“Ayoz bobo” filmidagi yoqimtoy aktrisa — Natalya Sedixning hayoti qanday kechdi?

Rejissor Aleksandr Rouning 1965-yilda premyerasi bo‘lib o‘tgan “Ayoz bobo” filmi muvaffaqiyatga erishishida undagi bosh qahramon ijrochisi Natalya Sedixning ham hissasi katta. O‘ziga xos ijrosi va go‘zalligi bilan muxlislar qalbidan joy olgan aktrisaning shaxsiy hayoti va ijodi haqida ma’lumot berib o‘tamiz  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Liza”

“Ayoz bobo” filmida suratga tushish davomida atigi 15 yoshda bo‘lgan aktrisa Moskvada harbiy oilasida dunyoga kelgan. Raqs tushishga qiziqqan qizaloq sport maktabiga qabul qilingan va 10 yoshida Sovet ittifoqining chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan. Figurali uchish bo‘yicha shug‘ullangan Natalya baletga ham qiziqa boshlaydi.

Foto: “Liza”

Balerina va aktrisa

Moskva xoreografiya oliygohining talabasi “Jarima to‘pi” kartinasida suratga tushishga taklif qilinadi. Unda aktrisa muz ustida chiqish qiladi. Televizor orqali efirga uzatilgan mazkur kartina “Ayoz bobo” filmida bosh qahramon rolini gavdalantirish uchun aktrisa qidirayotgan Aleksandr Rouning e’tiborini tortadi va suratga olish jamoasidan undagi yoqimtoy qizaloqni topishni so‘raydi. Shaharning bir qancha maktab va to‘garaklaridan qidirilgan Sedix ertasi kuni film uchun sinovda ishtirok etadi. Kadrda 12 yoshdek ko‘ringani uchun rejissor pardozchilardan uni kattaroq ko‘rsatib pardoz qilishni so‘raydi.  Sedixning suratga tushishi aniq bo‘lganda balet maktabidagi mashg‘ulotlari qolib ketishini vaj qilib, o‘qituvchilar uning suratga tushishiga qarshilik qila boshlaydi. Ammo bu qizga to‘siq bo‘la olmaydi. “Ayoz bobo”ning premyerasidan keyin Natalya yulduz bo‘lib uyg‘onadi. Butun Sovet Ittifoqida ko‘rsatilgan film keyinroq Venetsiya kinofestivalida bosh sovrinni qo‘lga kiritadi.

Foto: “Liza”

Aynan ushbu aktrisani bosh rolga tanlab olgani uchun rejissor olqishlanadi, hay’at a’zolari agar Rafael tirik bo‘lganida, ushbu aktrisa uning ilhom parisi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi, film taniqli rejissor Stiven Spilbergning ham e’tirofiga sabab bo‘ladi. Shundan keyin bir qancha rejissorlar Natalya bilan hamkorlik qilishni orzu qila boshlaydi. Ammo u balet maktabidagi mashg‘ulotlaridan voz kechishni xohlamaydi. Shunga qaramay, keyinroq u bir qancha loyihalarda ishtirok etadi. “Don Kixotning bolalari”, “Moviy muz”, “Olov, suv va … mis trubalar” filmi shular jumlasidan.

Foto: “Liza”

Keyinroq aktrisa barcha kinostudiyalardan uning suratlarini o‘chirib tashlashini so‘rab, uzoq vaqt davomida kinoda faoliyat yuritmaydi va hayotini baletga bag‘ishlaydi. 90-yillarga kelib ko‘rinish berishni boshlagan aktrisa endilikda uncha muhim bo‘lmagan rollarni ijro qila boshlaydi.

Foto: “Liza”

Aktrisaning shaxsiy hayoti

Aktrisa Katta teatr jamoasi bilan Leningradga kelganida Viktor Lebedev bilan tanishadi. Viktorning oilasi borligiga qaramay, 28 yashar Sedix va 41 yashar kompozitor o‘rtasida iliq munosabatlar boshlanadi. Lebedev aktrisa uchun ajrashganiga qaramay, oilasi va ishini tashlab Moskvaga keta olmaydi. Natalya ham “Katta teatr”ni tashlab ketolmaydi.

Foto: “Liza”

Farzandli bo‘lganidan keyin Viktorning xiyonati haqida xabar topgan Natalya uni kechira olmaydi. Bugungi kunda Moskvada yolg‘iz hayot kechiradigan aktrisa boshqalarga muhtoj va qaram bo‘lmasdan yashashga harakat qilishini va bu juda ham qulayligini ta’kidlaydi.