Ommaviy axborot vositalari AQSh milliarderlarining soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagani haqida xabar berdi. Milliarderlar orasida Ilon Mask, Jeff Bezos, Maykl Blumberg, Uorren Baffett, Jorj Soros va Mark Sukerberg ham bor.

Foto: Reuters

Jurnalistik surishtiruvga ixtisoslashgan ProPublica nashri AQSh ichki daromad xizmatining so‘nggi 15 yil ichidagi ma’lumotlarini tekshirdi. Ma’lum bo‘lishicha, milliardlab dollarlik foyda olgan eng boy amerikaliklar xazinaga umumiy qoidalarga muvofiq miqdordan ancha kam pul to‘lagan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Qayd etilishicha, 2014-yildan 2018-yilgacha Forbes reytingining 25 yetakchisi jami 401 milliard dollar ishlab topgan. Shu bilan birga, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashni hisobga olgan holda, ushbu davr uchun badallar hajmi atigi 3,4 foizni (13,5 milliard dollar) tashkil etgan.

Nashr hisobotida aytilishicha, Amazon asoschisi Jeff Bezos 2007 va 2011-yillarda daromad solig‘i to‘lamagan. Tesla asoschisi Ilon Maskning daromad solig‘i 2018-yilda nolga teng bo‘lgan. 2014-yildan 2018-yilgacha Mask 13,9 milliard dollar ishlab topgan va xazinaga 455 million to‘lagan. Shunday qilib, ekvivalent stavka atigi 3,27 foizni tashkil etgan.

Moliyachi Jorj Soros ketma-ket uch yil davomida federal daromad solig‘ini to‘lamagan, tadbirkor Karl Aykan esa ikki marta — 2016 va 2017-yillarda soliqlardan bo‘yin tovlagan.

Shu bilan birga, minimal “stavka” bo‘yicha rekord Berkshire Hathaway kompaniyasi rahbari Uorren Baffett tomonidan o‘rnatilgan. Uning boyligi 24 milliard dollarga o‘sgan, uning o‘zi esa 125 million daromad haqida xabar bergan.

Surishtiruv mualliflari o‘zlarining materiallari qahramonlaridan izoh olishga harakat qildi. Blumberg, Aykan va Baffett kerakli soliqlarni to‘laganini aytdi. Sorosning vakili holatni aksiyalarning pasayishi tufayli biznesmen katta yo‘qotishlarga duch kelgani bilan izohladi. Bezosning vakili esa Amazon asoschisining moliyaviy ma’lumotlariga izoh bermadi. Ayni paytda Ilon Mask so‘rovga javoban so‘roq belgisi (?)ni yubordi.

От qwert.uz