“Siz o‘zingizni juda yaxshi ko‘rasiz!”, “O‘zingiz uchun juda ko‘p qayg‘urasiz”, “Faqat o‘zingiz haqida o‘ylaysiz!” – qisqa qilib aytganda, “egoist” so‘zi ko‘pchilikka tanish. Ayol kishi tabiatan shunday yaratilganmi: farzandlaridan tortib ko‘chadagi boshpanasiz mushukkacha g‘amxo‘rlik qilishi, ro‘zg‘or tashvishlarini o‘z bo‘yniga olishi, o‘zidan tashqari hammani o‘ylashi. Balki 40 yoshdan keyin har qanday ayol uchun bu yetarlidir. Endi o‘zingizga g‘amxo‘rlik qilishning vaqti keldi, ayollar.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: “Domashniy ochag”

Niqob taqish kerak

O‘ziga g‘amxo‘rlik qilish – bu xudbinlik, o‘zini sevish esa ko‘pikli vanna yoki kechasi shirinlik iste’mol qilish, degan noto‘g‘ri tushuncha mavjud. Lekin ayrim ayollar qachon o‘zi uchun libos sotib oladi? Qachonki, barchaga sovg‘a sotib olingandan keyin ortib qolgan pulga.

Shuningdek, bolalar, turmush o‘rtoq va hattoki uy hayvonlarining to‘liq ovqatlanishi, sog‘lom bo‘lishi va xotirjam uxlashi uchun qo‘ldan kelgan barchasi qilinadi. Ularni qanday sport turiga qiziqtirishni, agar biror narsa noto‘g‘ri bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlash, erkaligi, injiqlik yoki qayg‘usini ham o‘z zimmasiga oladi … Ammo ayol kishi uchun kim shunday g‘amxo‘rlik qila oladi?

Samolyotda shunday qoida bor: “Avval o‘zingiz kislorod niqobini kiying va shundan keyingina boshqalarga yordam bering”. Ushbu qoidani hayotga ham tatbiq qilish lozim. Shuningdek, yashashdan to‘liq zavq olish uchun inson o‘zini sevishi va g‘amxo‘rlikni o‘zidan boshlashi kerak. Vaqtida dam olish, shifokor ko‘rigidan o‘tish, jismoniy faol bo‘lish – bularning barchasi me’yorida bo‘lishi kerak.

Me’yoriy uyqu

Har kecha sakkiz soat uzluksiz uxlash zaruriy bo‘lib, undan mahrum bo‘lish shunchaki fojiadir. Uyqusizlik, hatto bir necha kun davomida ham salomatlikka salbiy ta’sir qiladi: stress gormoni – kortizol darajasi ortadi, hujayralarning glyukozaga chidamliligi oshadi, organizmda yallig‘lanish jarayonlari faollashadi, saraton va yurak kasalliklari xavfi rivojlanadi. Bundan tashqari, uyquning qanchalik sog‘lom bo‘lishi juda muhim: tana haqiqatan ham uzoq, chuqur uyqu bosqichida qayta ishga tushadi va tiklanadi. Mumkin bo‘lgan vaqtni uzaytirish uchun qorong‘i, salqin xonada uxlash, yotishdan ikki soat oldin gadjetlardan voz kechish va qahva ichmaslikka harakat qilish kerak.

Sog‘lom va xilma-xil ratsion

Shuningdek, salomatlik ovqatlanish bilan ham chambarchas bog‘liq. 40 yoshdan keyin ayol organizmiga ko‘proq oqsil, sut mahsulotlari – kalsiy va D vitamini suyaklarning mustahkamligi uchun, to‘yinmagan yog‘lar kerak. Bundan tashqari, har kuni yangi sabzavot va mevalarni iste’mol qilishga harakat qilish lozim. Ammo qayta ishlangan kolbasa, shakar va tuz qo‘shilgan mahsulotlar, shirin va spirtli ichimliklarni ratsiondan chiqarish kerak. Ular yildan yilga sog‘liqqa ko‘proq zarar yetkazadi.

Suyuqlik

Suv qanchalik arzimas tuyulmasin, uning ahamiyati juda katta. Charchoq, shish, ovqat hazm qilish muammolari, uyqusizlik, ortiqcha vazn – bularning barchasi va boshqa ko‘plab muammolar tanada suyuqlikning yetishmasligi tufayli yuzaga kelishi mumkin. Shifokorlarning ta’kidlashicha, chanqoq aniq his qilinganda tana allaqachon 30 foizga suvsizlangan bo‘ladi. Eng yaxshi yechim – doimo toza suv olib yurish va har soatda oz-ozdan ichish. Ammo shishishga moyil bo‘lganlar yotishdan ikki soat oldin suyuqlik ichmaslikka harakat qilishi kerak.

Harakat

Inson uchun yildan yilga jismoniy faollik ko‘proq kerak bo‘ladi. Minimal talab – haftada 150 daqiqa aerobik mashg‘ulot va kamida ikkita kuchli mashg‘ulot. 40 yoshdan keyin mushak to‘qimasini yo‘qotish jarayoni boshlanadi va ularni saqlab qolish uchun muntazam ravishda mashqlar bajarish kerak – u zaiflashgan umurtqa pog‘onasini qo‘llab-quvvatlaydi va bo‘g‘imlardagi stressni kamaytiradi. Shuning uchun zavq bag‘ishlaydigan va imkon qadar ko‘proq vaqt ajratishga undaydigan qiziqarli sport turi bilan shug‘ullanish kerak.

Toza havo

Atigi 15 daqiqa ochiq quyosh nurida turish metabolizmni tezlashtiradi, D vitaminiga bo‘lgan kunlik ehtiyojni qondiradi, qondagi qand miqdorini normallashtirishga yordam beradi va stress gormoni — kortizolni kamaytiradi. Iloji bo‘lsa, sayr qilish, tabiat qo‘ynida ko‘proq vaqt o‘tkazish lozim: stress eng makkor dushmanlardan biri bo‘lib, tabiat bilan muloqot uning oqibatlarini kamaytirishga yordam beradi.

Tibbiy tekshiruvlar

Kasallikning oldini olish uni davolashdan ko‘ra oson va agar uni oldini olishning iloji bo‘lmasa, uni imkon qadar ertaroq aniqlash yaxshiroqdir. Yiliga bir marta shifokorlar tomonidan ko‘rikdan o‘tishga harakat qilish lozim, qorin bo‘shlig‘i, tos a’zolari, qalqonsimon bez va yurak, kerak bo‘lsa, ultratovush tekshiruvidan o‘tkaziladi. Stomatolog va oftalmologga tashrif buyurish, albatta, ginekolog va mammolog tekshiruvini ham unutmaslik kerak. Ahamiyatsiz tuyulgan alomatlar borasida ham shifokor bilan maslahatlashish zarur, ularning o‘z-o‘zidan o‘tib ketishini kutmaslik kerak.

От qwert.uz