Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida uch kun chiroq o‘chgani sabab tadbirkor 5200 ta tovug‘idan ayrilgan. Bu haqda dastlab yakkabog‘lik bloger Kamil Faxrutdinov ma’lum qildi.

Foto: Kamil Faxrutdinov

Ta’kidlanishicha, Yakkabog‘ tumanida 18—20-noyabr kunlari elektr toki bo‘lmagan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan tadbirkor Abdunabi G‘iyosov ayni kunga kelib o‘lgan tovuqlari soni 6000 taga yetganini bildirdi.

Foto: Kamil Faxrutdinov

“Ammo bunda o‘zimizning ham kamchiligimiz bo‘lgan, — deydi tadbirkor Abdunabi G‘iyosov. — ‘Dvijog’imiz yonilg‘isi sifatsiz bo‘lgani sabab muzlagan va yonmagan. Oqibatda parrandalar saqlanadigan binodagi havoni tortib turadigan uskunamiz ishlamay qolgan. Tovuqlarning o‘zidan chiqadigan ammiak gazi toza havoga chiqarilmagani bois parrandalarimiz nobud bo‘lgan. Ammo 400 mingdan ortiq tovuqlarimiz bor. Nasib etsa, zararni qoplaymiz. Bu haqda yozish shartmas”.

Tadbirkor zarari haqida yozgan bloger Otabek Artikov “Chiroqning cheklovini kamaytiring, agar o‘sha xalqning ham tovuqchalik qadri bo‘lsa. Beshikda chaqaloqlar bor, to‘shakda yotgan qariya kasalmandlar bor, ularni muzlatmang, iltimos”, deb yozsa, bloger Husan Komiljonov tadbirkor vazirlikka murojaat qilganidan so‘ng unga elektr toki berilganini va tumanda elektr energiyaga kiritilgan cheklov kamayganini bildirgan. Jurnalist O‘ral Kamolov tadbirkor kompensatsiya so‘rab sudga murojaat qilishi kerakligini, Energetika vazirligi esa tadbirkor zararini qoplab berishi lozimligini yozgan.

Eslatib o‘tamiz, respublika bo‘ylab elektr chiroqlari bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgani sabab Tanzila Norboyeva gaz va elektr muammosi maxsus ko‘rib chiqilishi, yalpi majlisda ko‘tarilishi, Prezidentga axborot berilishini aytdi. Energetika vazirligi O‘zbekistonda elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarning asosiy sababi havoning sovib ketishi natijasida elektr energiyasi iste’molining keskin ortishi ekanligini ma’lum qildi.

От qwert.uz