SINGAPORE INTERPOL GLOBAL COMPLEX FOR INNOVATION

Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi bosh inspektori Ahmad Nosir al-Raisiy 25-noyabr kuni Interpol (Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti)ning yangi prezidenti etib saylandi. Bu haqda tashkilot ma’lumotiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Foto: EPA

Interpol bayonotida aytilishicha, al-Raisiy to‘rt yillik muddatga saylangan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Shu tariqa, al-Raisiy tashkilot prezidenti sifatida Janubiy Koreya davlat arbobi Kim Chon Yanning o‘rnini egalladi. Bungacha al-Raisiy Interpol ijroiya qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan.

Tashkilotning sobiq rahbari Kim Chon Yan bu lavozimda 2018-yilning noyabridan beri ishlab kelayotgan edi.

Yangi prezidentni saylash 23—25-​​noyabr kunlari Istanbulda o‘tkazilayotgan Interpol bosh assambleyasi yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi. Bosh assambleya har yili yig‘iladi. Unda tashkilotning umumiy siyosati, xalqaro hamkorlik uchun zarur resurslar bo‘yicha asosiy qarorlar qabul qilinadi, shuningdek, ish usullari, moliyalashtirish va faoliyat dasturi belgilanadi.

Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on Interpol assambleyasi ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida Turkiya jinoyatchilikka qarshi kurashda Interpol ko‘magiga tayanishini bildirgandi. Turkiya rahbari, shuningdek, “qator G‘arb davlatlari va xalqaro tashkilotlarning Interpol faoliyatiga ta’sir o‘tkazishga urinishlarini” nomaqbul deb atadi. “Interpol hech qanday shartlarsiz terrorchilarga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlashi hamda u yoki bu davlatning pozitsiyasini e’tiborga olmasligi juda muhim”, — dedi Erdo‘g‘on.

От qwert.uz