Entoni Joshua Kubrat Pulevni 9-raundda dahshatli nokautga uchratdi va chempionlik kamarlarini o‘zida saqlab qoldi

Boks bo‘yicha og‘ir vazn (+90,7 kg) toifasida WBA, WBO, IBF va IBO chempionlik kamarlari sohibi Entoni Joshua (24-1-0, 22 KO) navbatdagi jangini 12-dekabr oqshomida bolgariyalik bokschi Kubrat Pulevga (28-2-0, 14 KO) qarshi o‘tkazdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: DAZN

Londonda o‘tgan boks kechasining asosiy jangi 9 raund davom etdi. Jang ehtiyotkorlik bilan boshlangan bo‘lsa ham Joshua 3-raundga kelib Pulevni ikki bor nokdaun holatiga tushirib qo‘ydi. Keyingi raundlarda ham britaniyalik bokschi faollikni tushirmadi.

9-raundga kelib Entoni Kubratni kuchli zarbalari orqali avvaliga nokdaun holatiga tushirdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay Joshua juda kuchli zarbasi bilan bolgariyalik bokschini chuqur nokaut holatiga solib qo‘ydi. Shu tariqa 12 raundga mo‘ljallangan chempionlik jangi muddatidan avval yakunlandi.

Bu jangdagi g‘alaba orqali Entoni Joshua WBA, WBO, IBF va IBO yo‘nalishlarida chempionlik kamarlarini himoya qildi.

Jang videosini bu yerda tomosha qilish mumkin — video.