Saudiya Arabistoni hukumati turmush qurmagan, ajrashgan yoki beva ayollarga erkak vasiylarning roziligisiz ham yolg‘iz yashashi uchun ruxsat berishga qaror qildi, deb yozadi MEMO nashri.

Foto: Reuters

Xabarda aytilishicha, ultra-konservativ qirollik sud tizimi shariat sudlari protsessual qonunining 169-moddasi bandini bekor qildi. Ushbu o‘zgartirish yolg‘iz ayollarga erkak vasiylarsiz — eri, otasi yoki aka-ukalarisiz alohida yashashga imkon beradi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

“Voyaga yetgan ayol yashash joyini o‘zi tanlash huquqiga ega. Ayolning homiysi, agar unda ayolning jinoyat sodir etgani to‘g‘risida dalil bo‘lsagina, bu haqida xabar berishi mumkin”, — deyiladi hujjatda.

Bundan tashqari, qamoqda bo‘lgan ayolning jazo muddati tugaganda u o‘z vasiyiga topshirilmaydi. Advokat Naif al-Mansiyning so‘zlariga ko‘ra, oilalar endilikda yolg‘iz yashashni tanlagan qizlariga qarshi da’vo qo‘zg‘ata olmaydi.

So‘nggi yillarda Saudiya Arabistoni hukumati ayollar huquqlari bilan bog‘liq qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritmoqda.

Ushbu huquqiy o‘zgarishlar Valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmonning iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va qirollikni “islomning mo‘tadil shakli” tomon yo‘naltirishga qaratilgan “Istiqbollar 2030” loyihasining bir qismidir.

Avvalroq Saudiya Arabistonidagi ayollarga farzand ko‘rish usulini tanlash va mustaqil ravishda pasport olish huquqi berilgandi. Shuningdek, mamlakatda ayollarning harbiy xizmat o‘tashiga ruxsat etilgan. Endilikda ayollar, shuningdek, qirollik tarixida birinchi marta litsenziyaga ega turistik gidlarga aylanishi mumkin.

Fevral oyida esa Saudiya Arabistonida ayollar huquqlarini himoya qiluvchi faol Lujayn al-Hatlul  qamoqdan ozod qilingan. Shundan so‘ng al-Hatlul uni qamoqxonada qiynoqqa solganlarni, xususan, valiahd shahzoda Saud al-Qahtoniyning sobiq maslahatchisini sudga bermoqchiligini aytgan.

От qwert.uz