Xorazm viloyati Urganch shahrida bir guruh ayollar “samosud” uyushtirib, boshqa bir ayolni yechintirdi va jarayonni videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatdi. Xorazm viloyati IIB axborot xizmati mazkur video bo‘yicha bayonot berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Xabar berilishicha, 2020-yilning 22-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm shevasida so‘zlayotgan bir guruh ayollar boshqa bir ayol kishini qizlik iffati yo‘qligini ro‘kach qilib yechintirgani aks etgan videotasvir tarqaldi.

Viloyat IIB xabariga ko‘ra, ushbu videolavhadagi holat qachon, qayerda sodir bo‘lganligi va jarayon ishtirokchilarining shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida Xorazm viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan tergovoldi tekshiruv harakatlari olib borildi.

Olib borilgan surushtiruv jarayonida mazkur holat 2020-yilning 7-oktabr kuni Urganch shahrida sodir bo‘lganligi aniqlandi.

Xorazm viloyati IIB axborot xizmati jarayon ishtirokchilarining shaxsi to‘liq aniqlanganini hamda tergov manfaatlari va jabrlanuvchining shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash maqsadida ishtirokchilarning ism-shariflari oshkor etilmasligini ma’lum qilgan.

Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ushbu videolavhani ijtimoiy tarmoqlarda tarqatayotgan shaxslarning javobgarlik masalasi ham ko‘rib chiqiladi.

От qwert.uz