniye) deb ataladigan jarayon hisobiga kattalashadi: mayda zarralar erib, yiriklarining o‘sishini «oziqlantiradi». Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, bunday uzoq muddat mavjud bo‘lgan yerosti suvxonalari Geyl kraterida 4,7 million yilgacha saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin — bu Mars yuzasidagi iqlim sovuqroq va quruqroq bo‘lib ulgurgan davrdan keyin ham davom etgan.
Aksincha, gyotit saqlanib qolgan va gematit juda mayda donali bo‘lib qolgan yuqori qatlamlar salqinroq sharoitlarni va suvning nisbatan qisqa muddat mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi: bu joylardagi kristallarga o‘sish uchun shunchaki vaqt va issiqlik yetishmagan.

Ushbu ishning alohida qimmati shundaki, u modellashtirishga emas, balki Mars jinslarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘lchovlariga asoslangan. Curiosity o‘zining manipulyatori yordamida jins kukunini CheMin asbobiga yetkazib berdi va o‘zining rentgenoskopik uskunasi orqali kristallitlar hajmi hamda shaklini joyida baholadi, natijada maksimal darajada aniq ma’lumotlar bevosita joyning o‘zida olindi.
Natijalar shuni ko‘rsatadiki, hatto Mars yuzasida sovuq va quruq iqlim hukmronlik qilgan paytda ham, jinslarning chuqur qatlamlarida iliq yerosti suvlari uzoq vaqt davomida mavjud bo‘lishi mumkin edi. Boshqa zarur omillar mavjud bo‘lgan taqdirda, bu potensial yashash sharoitlari oynasini — agar Marsda qachonlardir mikrobial hayot paydo bo‘lgan bo‘lsa, uning qadimgi ko‘llar ostidagi himoyalangan, nam nišalarda omon qolish vaqtini uzaytirgan.
Avvalroq Mars «Psixeya» zondiga sirli asteroid sari parvoz qilish uchun tezlikni oshirishga yordam bergani haqida xabar berilgan edi.
