Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida fermerlarning 45 million so‘m pulini talon-toroj qilgan bank xodimiga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Daryo”ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Muborak tuman sudi raisi Alisher Qahhorov ma’lum qildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Ma’lum bo‘lishicha, “Agrobank”ning Mirishkor tuman filialida 2016-yilning 14-oktabridan 2019-yilning 23-iyuliga qadar buxgalteriya bo‘limi yetakchi mutaxassisi lavozimida ishlagan 37 yoshli Sarvar Sardorov (barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2018-yil davomida to‘rtta fermer xo‘jaligining barcha to‘lov topshiriqnomalarini soxtalashtirib, pulini o‘zlashtirgan.

Sud hukmida ta’kidlanishicha, bank xodimi fermer xo‘jaligi rahbarlarining ishonchiga kirib, ularning bankda navbatda turishga sabri yetmasligini inobatga olib, fermer xo‘jaligi rahbarlariga oq qog‘ozga muhr qo‘yib tashlab ketsa, pulini aytilgan hisob raqamiga o‘tkazib berishini aytgan. Bank xodimiga ishongan fermer xo‘jaligi rahbarlari esa, u aytganidek oq qog‘ozga muhr bosib ketavergan. To‘rtta fermer xo‘jaligi rahbarlarining soddaligidan foydalangan bank xodimi Sarvar Sardorov esa ularning 45 million so‘m pulini o‘zi lozim topgan hisob raqamlariga o‘tkazib, pulni o‘zlashtirgan.

Sudda so‘z olgan fermer va guvohlar so‘zini tinglagan sud ayblanuvchi Sarvar Sardorovni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “g” bandi (kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib talon-toroj qilish), 228-moddasi 1-qismi bilan (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) aybli deb topgan. Sud uni bir yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bo‘lgan ishlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinlagan.

От qwert.uz