O‘rta Yer dengizi sohillaridagi ekologik fojia (foto, video)

O‘rta Yer dengizining Isroildagi sohiliga o‘nlab tonna mazut chiqib qolgan. Mamlakat hukumati tarixdagi eng katta ekologik fojia boshlanganini ma’lum qilgan. Yuzlab dengiz jonivorlari halok bo‘lgan, zararlangan hududni tozalashga bir necha yil vaqt ketishi mumkin. “Korrespondent.net” hodisa tafsilotlari haqida ma’lumot bergan.

Foto: EPA

O‘tgan haftada kuzatilgan kuchli bo‘ronlardan keyin qariyb 200 metr masofaga cho‘zilgan Isroil sohilining katta qismida mazut qoldiqlari topildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Getty Images

Bo‘ron yangi mazut qoldiqlarini O‘rta Yer dengizining Isroildagi sohiliga uloqtirishda davom etmoqda. Hukumat aholidan mazkur sohillardagi plyajlarga bormaslikni so‘ragan.

Foto: Getty Images

Zararlangan hududlarda o‘lik baliqlar, toshbaqa va qushlarning qora tusdagi jasadlari topilmoqda. Shuningdek, plyajlardan birida 17 metr uzunlikdagi finval kitining jasadi topilgan. Nahang yorib ko‘rilgan vaqtda uning tanasida qora suyuqlik borligi aniqlangan. Biroq hukumat kitning o‘limiga yonilg‘i yutib yuborish sabab bo‘lganligi borasida aniq dalillar yo‘qligini qayd etgan.

Minglab askarlar va volontyorlar sohilni chiqindidan tozalash ishlarini amalga oshirmoqda. Mahalliy hukumatning hisob-kitoblariga ko‘ra, hududni to‘liq tozalash uchun bir necha oy va hatto yil talab etilishi mumkin.

Isroillik amaldorlar qor bo‘roni neft qoldig‘ining qayerga tushishini topishga xalal bergani va shu sababli ham mamlakatda mazkur hodisa oqibatlariga yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rilmaganini ta’kidlagan.

Foto: Getty Images

Mamlakat atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligining fojiani o‘rganish yuzasidan o‘tkazgan maxsus kuzatuv parvozi vaqtida ushbu idora xodimlari mazut qoldiqlarining sohildan 200-500 metr oraliqdagi joylarda, suv yuzasida mavjudligini ko‘rishgan.

Foto: EPA

Ekspertlar neft mahsulotining qoldiqlari oqibatida atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori katastrofik ekani, ekotizimning qayta tiklanishiga yillar ketishi mumkinligini aytgan.

Foto: Isroil qo‘riqxonalar va milliy parklar boshqarmasi

“Neft mahsulotlari g‘ayrioddiy darajada ko‘p. Bizning hududda sohilning ifloslanish ko‘rsatkichi hech qachon bu qadar yomon bo‘lmagan. Sohilni tozalash va bu yerdagi ekotizimning eski holatiga qaytishi uchun o‘n yillab vaqt ketishi mumkin”, – degan Isroil qo‘riqxonalar va milliy parklar boshqarmasi dengiz ekologi Rut Yagel.

Foto: Isroil qo‘riqxonalar va milliy parklar boshqarmasi

Foto: Isroil qo‘riqxonalar va milliy parklar boshqarmasi

Yagelning so‘zlariga ko‘ra, neft mahsulotining oqishi oqibatida birinchi navbatda dengiz shilliq qurtlari, toshbaqalar, mollyuskalar, qisqichbaqalar va dengiz o‘tlari talafot ko‘rgan.

Foto: Isroil qo‘riqxonalar va milliy parklar boshqarmasi

Foto: Isroil qo‘riqxonalar va milliy parklar boshqarmasi

“Ifloslanish ekotizimga jiddiy ziyon yetkazishi, ya’ni delfinlar, akulalar va katta toshbaqalarning hayotini ham xavf ostida qoldirishi mumkin”, – degan ekolog.

Bundan tashqari, neft mahsulotlarining dengiz sohillariga tushishi yer osti suvlariga ham zarar olib kelishi ehtimoli yuqori.

Foto: Isroil qo‘riqxonalar va milliy parklar boshqarmasi

Foto: Isroil qo‘riqxonalar va milliy parklar boshqarmasi

Ekspertlar Isroil sohili yaqinidagi dengiz suvida cho‘milishning inson salomatligiga zarari borasida muayyan fikr bildirish qiyinligini ta’kidlagan, biroq hukumat plyaj atrofida sayr qilmaslik, sport bilan shug‘ullanmaslik yoki 16 ta eng yomon ifloslangan hududlarda dam olmaslikni tavsiya qilgan.

Foto: Isroil qo‘riqxonalar va milliy parklar boshqarmasi

Foto: Isroil qo‘riqxonalar va milliy parklar boshqarmasi

Shunga qaramay, minglab isroilliklar plyajlarga yetib kelgan va sohillarni mazut qoldiqlaridan tozalash ishlarida qatnashmoqda. Ayrim ko‘ngillilar zaharli moddalar ta’siriga tushgani sabab shifoxonaga ham yotqizilgan.

Ekologik fojia sodir bo‘lgan hududga mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham kelgan va hodisa oqibatlarini o‘rgangan.

Foto: Isroil qo‘riqxonalar va milliy parklar boshqarmasi

Foto: Isroil qo‘riqxonalar va milliy parklar boshqarmasi

“Isroilga kelgan Misr energetika vaziri bilan mazkur masalada suhbatlashdim. Kemalarni gaz motorli yonilg‘ida ishlatish, neft mahsulotlarining atrof-muhitga zarar yetkazayotgani borasida fikr almashdik. Menimcha, boshqa mamlakatlar ham bizning safimizga qo‘shilsa, bir necha yil ichida bu borada o‘zgarishlar qila olamiz”, – degan Isroil hukumati rahbari.

Isroil hukumatining a’zolari sohilning ifloslanishiga sohil yaqinidagi kemalar sababchi ekanini taxmin qilgan. Amaldorlar hodisa aybdorlarini topish bo‘yicha barcha ishlar amalga oshirilishi va choralar ko‘rilishini va’da bergan.

Foto: Flash90

Jami to‘qqizta kema ishga aloqador ekani gumon qilingan, ular o‘tgan haftada sohildan 50 kilometr uzoqlikda suzib o‘tgan, deyiladi Israel Hayom xabarida.

Ammo Green Ocean kompaniyasi vakili Vadim Manov bo‘ronlar suv sathida saqlanib qolgan va dengizda suzgan kemalarda ishlatib bo‘lingach suvga tushgan mazutni sohilga chiqarib tashlagan deb hisoblamoqda.

Manov bu borada bir nechta muhim jihatni sanab o‘tgan va quyidagicha savollar bergan:

1. Nima uchun neft mahsulotining dog‘lari suvda ko‘rinmagan?

2. Nega mazut qoldiqlari sohilga chiqib qolgan?

3. Hodisaning bo‘ronga aloqador jihati qanday?

4. 300 tonna yonilg‘idan 160 kilometrlik maydon zararlanib qolishi qanday yuz bergan?

5. Nima uchun greklar, kiprliklar va turklar bu voqealardan bexabar? (Livan, Suriya, Misr, G‘azo sektori OAVlari ham bu haqda axborot bermagan)

Ekspert Isroilda kemalar bilan ishlashning me’yorlashgan tizimi yo‘q deb hisoblaydi. Shuning uchun ham ishlatib bo‘lingan mazut portlardagi qabul uchun ortiqcha mablag‘ sarflamaslik maqsadida suvga chiqarib tashlangan.

U mazut qoldig‘i uning o‘zidan ham yopishqoq bo‘lishi va sovuq suvga tushgach to‘planib, dengiz tubiga tushib ketishi, bo‘ron vaqtida to‘plangan qoldiqlar suv tubidan qo‘zg‘alib, Isroil sohillariga chiqib qolishini aytgan.

22-fevralda Isroil Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi so‘roviga ko‘ra, ekologik fojia yuzasidan tekshiruv tafsilotlarini oshkor qilish sud tartibida taqiqlab qo‘yilgan.

Sud qaroriga ko‘ra OAVga surishtiruvning har qanday tafsilotini ma’lum qilish, xususan, gumondorlar haqida ma’lumot berish taqiqlangan. Kemalar, portlar, jo‘nashlar va ularning manzillari haqida axborot berish mumkin emas.

Jurnalistlar birlashmasi, Kan teleradioeshittirish korporatsiyasi va Globs gazetasi talablarni olib tashlash yoki neft mahsulotlarining sohilga chiqib qolishi bo‘yicha materiallar chop qilishga qo‘yilgan taqiqlarni yumshatishni so‘rab sudga murojaat etgan.