Dubay politsiyasi “Arvoh” nomi bilan tanilgan, millionlab dollarlik giyohvand moddalarni Yevropaga noqonuniy tarzda olib kirgan fransiyalik narkobaron Mufida Bushibini hibsga oldi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: AI Conference
“Fransuz detektivlarida Bushibining faqatgina 20 yillik fotosuratlari bo‘lishiga qaramay, mavjud ma’lumotlarni, foto va video materiallarni tahlil qilish va sun’iy intellektning ilg‘or texnologiyalarini qo‘llash orqali bizning operativ guruhimiz uning joylashgan joyini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi”, — deb ta’kidladi Dubay politsiyasi xodimi Jamol Salam al-Jallaf — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Bushibi 10 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan va soxta hujjatlardan foydalangan.
Tergovchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, narkobaron bir yil davomida 82,6 million dollarlik 60 tonna narkotik moddalarni Yevropaga olib kirgan. 2015-yilda Bordo sudi (Fransiyadagi shahar) Bushibini 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan edi.
Avvalroq Jinoyatchilar olamida “Osiyolik El Chapo” laqabi bilan tanilgan narkobaron Se Chi Lop Niderlandiyada hibsga olingani haqida xabar berildi. Kelib chiqishi xitoylik bo‘lgan Kanada fuqarosi dunyodagi eng yirik metamfetamin savdogarlaridan biri hisoblanadi. Ta’kidlanishicha, Avstraliyaga olib kirilayotgan 70 foiz giyohvand moddalar ushbu shaxs boshqaruvidagi “Sem Gor” sindikati orqali yetkaziladi.
Shuningdek, Meksikada politsiya xodimlari hamda jinoiy guruhning a’zolari o‘rtasida yuz bergan otishma oqibatida jami 14 nafar odam halok bo‘ldi. Qurbonlarning 4 tasi politsiyachi ekani, olti nafar odamning yaralanib shifoxonaga olib ketilgani va ularning holati barqaror deb baholayotgani xabar qilindi.
Gonduras prezidentining ukasi Xuan Antonio Ernandes esa narkotik moddalarning noqonuniy savdosi uchun AQShda bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilindi. 2019-yilning oktabr oyida Ernandes narkotik moddalarning noqonuniy savdosiga aloqadorlikda aybdor deb topilgan. Unga eng kamida 40 yillik qamoq jazosi xavf solayotgan edi, lekin prokuratura bir umrlik qamoq jazosi belgilanishini talab qildi.
