Turk kinoijodkorlari muxlislar zerikib qolmasligi uchun tinimsiz harakatda. Buni keti uzilmay taqdim qilinayotgan, bir-biridan qiziq sujetga ega seriallardan ham bilsa bo‘ladi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
“Hujumchi”
Foto: Sabah
Drama janridagi ushbu serial turkcha superqahramon haqida hikoya qiladi. Shukru O‘zyildir gavdalantirgan bosh qahramon maktab o‘qituvchisi bo‘ladi va qahramon bo‘lish xayoliga ham kelmaydi. Hayotini o‘qituvchilikka bag‘ishlashni istagan Fotih to‘g‘ri va adolatli inson ekani sabab istiqomat qiladigan shahridagi nohaqliklarga: davlat tashkilotlarining beparvoligi va politsiya xodimlarining sotilib ketganiga chiday olmaydi. Shundan keyin u shahar himoyasiga otlanadi va kunduzi ustoz sifatida dars berib tunda ko‘chalarni bosqinchilardan tozalaydi. Fotihning ushbu tanlagan pozitsiyasi shaxsiy hayotiga ham ta’sir qilmay qolmaydi, u ko‘ngildagidek qizni uchratadi. Bushra yigitni nohaqliklarga qarshi kurashishda qo‘llab-quvvatlaydi.
“Gunohni yuvish”
Foto: Sabah
Yozuvchi Zulfu Livanelining “Konstantinopol mehmonxonasi” kitobi asosida suratga olingan drama janridagi serialda Nurgul Yashilchoy ijrosidagi qahramon Zeynepning bir vaqtlar yo‘l qo‘ygan xatosi keyinchalik hayotini butkul izidan chiqarib yuboradi. U qadrdon yerini tark etishiga to‘g‘ri keladi va oradan 20 yil o‘tib gunohini yuvish uchun qaytib keladi. Bu vaqtda u kuchli, mustaqil, o‘zini himoya qila oladigan va xatolarini to‘g‘rilab, uni azob chekishga sababchi bo‘lganlarni kunini ko‘rsatadigan ayol bo‘lgan bo‘ladi.
“Yaxshi oila boshlig‘i”
Foto: Sabah
Komediya janridagi ushbu serialda ota va bola munosabatlariga asoslangan voqealar rivojini ko‘rish mumkin. Sujetga ko‘ra, har kuni oila a’zolari turli qiyinchiliklarga duch keladi va ularni hal qilishiga to‘g‘ri keladi, ammo katta va kichiklarning muammolarni hal qilish borasidagi qarashlari farq qiladi. Shunga qaramasdan, umumiy yechim va qaror qilishni uddasidan chiqadi. Asosiysi esa ularning barchasi hayotdan mamnunlik va pozitivlikni yo‘qotmaydi.
“So‘nggi yoz”
Foto: Sabah
Romantik va drama janrlarini o‘zida mujassam etgan mazkur serialda ikki yosh to‘satdan uchrashib, bir ko‘rishda bir-birini sevib qoladi. Ularning har ikkisi ham yosh bo‘lishiga qaramay, munosabatlariga jiddiy yondashadi va birinchi qadamni qilishdan cho‘chiydi. Sevgi o‘ti alanga olib bo‘lganida esa ajralishiga to‘g‘ri keladi. Keyin esa turli qiyinchilik va muammolarga qaramay harakat qilishiga to‘g‘ri keladi. Alperen Duymaz, Xafsanur Sanjaktutan serialda bosh qahramon rolini ijro qiladi.
“Mening chap tarafim”
Foto: Sabah
Melis Jivelek ssenariy muallifi bo‘lgan mazkur serial moliyaviy inqirozga uchraganidan keyin oilaviy ahvoli yomonlashgani sabab onasi bilan birga bo‘lishga majbur bo‘lgan qiz haqida. Avvallari istalgan narsani o‘ziga ravo ko‘rishi mumkin bo‘lgan, Turkiyaning eng oldi yigitlari e’tiborida bo‘lgan qizning shohona hayot tarzi butkul o‘zgaradi. Nochor ahvol, oddiy uyda yashashiga to‘g‘ri kelgan qiz hayotiga boy oilaning farzandi bo‘lgan yigit kirib kelganidan keyin voqealar rivoji kutilmagan tarzda davom etadi. Bosh rollarni O‘zge Yagiz, Tolga Mendi va Jemre Baysel ijro qiladi.
“Bir onaning gunohi”
Foto: Sabah
Drama janridagi ushbu serial mashhur filippin seriali “Qaysi darajada” serialining remeyki hisoblanadi. Jiddiy yurak xastaligi bezovta qiladigan o‘g‘lining hayotini saqlab qolish uchun qilinadigan operatsiyaga pul topish uchun yolg‘iz ona qotillik qilishiga to‘g‘ri keladi. O‘g‘li tirik qoladi, ammo u bir umr gunohkor bo‘lib qoladi. Bu ham yetmagandek, o‘g‘li u o‘ldirgan insonning qizini yaxshi ko‘rib qoladi. Bosh rollarni O‘zge O‘zberk, Mert Yazidjio‘glu va Simay Barlos ijro qiladi.