Rimda Sezar o‘ldirilgan joy sayyohlar uchun yangi qadamjoga aylanadi. Ushbu sayyohlik obyekti 2022-yilda taqdim etiladi, deb yozmoqda “Tengritravel.kz”.

Foto: Shutterstock

Miloddan avvalgi IV va II asrlarga tegishli butxonalarning xarobalari va eramizdan oldingi 45-yilning 15-mart kuni Sezar o‘ldirilgan Pompey ma’muriy birligi joylashgan Sakra maydoni hozir tashlandiq joyga aylangan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Ushbu xarobalar 1920-yilda, o‘rta asrlarga tegishli barcha binolar Benito Mussolinining buyrug‘i bilan vayron qilinganidan keyin topilgan. Unga yaqinlashish taqiqlanib, uni faqat tashqaridan ko‘rish mumkin edi. Tez orada bu joyni mushuklar boshpana qilib oldi. Hozir hayvonlar nodavlat pansionatlar xodimlari tomonidan boqiladi, sterilizatsiya qilinadi va parvarishlanadi.

France24 nashrining yozishicha, Rim meri Virjiniya Raggi Sakra maydonining ochiq osmon ostidagi muzey bo‘lishini ma’lum qildi. Qurilish va qayta tiklash ishlari may oyining o‘rtalarida boshlanib, bir yil davom etishi kutilmoqda. Qayta qurish natijasida Pompey ma’muriy birligi joylashgan joy tozalanadi, uning o‘rnida zamonaviy yo‘laklar qurilib, ular diodli chiroqlar bilan yoritiladi va imkoniyati cheklanganlarga qulaylik yaratadi.

Maxsus yoritish tizimi o‘tayotgan odamlarning e’tiborini ulug‘vor xarobalarga qaratadi, San-Nikola-de-Chezarini yaqinidagi yerosti taqdimot maydonlarida arxeologik topilmalardan iborat ko‘rgazma tashkil etiladi.

Virjiniya Raggining ta’kidlashicha, Rim hukumati koronavirus pandemiyasi tugaganidan keyin keladigan sayyohlarni kutib olishga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda. Obyektning 2022-yilda ochilishi turizmning yangi to‘lqini vaqtiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Shuningdek, mushuklarning boshpanasi joyida qolishi haqida ham ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, Italiya 2021-yilning yoz faslida sayyohlar uchun ochilishi mumkin.

Italiyaning beshta hududi — Kalabriya, Emiliya-Romanya, Lombardiya, Pyemont va Toskanadagi xavf darajasi “qizil”dan “to‘q sariq”ga almashtirildi. 26-apreldan mamlakatning ko‘plab hududlarida xavf darajasi “to‘q sariq”qa o‘tkaziladi va “sariq” hududlarda tomoshabinlar sonini cheklash sharti bilan muzeylar, teatrlar va kinoteatrlar faoliyati qayta tiklanadi. Barlar va restoranlar ham ochilib, mijozlarga ochiq havoda ximzat ko‘rsatiladi.

15-maydan esa plyajlar va ochiq suv havzalari ham ishga tushiriladi. Lekin may oyida soat 22:00 dan boshlanadigan komendantlik soati saqlanib qoladi. 1-iyungacha umumiy ovqatlanish joylari yopiq binolarda faoliyatini qayta boshlashi mumkin. Shu bilan birga, yopiq sport zallari va suzish havzalari ham qayta ochiladi.

Avvalroq Seyshel orollari hukumati 25-mart kuni karantin va vaksinatsiya sertifikati talab qilishni bekor qilib, chet ellik sayyohlar uchun chegaralarni ochgani haqida xabar berildi.

Shuningdek, sayyohlar uchun to‘liq ochiq bo‘lgan mamlakatlar nomi ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, hozir dunyoda xorijiy sayyohlar uchun koronavirus bilan bog‘liq cheklovlarsiz faqat beshta mamlakat mavjud. Shuningdek, 69 ta mamlakat avvalgidek kirish uchun yopiq. Ushbu ma’lumot Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) tomonidan berilgan hisobotda e’lon qilindi.

От qwert.uz