O‘zbekistondagi bog‘chalar noyabr oxirigacha ochilishi kutilmoqda

O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari 2020-yil noyabr oyining oxiriga qadar ochiladi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmatiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, ish faoliyatini boshlash va bolalarni qabul qilish huquqi faqat SESdan ruxsat olgan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga beriladi. Lekin qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilayotgan, xodimlari orasida koronavirus aniqlangan bog‘chalar faoliyati tiklanmaydi.

Unga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida yil oxiriga qadar 20 ta bog‘cha yopiqligicha qoladi. Toshkent viloyatida 104 ta bog‘cha olib borilayotgan ta’mirlash ishlari sababli ochilmaydi. 4 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti yaroqsiz holatga kelib qolgan, 2021-yilda ular investitsiya dasturiga tavsiya etilgan. Olmaliq va Bekobod shaharlaridagi 26 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va Bekobod shahridagi “O‘zmetkombinat” rahbariyatining qaroriga binoan ishlamaydi.

Toshkent shahrida jami 80 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti ta’mirlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda mamlakatda 5385 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti (89 foiz) ishlamoqda, ularda tahsil olayotgan bolalar soni 691 271 nafarni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda karantin talablarini qisqartirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2020-yil 5-sentabrdan maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarining faoliyatiga ruxsat berilgan, Maktabgacha ta’lim vazirligi 7-sentabrdan 14-sentabrgacha Toshkent va Toshkent viloyatining tumanlarida bittadan MTTning ochilishini yo‘lga qo‘yilishi, 14-sentabrdan boshlab ushbu jarayon butun respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich o‘tkazilishini bildirgan edi.  MTTlarning ochilishida tarbiyalanuvchilar va xodimlar xavfsizligini ta’minlash uchun ma’lum chora-tadbirlar ko‘riladi.