Mana, ko‘plab qiyinchiliklar bilan o‘tgan 2020-yilning oxirgi haftasini ham ortda qoldirdik. Koronavirus atrofidagi raqamlar, Navalniy ishi, pandemiya oqibatlari kabi haftaning muhim voqealari haqida  quyida o‘qing.

Koronainfo

SARS-CoV-2 koronavirusining Buyuk Britaniyada aniqlangan yangi shtammi oldingi mutatsiyalardan ko‘ra ancha yuqumli bo‘lib, 2021-yilda kasallar va qurbonlar sonining ortishiga olib kelishi mumkin  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Bu haqida London gigiyena va tropik tibbiyot maktabining Yuqumli kasalliklarni matematik modellashtirish markazi olimlari xabar bermoqda.

Foto: AP Photo

Buyuk Britaniya Jamoatchilik sog‘liqini saqlash xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, SARS-CoV-2’ning yangi shtammi qirollikda noyabr oyidan buyon faol tarqalmoqda. Mamlakat bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu turdagi koronavirus avvalgilaridan 70 foizga yuqumliroq, lekin undan xavfli emas.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 20-dekabr kuni Britaniyanikiga o‘xshash koronavirus Niderlandiya, Daniya va Avstraliyada ham aniqlanganini e’lon qildi. Hozirda tashkilot bu shtammni o‘rganmoqda.

O‘tgan haftada koronavirus qurbonlari soni dunyo bo‘yicha 1,7 milliondan oshgani ma’lum qilindi. Shuningdek, Yer sayyorasidagi koronavirus aniqlanmagan yagona qit’a Antarktidada ham kasallik aniqlandi. Shu tariqa kasallik kirib bormagan qit’a qolmadi.

Antarktidadagi Chili tadqiqotlar bazasida 36 kishi koronavirusga chalindi. Xabarga ko‘ra, 26 nafar harbiy va 10 nafar fuqaro kasallandi. La Tercera’ning yozishicha, bu stansiyadagi jami xodimlardir. Ular Chiliga evakuatsiya qilindi. Kasallangan xodimlar o‘rnini esa yangi jamoa egalladi.

Antarktidada muqim yashaydiganlar yo‘q, lekin bir nafardan besh nafargacha kishi har yili turli stansiyalarda ish olib boradi. Bu yerda turli mamlakatlarga tegishli 90 ga yaqin har xil stansiya bor.

O‘tgan haftada Yer yuzi aholisining bir foizdan ko‘pi kasallik yuqtirib olgani ma’lum bo‘ldi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, yer aholisining soni ayni paytda 7,795 milliard kishi deb baholanmoqda. Ayni vaqtga qadar butun dunyoda koronavirus yuqtirib olganlarning umumiy soni 80 milliondan oshib ketdi. Kasallanganlar soni bo‘yicha barcha dunyo mamlakatlari ichida AQSh yetakchilik qilmoqda (19,4 million kishi). Birinchi uchlikka Hindiston (10,1 million) va Braziliya (7,4 million) ham kiradi. Ulardan keyingi o‘rinda Rossiya (3 million) bormoqda.

Foto: Getty Images

Shuningdek, Buyuk Britaniya, Turkiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya, Argentina va Kolumbiyada koronavirusni yuqtirib olganlar soni 1,5 milliondan oshdi. So‘nggi bir oy ichida dunyo bo‘yicha 20 million kishi koronavirusga chalindi.

Qotili bilan gaplashgan Navalniy

Rossiyalik siyosiy faol Aleksey Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq voqealar bu oy ham tinmadi. Oldingi haftada siyosatchi o‘zining zaharlanishi bilan bog‘liq surishtiruv olib brogan edi. O‘tgan hafta boshida esa u o‘zi o‘tkazgan surishtiruv natijalarini e’lon qildi. U video tarzida qilgan murojaatida o‘zini zaharlagan qotil bilan telefon orqali suhbatlashganini aytdi.

Videoda Navalniyning aytishicha, u o‘zining zaharlanishi ortida Federal xavfsizlik xizmatining guruhi turgani haqidagi surishtiruvni e’lon qilishdan oldin guruh a’zolaridan biri — Konstantin Kudryavtsev bilan gaplashdi va Kudryavtsev Navalniyni o‘ldirishga harakat qilinganini tasdiqladi.

Navalniyning qayd etishicha, qo‘ng‘iroq 14-dekabr kuni ertalab — surishtiruv e’lon qilinishidan bir necha soat avval amalga oshirilgan edi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, u “telefon prankerlari foydalanadigan eng oddiy dastur” yordamida o‘z raqamini yashirgan hamda uning o‘rniga FXX xodimlari bir-biriga qo‘ng‘iroqlarni amalga oshiradigan kommutator raqamini qo‘ygan.

“Hisob-kitob oddiy. Ertalab soat yettida qo‘ng‘iroq, sen tanish xizmat raqamini ko‘rasan, go‘shakni ko‘tarasan va gaplashishni boshlaysan. Men qo‘ng‘iroq qilganlarning deyarli barchasi javob berdi, deyarli barchasi tezda go‘shakni qo‘ydi. Keyin esa bizni katta omad kutib turgandi”, deya hikoya qildi Navalniy. Siyosatchining aytishicha, u Konstantin Kudryatsev bilan 45 daqiqa gaplashishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘z navbatida, Rossiya FXX Navalniyning o‘z qotili bilan suhbati aks etgan yozuvni soxta deb atadi.

“Telefon suhbati aks etgan videorolik qalbaki. Abonent raqamini o‘zgartirib qo‘yish usulidan foydalanish — xorijiy maxsus xizmatlarda ko‘p qo‘llaniladigan yo‘l, bu ilgari Rossiyaga qarshi aksiyalarda bir necha marta ishga solingan, u suhbatning haqiqiy ishtirokchilarini aniqlash imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi”,  deyiladi xabarda.

Videodan kadr

FXX JAMda qo‘shimcha qilishlaricha, FXX xodimlarining Navalniyning zaharlanishidagi ehtimoliy ishtiroki yuzasidan tekshiruv Rossiya maxsus xizmatlariga qarshi qaratilgan rejali provokatsiya hisoblanadi.

“Navalniy tomonidan internet tarmog‘iga joylashtirilgan, go‘yoki, unga qarshi olib borilgan harakatlar yuzasidan ‘tekshiruv’ Rossiya FXX va uning xodimlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan rejalashtirilgan provokatsiya hisoblanadi, buni esa chet el maxsus xizmatlarining tashkillashtirilgan va texnik ko‘magisiz amalga oshirish imkoni yo‘q”, deyiladi xabarda.

AQSh esa Rossiyani Navalniyning zaharlanishi borasida fitna nazariyalarini yaratishda aybladi. Bu haqida Davlat departamenti vakili CNN’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Davlat departamenti vakili aytishicha, Rossiyaning Aleksey Navalniyning zaharlanishi haqidagi savollarga javob bera olmasligi ko‘p narsani anglatadi.

“Rossiya ko‘plab, asosan bir-biriga zid bo‘lgan fitna nazariyalarini ilgari surdi. Keling, ochiqchasiga gaplashamiz: bunday fitna nazariyalari Rossiya hukumati oldida turgan va hali javobini kutayotgan jiddiy savollardan e’tiborni chalg‘itish usulidan boshqa narsa emas”, deya ta’kidladi u.

Ko‘rinishidan, Navalniy ishi borasidagi gap-so‘zlar va siyosiy mojaro hali beri to‘xtamaydiganga o‘xshaydi.

Pandemiyada boylik orttirganlar

O‘tgan haftada Forbes jurnali pandemiya davrida sog‘liqni saqlash tizimida ellik nafar yangi milliarder paydo bo‘lganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, ularning boyligi vaksina ishlab chiqaruvchi yoki tibbiy qurilmalar yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar aksiyalari qiymati oshgani hisobiga ortdi. Yangi milliarderlarning aksariyati virusning dastlabki o‘chog‘i paydo bo‘lgan Xitoyda yashaydi.

Forbes nashriga ko‘ra, pandemiya paytida boyib ketgan yangi milliarderlar orasidan quyidagilar o‘rin oldi:

  • Ugur Shahin — Germaniyaning BioNTech biotexnologik kompaniyasi bosh direktori;
  • Stefan Bansel — Amerikaning Moderna kompaniyasi rahbari;
  • Yuan Lipin — Du Veyminning sobiq rafiqasi, Shenzhen Kangtai Biological Products kengashi raisi;
  • Xu Kun — Xitoyning tibbiy qurilmalar, jumladan, nebulayzerlar, stetoskoplar va tonometrlar ishlab chiqaradigan Contec Medical Systems kompaniyasi rahbari;
  • Karl Xansen — Kanadaning sun’iy ong va mashinaviy o‘qitish texnologiyalari yordamida antitanalar qo‘llagan holda davolashning eng istiqbolli usullarini izlash bilan shug‘ullanuvchi AbCellera kompaniyasi rahbari;
  • Timoti Sprinjer — Moderna asoschilaridan biri (ikki milliard dollar);
  • Serjio Stevanato — Italiyaning Stevanato Group kompaniyasi rahbari

Foto: Getty Images

Forbes’ning yozishicha, 2020-yil oxiriga kelib dunyodagi 2,2 mingdan ortiq milliarder 1,9 trillion dollarga boyib ketdi. Barcha milliarderlarning umumiy boyligi 11,4 trillion dollarga baholanmoqda — bu ularning 2019-yil 31-dekabr holatiga nisbatan 20 foizga ko‘p. Milliarderlar boyligining oshishiga asosiy sabab yil davomida davom etgan fond bozorlaridagi qimmatbaho qog‘ozlar narxining o‘sishi bo‘ldi.

Efiopiyadagi jangarilar hujumi

Efiopiyaning G‘arbiy Benishangul-Gumuz tumanida bu hafta noma’lum jangarilar hujumiga uchragan 200 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Qayd etilishicha, mintaqada etnik zo‘ravonlik tez-tez uchrab turadi. Ma’lum qilinishicha, 207 nafar qurbon va hujum qilganlardan yana 15 kishi dafn etildi. Hujumni noma’lum qurollangan guruh amalga oshirdi. Bosh vazir Abiy Ahmad 26-dekabr kuni mojaro zonasiga federal qo‘shinlarni yubordi. Harbiylar qishloqqa hujum qilishda ayblangan 42 jangarini o‘ldirdi.

Efiopiyadagi qurolli nizo federal hukumat TOMF’ning harbiy bazaga hujum qilishda ayblaganidan keyin kuchayib ketdi. Nizo qurbonlarining aniq soni ma’lum emas. Reuters va AFP ta’kidlashicha, nizo tomonlari da’vo qilayotgan ma’lumotlarni tekshirish mushkul bo‘lmoqda, chunki mintaqada internet va telefon aloqasi ishlamayapti.

Ma’lum qilinishicha, mamlakatdagi urushni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi bosh vazir Abiy Ahmad boshlagan edi. Nizo noyabr oyining boshidan beri davom etmoqda.

Jahongir Ostonov tayyorladi.

От qwert.uz