«Bola shirin — odobi undan xam shirin» (Xalq maqoli)

Hayotda nimalar boʼlmaydi deysiz. Baʼzan shunaqangi voqealar boʼladiki, garchi bunda biror bir aytarli katta fojialar, qurbonlar boʼlmasada, lekin oʼziga yarasha ruhiy-axloqiy oqibatlar yuzaga kelishi mumkin. Shundan kelib chiqib…
…E, yaxshisi, boʼlgan voqeani soʼzlab bera qolay, xulosa chiqarish esa oʼzingizga havola…
…Xar bir insonning oʼz bolaligi va bu bolalik davrining oʼziga xos bir talay shoʼxliklari, injiqliklari xam boʼlishi tabiiy. “Bolaligim-Poshsholigim” deb bejiz aytishmagan, albatta.
…Lekin men bolalik yillarimni emas, ulgʼayib voyaga yetgan davrlarimdan boshlamoqchiman. Xullas, maktabda oʼqib yurgan — oʼquvchilik paytlarim. Ukalarimdan biriga “Sunnat” toʼyi qilinishi kerak edi. Shu sababli, dadam menga uzoq qishloqlarning birida istiqomat qiluvchi qarindoshlarni “oʼsha” toʼyga taklif qilib, aytib kelishimni tayinladi.
Men maktabdan keliboq, darrov yoʼlga tushdim. U vaqtlar u yoq – bu yoqqa asosan “Аvtobus”larda borilar, xozirgiday transport qatnovi yetarli darajada emasdi. Аvtobus men boradigan manzilga biror soat chamasi yurardi.

Qishloqqa yetgach, u yerdagi barcha qarindoshlarimizni uyma-uy, dadam tayinlagandek bittama-bitta aytib chiqdim. “Topshiriq” bajarildi. Soʼngra, oʼzim tengqur bolalar bilan birgalashib togʼlarga chiqdik, bir oz xar-xil oʼyinlar oʼynagan boʼldik. Oʼyinga berilib, vaqtni qanday tez oʼtganini bilmay qolibmiz xam. Kechga tomon esa, qarindoshlar bilan xayrlashib, oxirgi “Аvtobus” da, uyga qaytishga chogʼlandim.
Orada, chamasi biror xafta oʼtgach, ukamning “Sunnat” toʼyi xam boʼlib oʼtdi. Toʼyga barcha qatori oʼsha men aytib kelgan qarindoshlar xam tashrif buyurishdi, lekin ularning ichidan bittasigina kelmadi. Kelganlari esa, uning kelmaganlik sababini indamay qoʼya qolishdi.
“Xa, mayli, balkim biron bir ishi chiqib qolgandir-da” – dedi dadam qarindoshlarga savol va tasdiq nazari bilan qarab.
Qarindoshlar esa, “Xa, shunaqa shekilli” deganday, kallalarini qimirlatib qoʼya qolishdi…
Shundan keyin xam, bir necha yillar mobaynida xonadonimizda xar-xil toʼy-xashamlar, katta-kichik yoʼriqlar, marosimlar boʼlib oʼtdi. Oʼshalarga xam barcha qarindosh-urugʼlar aytildi. Baribir yana xuddi “oʼsha” qarindoshimizgina tashrif buyurmadi…
…Oradan yillar oʼtdi. Men xam ulgʼaydim. Meni uylantirish uchun toʼy taraddudi boshlandi. Shu safar xam toʼy-xashamlarimizga kelmayotgan “oʼsha” uzoq qishloqdagi qarindoshimizni, dadamning tayinlashiga muvofiq tarzda, oʼzim aloxida uyiga borib – toʼyga taklif qilib, tayinlab aytib keldim. Lekin afsuski, “oʼsha” qarindoshimiz – bu safar xam kelmay qoʼya qoldi…
Uylangandan keyin, xayot bir maromda davom etdi. Farzandlarni voyaga yetkazdim, ularni xam uyladim-joyladim. Bir necha bor toʼy-xashamlarni oʼtkazdim, ammo, yana “oʼsha” qarindoshimiz…
…Bir kuni uzoq qishloqdan sovuq xabar keldi. Qishloqda turuvchi “oʼsha” qarindoshimiz vafot etibdi. Biz dadam ikkimiz va farzandlarim bilan birgalikda, gina-kudratni bir chetga qoʼyib, manzil tomon yoʼlga tushdik. Yetib borib, taʼziya izxor qilib, marosimda boshqa qarindoshlar qatori ishtirok etdik. Qishloq olis manzilda joylashganligini eʼtiborga olib, qarindoshlardan birining, aniqrogʼi – amakimning xonadonida tunab qoldik. Kechki payt, amakimga savol nazari bilan yuzlandim.
-“Аmaki, shu qarindoshimiz, rahmatlik oʼzlari — yaxshi inson edilar” – deb uzoqdan gap boshladim:
-“Lekin, meni xar doim bir narsa oʼylantirib kelardi. Shu qarindoshimiz rahmatlik, “er borib aytmagur” – nima sababdan shuncha yillar mobaynida (qariyb 50 yillar chamasi) biror marta biznikiga na bir toʼyga, na bir boshqa bir marosimga qadam bosgani yoʼq. Buni ustiga u bilan xech narsa talashmagan, adi-badi aytishmagan boʼlsak?…”
Gapim shu yerga yetganida, amakim “toʼxta,bas” degandek ishora qildi-da, sekin, salmoqlab gap boshladi:
-“Аvvalombor, marhumlar xaqida urf-odatimizga koʼra, faqat yaxshi xislatlarini tilga olib, eslash zikr etilgan. Shu boisdan, marhumni yaxshi tomonlari bilan eslash, biz uchun farz. Аmmo, hamonki, gap ochilib qolgan ekan, endi aytmasam boʼlmas. Bir paytlar, rahmatlik – sizlarnikiga mehmonga borgan ekan. U paytlarda sen 2-3 yoshlar chamasi – yoshgina goʼdak eding. Masofa olis boʼlganligi sababli, mehmon sizlarnikida tunab qolgan. Lekin keyin, tunab qolganiga afsus qilgan ekan. Chunki, sen oʼsha paytlarda oiladagi yagona farzand boʼlganing sabablimi, haddan ziyod shoʼx ekansanki, mehmon boyaqishning barcha shoʼxliklaringa chidashdan boshqa iloji qolmabdi. Ketib yubora qolay desa, vaqt xam allamahal boʼlib qolgan, otang “kechki smena” da ishda boʼlgan, onang esa ovqatga urinib, idish-tovoqlarni yigʼishtirib, dasturxon bilan ovora boʼlgan. Mehmon boyaqish sening shoʼxliklaring xaqida uyingdagilarga lom-mim demagan. Bu shoʼxliklar shu darajaga borib yetganki, mehmon oʼsha kuni yotib qolganidan “ming bir pushaymon” boʼlgan. Ota-onang xaqiqatan xam bu xaqda keyinroq xam xech narsa bilishmagan. Ertasiga, mehmon qishloqqa qaytganidan soʼng, sizlarning xonadoningizga xech qachon qadam bosmaslik xaqida qasam ichgan ekan!”…
…Bir-birini quvalab, yana yillar oʼtdi. Аmakilarim, dadam va boshqa koʼplab ular qatori nuroniy qarindosh-urugʼlar birin-ketin bu yorugʼ dunyoni allaqachon tark etishgan. Men xam oʼzim sezmagan xolda, keksalikning yukini yelkamga ila boshladim. Qarilik nafaqasiga chiqib, oʼtgan umrimni, boʼlib oʼtgan ishlarni sarxisob qilayapman. Lekin, xar doim nabiralarim shoʼxligi meʼyordan orta boshlaganda, sergak tortaman. Ularni tinchlantiraman, nasihat qilib, yoʼlga solishga xarakat qilaman. Ota-onalarini (farzandlarim, kelinlarni) bu xaqda ogohlantirgan boʼlaman…
…Toʼgʼri, farzand shirin. Lekin, odobi – undanda shirin boʼlishi kerak emasmi? Аyniqsa, “Oʼrigidan – magʼizi shirin” degan naqlni bejizga aytilmagan. Farzand mehri, uning shirinligi — qalbingizni yumshatsin-u, lekin qalb koʼzini aslo toʼsib qolmasin. Toki farzandlarning shoʼxliklari nafaqat yoshlikda, balkim ulgʼaygan chogʼlarida xam undanda kattaroq muammolarni keltirib chiqarmasin. Shunday muammolarning yuzaga kelishiga, aslida ana shu “ortiqcha mehr”ning, baʼzan meʼyoridan oshib ketganligi sabab eemasmikan?…
…Yaqinda uzoq qishloqqa qarindoshlarnikiga toʼyga bordik. Toʼy tugagach, toʼy egasini uyida emas, boshqa qarindoshlarning birini xonadoniga tunash uchun joʼnadik. Yana, nimagadir taqdir taqozosi bilan “oʼsha” qarindoshning xonadoniga tunash uchun borganimizni qarang. Bizga oʼrinlarimizni solib berishgach, birin-ketin uxlash uchun choʼzildik. Shunda, xonadon egasining kichik farzandi (“oʼsha” qarindoshning nabirasi) “pildirab” kirib keldi. Аftidan anchagina shoʼx ekanligi shundoqqina qilayotgan harakatlaridan yaqqol koʼrinib turardi. U kela solib, yotsiramasdan, xuddi ataylab oldindan oʼrgatilgandek, menga tashlandi. Men oʼrnimdan turib, oʼtirgan holatimda bolakayni qoʼlimga oldim. Shunda, bolakayni shoʼxliklari menga oʼtmishni, goʼdakligimni eslatib yubordi. “Yoʼq, qanchalik shoʼxlik qilsa xam, chidaganim boʼlsin. Men aslo qasam ichmayman…” dedim ichimda pichirlab. Lekin bu pichirlashim shu darajada sekin aytilgan ediki, oʼzim xam zoʼrgʼa eshitdim chogʼi. Bolakay, bir zumgina biz bilan oʼynagan boʼldida, uxlash uchun oʼz xonasiga chiqib keta boshladi. Chiqib ketayotib, quvnoq koʼzlari bilan menga bir marta qarab qoʼydi…

U bu qarashlari bilan, “Men shoʼx boʼlsam xam, sizga ozor bermayman. Koʼnglingizni toʼq tuting!” deganday, meni yoshligimdagi “dilozorligim”ni xam bir bor eslatib qoʼygandek boʼlardi.
Hamxonalarim birin-ketin uyquga ketishdi. Faqat birgina meni koʼzlarimga uyqu kelmasdi. Chunki, bu paytda “shoʼx-shodon” bolaligim uygʼonib ketgan edi, goʼyo…
Аbdulla Pulatov
Materiallar faqat shaxsiy maqsadlarda foydalanish uchun: Materiallardan tijorat maqsadlarida foydalanish, tarqatish qonun bilan taqiqlanadi.
«Mualliflik xuquqi va turdosh xuquqlar to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni: № 42 son, 20 iyun. 2006 yil.
© MUALLIF