“O‘zbekiston shifokorlari” (“Vrachi Uzbekistana”) Telegram kanali ochiq ma’lumotlar asosida tibbiyot sohasidagi maoshlarni tahlil qildi, deb xabar bermoqda “Kun.uz”

Foto: “Daryo”

Suratda Mehnat vazirligi portalidagi bo‘sh ish o‘rinlari uchun vakansiyalar ro‘yxatida vrachlarning 1 stavkasi uchun belgilangan maoshlar ko‘rsatilgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Misol tariqasida UASh (umumiy amaliyot shifokori) bilan bitta tor mutaxassisning (jarroh, travmatolog va hokazo) maoshi olingan.

Ularda 1 stavka uchun:

  • UASh oyligi 1 million 837 ming so‘m;
  • Tor mutaxassis 1 million 670 ming so‘m.

Bu oylikdan soliqlar — 12 foiz daromad va 1 foiz pensiya jamg‘armasiga, jami 13 foiz olib tashlanadi:

  • 1 million 837 ming — 13 foiz = 1 million 598 ming so‘m;
  • 1 million 670 ming — 13 foiz = 1 million 453 ming so‘m.

UASh va tor mutaxassis kunlik chiqimlari (o‘rtacha):

  • 10 ming so‘m yo‘lkira;
  • 15 ming so‘m tushlik;
  • 20 ming so‘m uylarga borib bemor ko‘rishga yo‘lkira.

Shularni qo‘shib yuqoridagi oylik maoshdan yana ayriladi. O‘rtacha 40 ming so‘mdan 22 kun ish kuni = 880 ming so‘m.

  • 1 million 598 ming — 880 ming so‘m = 678 ming so‘m;
  • 1 million 453 ming — 880 ming so‘m = 533 ming so‘m.

“Shu va boshqa chiqimlardan tashqari UASh qo‘liga o‘rtacha 400 ming so‘m, tor mutaxassis qo‘lida esa 350 ming so‘m pul qoladi. Endi ishxonadan uyga olib ketiladigan pul shuncha. Uy-ro‘zg‘or, kommunal to‘lovlar, krediti bo‘lsa unga to‘lov, bola-chaqa, kiyim bosh va maishiy chiqimlarga shu pul qoladi.

Xalq orasida vrachlar pora olmasligi kerak, qasam ichgan, ularning oyligi yetarli degan tushunchalar mavjud. Endi vijdonan aytaylik! Shu pulga yashash mumkinmi? 6-7-10 yil umrini ilm quvishga ishlatgan odam shu pulga qanday qilib tirikchilik qilishi kerak? Bolasining, xotinining ko‘ziga qanday qaraydi? Javob bering!” — degan post muallifi, shifokor Abdulazizxon Akramov.

Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Toshkentda faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari va pedagoglar bilan uchrashuvda shu haqda to‘xtalib, “Oddiy muallim 1000 dollar ish haqi olmasa, u ishga kelishi kerak emas. Shifokor ham xuddi shunday, 1000 dollar olmasa, ertaga uyga borib bolasini, nabirasini qanday boqadi? Qilishimiz mumkinmi? Mumkin. Tinchlik, osoyishtalik kerak, bir-birimizni to‘g‘ri tushunishimiz kerak”, — deb aytgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov ham 18-dekabr kuni Toshkentdagi yoshlar forumida shu masala bo‘yicha gapirib, “Bu og‘riqli savol… Sizni ishontirib aytaman, muhtaram Prezidentimiz aytdilar, yaqin kunlarda, yaqinlashib kelayotgan 2021-yilda hamshira, shifokor va o‘qituvchilarning ish haqi bir necha baravar oshiriladi”, — deb aytgandi. U, shuningdek, xorijdagi o‘zbekistonlik mutaxassislarni vatanga qaytarish masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan.

От qwert.uz