2010-yilda AQShda ajabtovur millioner, sobiq art-diler va kolleksioner Forrest Fenn Qoyali tog‘larga xazina yashirib, o‘ziga xos o‘yin tashkil qilgan edi, deb yozadi Meduza. O‘zining The Thrill of the Chase (“Xazina qidirish zavqi”) avtobiografiyasida Fenn o‘zi yashaydigan Nyu-Meksiko shtatidagi Santa-Fe shahridan shimolda, Qoyali tog‘larning qayeridadir joylashgan sahroga qadimiy bronza sandiq yashirib qo‘ygani haqida yozgan. Sandiqda sof holdagi tillalar, noyob tangalar, zargarlik buyumlari va boshqa artefaktlar bo‘lgan, ularning jami qiymati bir million dollarga teng bo‘lgan (2013-yilda xazina besh million dollarga baholangan)  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Xazina saqlangan sandiqning surati, uni Forrest Fenn e’lon qilgan

Foto: LETA

Millioner o‘z kitobida e’lon qilgan she’rda xazina yashirib qo‘yilgan joyga ishora qiluvchi to‘qqizta shifrli kalit so‘zlar bo‘lgan. Kitob chop etilganidan keyin Fenn yana bir necha marta yordamchi ko‘rsatmalarni e’lon qilgan. Ya’ni xazina dengiz sathidan ikki ming metrdan ziyod balandlikda joylashgan, uni Aydaxo va Yutadan, shuningdek, qabriston va xarobalardan qidirmaslik maslahat berilgan.

Fenn xazinani o‘zi o‘lim topishni istagan joyga yashirgan. Sirli xazina haqidagi g‘oyalar millionerda 1988-yildayoq — unda onkologik kasallik aniqlangan vaqtda paydo bo‘lgan. O‘shanda u o‘zi haqida alohida xotira qoldirish uchun xazina yashirib, uni qayerdan qidirish bo‘yicha kalit so‘zlar qoldirishga qaror qilgan. Kasallikni to‘xtatishga erishilgan, ammo Fenn o‘zining xazina bilan bog‘liq g‘oyasini baribir amalga oshirishga bel bog‘ladi.

Qiymati bir million dollarga teng qimmatbaho buyumlardan iborat xazinani minglab odamlar qidirdi. Ularning ba’zilari pulidan, ba’zilari esa hayotidan ayrildi. 2016—2020-yillar mobaynida xazina qidirish vaqtida kamida besh kishi halok bo‘lgani ma’lum, ularning barchasi Koloradoda yashagan. Ayni paytda xazina ketidan quvayotgan odamlar Fenni ham ta’qib qilib, unga tahdidlar uyushtirgan, hatto uyiga ham bostirib kirgan.

Xazina ketidan quvish 2020-yil 6-iyunida Amerikaning Vayoming shtatida yakuniga yetdi. Forrest Fenn millionerning she’rida keltirilgan kalit so‘zlar yordamida, yashirib qo‘yilgan sandiqni qidirib topgan odam u bilan bog‘langanini e’lon qildi. O‘shanda xazina qidiruvchisi o‘z shaxsini oshkor qilmaslikka qaror qildi, bu yana qanchadir vaqt shunday davom etishi mumkin edi, ammo 7-sentabr kuni Forrest Fenn 90 yoshida vafot etdi.

Uning o‘limidan keyin Medium saytida Forrest Fenn xotirasiga bag‘ishlangan anonim maqola paydo bo‘ldi, uning muallifi da’vo qilishicha, Qoyali tog‘lardagi xazinani aynan u topgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018-yildayoq millioner xazinani qayerga yashirganligini tushunib yetgan, biroq aniq joyni qidirib topish uchun unga ikki yil va Qoyali tog‘larda o‘tkazilgan 25 kecha-kunduz kerak bo‘lgan. U xazinaning 2010-yilda Flenn yashirib qo‘ygan joyda olingan suratini e’lon qildi. Bundan tashqari, maqola muallifi Fenn bilan uchrashgani va u bilan xazina qidirish haqidagi suhbatlashganini gapirib berdi.

“Men o‘tgan iyun oyigacha hech qachon Forrest bilan ko‘rishmagandim va bizning uchrashuvimiz birinchi va oxirgisi bo‘ldi. Forrestni ko‘rganimda unga u bilan qachondir uchrasha olishimga ishonchim komil bo‘lmaganini aytdim. Xazinani topish juda qiyin bo‘ldi. U esa yuzida tabassum bilan uni topish qiyinligi lekin buning iloji borligi haqida har doim aytib kelganini va men uning haqligini isbotlaganligimni aytdi”.

Yana ikki yarim oydan keyin maqola muallifi o‘z shaxsini oshkor qildi, bu muvaffaqiyatga erisha olmagan boshqa xazina qidiruvchilar u bilan sudlashishga qaror qilganidan keyin yuz berdi. Xazinani topgan odam Michigan shtatidan tibbiyot fakulteti talabasi 32 yoshli Jek Styuf bo‘lib chiqdi. Uning ism-sharifini Fenn xazinasini qidirishga bag‘ishlangan kitob tayyorlayotgan jurnalist va yozuvchi Deniyel Barbarisi Outside jurnalida birinchilardan bo‘lib e’lon qildi. Barbarisi ta’kidlashicha, Fenning oilasi Styufga bog‘liq bo‘lmagan holda, uning haqiqatan ham xazinani topganini tasdiqlagan. Jek Styufning o‘zi 7-dekabr kuni Medium’da bayonot e’lon qilib, o‘z shaxsini oshkor qilishga qaror qilgani, aks holda buni sud amalga oshirishini aytdi.

Jek Styuf yashiradigan narsasi borligi uchun emas, balki boshqa xazina qidiruvchilar Forrest Fenni ta’qib qilgani, unga tahdid qilgani va unga qarshi sudga da’volar bergani sababli shaxsini oshkor qilishdan bosh tortganini ta’kidladi. “Bu narsa men yoki oilam bilan ham yuz berishini istamayman”, — dedi Styuf. Uning aniqlik kiritishicha, chikagolik advokat Barbara Andersen xazinani topgan odamga nisbatan sudga da’vo berganidan keyin anonimlikdan voz kechishga qaror qilgan. Advokatning da’vo qilishicha, bu odam uning xazina qayerda joylashganligi haqidagi taxminlaridan iborat yozishmalarini xakerlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan — Andersen xazina Nyu-Meksiko shtatiga yashirilganini taxmin qilgan edi.

Jek Styuf Deniyel Barbarisiga gapirib berishicha, Nyu-Meksikodagi sud Andersenning da’vosini qabul qilgan, o‘tgan hafta esa sudya Forrest Fenning merosxo‘rlaridan da’vo qiluvchiga xazinani topgan odamning shaxsiy ma’lumotlarini berishni talab qilgan. Styuf da’voni asossiz deb atadi va Barbara Andersen haqida va Fenn xazinani Nyu-Meksikoga yashirganligi haqida ham hech qachon eshitmaganini ta’kidladi. Styuf sud uning ism-sharifini e’lon qilishidan xavfsirab, o‘zi bayonot bilan chiqqanini aytdi.

Styuf voqealar bunday tus olishiga tayyor turganini aytdi. O‘zini himoya qilish uchun u oilasini soqchilar tomonidan qo‘riqlanadigan va bir necha darajali himoyaga ega joyga ko‘chirib o‘tkazgan.

“Men xazinani topganimdan keyin butun dunyodagi uni topish istagida bo‘lgan ko‘plab odamlarning umidlari puchga chiqdi. Men ko‘pchilik his qilayotgan umidsizlikni ham, ishonchsizlikni ham tushunaman va o‘zim haqimdagi yoki ba’zilar o‘zlarini tinchlantirish uchun o‘ylab topgan fitna nazariyasi haqidagi istehzoli izohlarni e’tiborsiz qoldiraman. Lekin ma’lumot uchun shuni aytishim kerakki, men hech qachon Forrestning qo‘l ostida ishlamaganman, u hech qachon meni xazinani “topish” uchun “tanlab olmagan”. Men u uchun bir begona odam edim. Va xazinani uning o‘zi o‘ylaganidek qilib topdim”.

Ko‘pchilik xazina qidiruvchilar, yozuvchi Deniyel Barbarisi xabar qilishicha, Jek Styuf nima sababdan o‘z shaxsini oshkor qilishni xohlamaganini tushunadi. Lekin u nima uchun xazina topilgan joy qayerligini aytishni istamayotganligini tushunmayapti. Styuf bunga javoban, bu joy Fenning muxlislari uchun ziyoratgohga aylanib ketishini xohlamasligini aytdi. “Bu joy sayyohlik uchun mos kelmaydi. U Forrest uchun juda katta qiymatga ega bo‘lgan joy, va u yerni yo‘q qilib tashlashlarini istamayman”, — deya izohladi u.

Jek Styufning so‘zlariga ko‘ra, topilgan xazina Nyu-Meksiko shtatidagi xavfsiz joyda turibdi (bu Fennga tegishli joy emas). U xazinani Vayomingdan Santa-Fega olib kelganidan keyin, sandiqni o‘sha yerga yashirgan. Styuf xazinani sotmagunicha, sandiq o‘sha joyda qoladi. Yozuvchi Deniyel Barbarisi bilan suhbatda Styuf xazinani qismlarga bo‘lib yoki butun holida sotish haqida o‘ylayotganini aytdi. Uning fikricha, butun xazinaning o‘zi “Fenn xazinasi” sifatida ko‘proq qiymatga ega bo‘ladi, biroq xazinani bir necha qismlarga bo‘lsa, qidiruvlarda ishtirok etgan boshqa xazina qidiruvchilar uning hech bo‘lmaganda bir qismini qo‘lga kiritishdan mamnun bo‘ladi.

Xazinani sotganidan keyin Jek Styuf Forrest Fenning vasiyatini amalga oshirmoqchi — u xazina saqlangan sandiq boshqa xazina qidiruvchilar ham ko‘rishi mumkin bo‘lgan biror joyda saqlanishini istagan. Bu qanday joy ekanligiga u aniqlik kiritmadi.

От qwert.uz