O‘zbekistonda mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi

Hukumat qarori bilan mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Foto: “Daryo”

Qarorga muvofiq, endilikda O‘zbekiston hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qat’i nazar, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun javobgar bo‘ladi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Shuningdek, mobil qurilmaning bir slotiga tegishli IMEI kodi 2019-yil 1-noyabrgacha avtomatik ro‘yxatdan o‘tgan va bazaga kiritilgan bo‘lsa, uning boshqa slotidagi IMEI kodi qurilma egasi tomonidan quyidagi harakatlar bajarilganidan so‘ng tizim operatori tomonidan 3 ish soati mobaynida bepul amalga oshiriladi:

  • mobil qurilma egasining tizim operatori yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan shaxsan murojaat qilishi;
  • IMEI kodining ushbu mobil qurilmaga haqiqiy ekanligini tasdiqlash (mobil qurilma klaviaturasida *#06# kodini yozib olingan IMEI kodining ekran tasvirini taqdim etish);
  • belgilangan shakldagi anketani taqdim etishi.

Agar mobil qurilmaning bir slotiga tegishli IMEI kodi 2019-yil 1-noyabrdan keyin arizaga asosan ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ushbu qurilmaning boshqa sloti IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish 3 soat ish vaqtida to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro pochta yoki kuryerlik jo‘natmalari orqali olib kirilgan mobil qurilmalarni tizim operatorining sayti orqali ham ro‘yxatga olish mumkin bo‘lmoqda. Buning uchun pochta identifikatorining shtrix kodi, kalendar shtampeli bo‘lgan konvert va jo‘natma oluvchining pasportini ko‘rsatish lozim. Avvalgi tartib bo‘yicha bu faqat tizim operatoriga shaxsan murojaat etish orqali amalga oshirilardi.

Jismoniy shaxslar tomonidan ro‘yxatga olish uchun ko‘rsatilgan mobil qurilmalar olib kirilgandi, shu jumladan, xalqaro pochta yoki kuryerlik jo‘natmalari orqali keltirilgan mobil qurilmalar soni jismoniy shaxslar uchun qonun hujjatlarida belgilangan bojxona normalaridan oshmasligi lozim.

Bundan tashqari, qaror bilan bojxona chegarasidan tovarlarni bojsiz olib kirish normalariga rioya qilinmagan holda olib kirilgan mobil qurilmalar, ular uchun import qiluvchi sifatida bojxona to‘lovlari to‘langandan so‘ng IMEI kodlari ro‘yxatdan o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi mobil telefonlar maxsus IMEI kodi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi tartibi 2019-yil 1-apreldan joriy etilgan edi. 2020-yil 22-sentabr kuni mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi ma’muriyati tomonidan mobil qurilmalarni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga o‘zgartirish kiritilgan, unga ko‘ra, qurilmaning IMEI kodini/kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan abonent raqami mahalliy mobil operatorlaridan ariza beruvchi nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerakligi belgilangandi. Qator OAV va blogerlar mazkur o‘zgarish qonunga zid ravishda amalga oshirilgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.