Balki, siz Maradonaning loy ichidagi g‘alati maydonda raqiblarini birma-bir aldab o‘tayotgani tasvirlangan videolarni ko‘rgandirsiz.
Ushbu voqea 1985-yilda sodir bo‘ladi, 24 yoshli Diyego o‘sha vaqtdagi rekord ko‘rsatkich evaziga (14 milliard lira, taxminan, 7,6 million dollar) “Barselona”dan “Napoli”ga ko‘chib o‘tgandi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Futbolchi Neapol yaqinidagi Acherra shahriga (aholisi 50 ming kishi) xayriya uchrashuvida ishtirok etish uchun taklif qilinadi. Xayriya Fransiyada qimmat operatsiyani boshdan o‘tkazishga muhtoj bo‘lgan bemor bolaga pul yig‘ish uchun tashkillashtirilgandi. Klub rahbariyati va sug‘urta kompaniyasi bunga qarshi chiqdi, ammo Maradona o‘ylab ham o‘tirmay rozi bo‘ldi. Uni italiyalik jamoadoshi Pyetro Puzone chaqirgandi, undan esa bolaning otasi iltimos qilgandi.
Diyego o‘sha uchrashuvda bir nechta gol urdi, shular qatorida ushbu mini-shedevr ham bor edi:
Boshqa bir taxminga ko‘ra, Maradonaning shaxsan o‘zi “Napoli” va FIFAdan bolakayga yordam berish uchun xayriya uchrashuvini tashkil qilishni so‘raydi, biroq ular buni rad etadi. Shunda hamma narsani Maradonaning o‘zi tashkillashtiradi. Italyan nashrlarining yozishicha, o‘yinga 5 mingdan ortiq tomoshabin tashrif buyurgan.
Quyidagi videoda tribunalarning to‘lib-toshganini ko‘rish mumkin:
Maradona Italiyaga ko‘chib o‘tganidan keyingi birinchi intervyusida: “Men Neapolning kambag‘al bolalari uchun kumirga aylanmoqchiman, chunki o‘zim ham Buenos-Ayresda shunday yashardim” — degandi.
Yakunda Diyego rejani oshirib ham yubordi va har bir neapollikning kumiriga aylandi. Klub bilan birgalikda u ikki marotaba A Seriyada, bir martadan UEFA Kubogi, Italiya Kubogi va Italiya Superkubogini qo‘lga kiritdi.
Bugun esa neapolliklar Maradona bilan ko‘zida yosh bilan xayrlashmoqda.

Foto: Twitter

Foto: Twitter

Foto: Twitter
