Bayram kunlari O‘zbekistondagi barcha tibbiyot muassasalarida shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlarining tegishli navbatchilik jadvali asosida faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu kunlarda tibbiyot muassasalari uzluksiz, tun-u kun ishlaydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Foto: “Daryo”

Jumladan, hozirgi kunda sog‘liqni saqlash tizimida mavjud birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatuvchi 2369 ta ambulatoriya-poliklinika muassasalari hamda tuman, viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalarida tibbiyot xodimlari navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatadi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Shuningdek, shoshilinch tibbiy yordam shifoxonalari va tez yordam xizmati odatdagi tartibda bir maromda uzluksiz ishlaydi. Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlarda 13 ta filiali, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tizimidagi barcha bo‘limlari faoliyat ko‘rsatadi.

Mamlakat bo‘yicha hududlarda 14 ta koll-markaz tun-u kun ish rejimida bo‘lib, tez yordam tizimida mavjud 2748 ta brigada tarkibidagi jami 12 837 nafar shifokor va 27 653 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari navbatchilik asosida aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, bayram kunlari 219 ta tug‘ruq muassasalari ham uzluksiz faoliyat ko‘rsatadi. Jumladan, 31-dekabrdan 1-yanvargacha bir sutka davomida 583 nafar akusher-ginekolog, 344 nafar neonatolog, 1172 nafar doya hamda 2042 nafar hamshira onalar va bolalar salomatligi yo‘lida xizmat ko‘rsatadi. Bayramning keyingi kunlari ham yana shunchadan tibbiyot xodimlari navbatchilikka kirishadi.

Avvalroq O‘zbekistonda Yangi yil tadbirlarini to‘yxona, mehmonxona, restoran hamda kafelarda nishonlashga ruxsat berilgani haqida xabar berilgandi.

От qwert.uz