O‘zbekiston aholisining elektr energiyasidan umumiy qarzdorligi 2,4 trillion so‘mdan ziyodni tashkil etmoqda. Bu haqda 24-noyabr kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan OAV vakillari uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z yuritildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonovning aytishicha, 573 ming 655 nafar iste’molchi foydalangan elektr energiyasi uchun 1 yildan ortiq davr mobaynida umuman to‘lovlarni amalga oshirmagan. 3 yildan buyon qarzini to‘lamay kelayotgan qarzdorlar esa 283 ming 489 nafardan iborat. Hozirgi paytda 3 yildan beri to‘lov qilmay kelayotgan qarzdorlar Samarqand viloyatida 46 ming 158 nafarni, Toshkent viloyatida 45 ming 685 nafarni, Farg‘ona viloyatida 28 ming 770 nafarni va Andijon viloyatida 26 ming 867 nafarni tashkil qilmoqda.

Foto: “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati

“Qarzdorligi yuqori bo‘lgan iste’molchilarni tahlil qilganimizda, 1 million so‘mdan 3 million so‘mgacha qarzdorlar soni mamlakat bo‘yicha 157 ming 839 nafar ekanligi ma’lum bo‘ldi. 3 million so‘mdan 5 million so‘mgacha bo‘lgan qarzdorlar salkam 15 ming nafar, 10 million so‘mdan yuqori miqdorda qarzi bor iste’molchilar 5 ming 199 nafarni tashkil etyapti. Aholining elektr energiyasidan jami qarzdorligi 2,4 trillion so‘mdan ziyod”, dedi Obidjonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” joylarda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini olib boradi hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘radi. Shu bois eskirgan uzatish tarmoqlari, transformator punktlaridagi almashtirish, ta’mirlash ishlari undirilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

От qwert.uz