Myanmaning turli shaharlarida mamlakat hokimiyatini egallab olgan harbiy xuntaga qarshi norozilik namoyishlari chog‘ida kamida 114 kishi Qurolli Kuchlar vakillari tomonidan o‘ldirildi. Myanmar Now nashri ushbu ma’lumotni mahalliy vaqt bilan 27-mart kuni soat 21:30 (Toshkent vaqti bilan 20:00) holatiga ko‘ra keltirib o‘tdi, deb yozadi Meduza.

Foto: AP Photo

Myanma harbiylari Qurolli Kuchlar kunini nishonlagan 27-mart kuni turli shaharlar aholisi harbiy diktaturaga qarshi norozilik bildirib, ko‘chalarga chiqqan. Harbiylar mamlakatning 40 dan ortiq shaharlarida namoyishchilarga qarshi qurol qo‘llagan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Xususan, 27 kishi Yangon okrugida, yana 40 kishi esa Mandalay okrugida o‘ldirilgan. Myanmar Now ma’lumotlariga ko‘ra, Meytxila shahrida 13 yoshli qizchani o‘ldirishgan. Reuters agentligi Sikayn okrugida ham 13 yoshli o‘spirin o‘ldirilgani haqida yozmoqda. Bundan tashqari, besh yoshli bolaning o‘limi haqida ma’lumot kelib tushgan, ammo bu tasdiqlanmagan.

Bu Myanmada hokimiyat harbiylar tomonidan egallab olinganidan keyin yuz bergan eng qonli kunlardan biri bo‘ldi, deb yozadi Reuters. AQSh vakillari Myanmadagi dahshatli zo‘ravonlikni qoraladi. Buyuk Britaniya hukumati Qurolli Kuchlar o‘zlarini “sharmanda qilgani”ni yozmoqda.

Myanmada 1-fevraldagi davlat to‘ntarishidan keyin boshlangan norozilik namoyishlarida turli shaharlarda 400 dan ortiq kishi o‘ldirilgan.

1-fevral kuni Myanma harbiylari davlat to‘ntarishini amalga oshirgan, hukumatning amaldagi rahbarlari hibsga olingan edi. Harbiylar Myanma davlat maslahatchisi Aun San Su Chjini 11 kilogramm oltin va 600 ming dollar pulni pora sifatida olganlikda ayblamoqda. Davlat to‘ntarishidan keyin mamlakatning yirik shaharlarida norozilik namoyishlari boshlangan.

Mart oyining boshida ham Myanmadagi politsiya hamda ko‘chalarda namoyish o‘tkazayotgan fuqarolar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda huquq-tartibot idoralari xodimlarining o‘qotar quroldan foydalanishi oqibatida 38 kishining halok bo‘lgani ma’lum qilingan.

Ma’lumot uchun, Myanma aholisi 6-fevral kuni Yangon ko‘chalariga chiqib, harbiylar tomonidan hokimiyat egallab olinishiga qarshi chiqqan. Odamlar harbiylarga qarshi ekanini bildirmoqda, shuningdek, ular hibsga olingan yuqori martabali amaldorlarni, jumladan, davlat maslahatchisi Aun San Su Chji va prezident Vin Myinni ozod etishni talab qilmoqda.

От qwert.uz