Amerikalik xonanda Billi Aylishning “Bad guy” nomli qo‘shig‘i You Tube’da 1 milliarddan ortiq tomosha qilindi. “RIA Novosti”ning yozishicha, bunday natija xonanda karyerasida ilk bor kuzatildi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: EDM Identity
2019-yilning mart oyida taqdim qilingan klip avvallari Ariana Grande, Maroon 5 guruhi va boshqa mashhur qo‘shiqchilar bilan birga ishlagan rejissor Deyv Mayers tomonidan suratga olingan.
Ushbu trek Billining “When we all fall asleep, where do we go?” deb nomlangan ilk albomidan o‘rin olgan.
Kompozitsiya Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Rossiya chartlarida yetakchilik qilgan. Keyinroq esa Billboard hot 100 xit-paradi reytingida birinchi o‘rinni egallagan.
Avvalroq Aylish saylovchilarni AQSh prezidentlik saylovida Jo Baydenga ovoz berishga chaqirgani va birinchi marta yangi qo‘shig‘ini jonli ijroda kuylagani haqida xabar berilgandi.