…Qadim zamonlarda bir davlatda odil podshoh hukm surgan ekan. U mamlakatni odilona boshqarish bilan birgalikda, ilm ahlini g‘oyatda e’zozlab, hurmat qilar va o‘zi ham bilimli, g‘oyatda tadbirli ekanligi bilan elu-yurt o‘rtasida nom qozongan ekan.
Uning har zamonda takrorlanib turadigan bir odati bor bo‘lib, o‘zi istagan paytlarda, podshoxlik liboslarini tashlab, oddiyroq kiyinar ekanda, avvaldan qazib, tayyorlatib qo‘yilgan qabr ichiga kirib, u yerda bir necha soatlab yotar ekan.

Uning bu ishidan podshohning Vaziri va Lashkarboshisigina xabardor ekanlar-u, baribir ular ham Podshohga lom-mim deyishmas ekan. Lekin, kunlarning birida Vaziri chidab turolmay, undan so‘rabdi:
-“Podshohim, bir qoshiq qonimdan kechsangiz. Mana shu qabr ichiga kirib yotgan paytlaringiz meni biroz xavotir bosadi. Kimdir g‘animlik qilib, qabrni tashqaridan mahkamlab yopib qo‘ysa-yu, biz bundan bexabar qolsak, unda holingiz ne kechadi? Axir…”.
Podshoh qo‘li bilan “Bas qil” degandek ishora qilibdi-da, Vazirga javoban shunday debdi:
-“Men xar doim zahira yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rib borishga, qo‘shimcha choralarni yo‘lga qo‘yishga odatlanganman. Shuning uchun ham qabrning kun chiqish tarafidan alohida lahm kavlatib, sen aytganday “tuzoq”qa tushib qolguday bo‘lsam, qutulib ketish uchun imkon yaratib qo‘yganman!”.
-“Donoligingizga ofarin, bunday tadbirni yo‘lga qo‘yish — bizning tushimizga ham kirmagan bo‘lur edi!” – debdi Vazir hitob bilan.
Podshoh istehzo bilan kulimsirabdi-da, “Hamma o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lsin” deganday ishora qilibdi…
…Kunlardan bir kun podshoh eski odatiga ko‘ra, oddiy kiyimlarni ustiga ilibdi-da, qabr sari otlanibdi. Vazir ham shuni poylab turgan ekan, podshoh qabr ichiga kirishi bilanoq, o‘ziga sodiq navkarlari bilan zudlik bilan qabr og‘zini ham, kun chiqish tarafdagi o‘sha lahm og‘zini ham podshoh chiqa olmaydigan darajada mahkamlab, berkitdirib tashlabdi.
Kun botib, kech kiribdi. Podshohdan darak bo‘lmagach, saroy ayon-ahli uni qidira boshlashibdi. Podshoh topilmagach, uni topilishidan deyarli umidlarini uzishibdi. Vazir esa, sevinganidan qanday qilib tong otdirganini bilmabdi. Chunki u anchadan buyon podshoh taxtiga ko‘z olaytirib yurgan ekan-da.
Tong otgach, u hursand xolda podshoh saroyiga kirib boribdi. Vazir saroyga qadam qo‘yishi bilanoq, Podshoh navkarlari uni darrov qo‘lga olishib, qo‘l-oyog‘iga kishan bog‘lashibdi. Vazir bir payt o‘ziga kelib, atrofga razm solsa, qo‘l-oyog‘i bog‘liq holda Podshoh huzurida turganmish. Bir qayg‘uga botarmish, bir hayron bo‘larmish. Chunki lahm og‘zini berkitilishida — o‘zi tepasida turgan bo‘lsa, qabr og‘zi ham juda qattiq, metinday mustahkam qilib mahkamlangan bo‘lsa, nahotki shuncha qilingan harakatlari zoye ketsa?….

Podshoh kulimsirab debdi:
-“Xo‘sh, “sobiq Vazir”, tirik qolganimga hayron bo‘lyapsanmi? Qabix rejalaring amalga oshmay qoldimi? Yugurganniki emas, buyurganniki bo‘libdi-da!…”.
Vazir hech narsa demas, deyish uchun esa tili ham aylanmas, jur’ati ham yetmas edi.
Podshoh uzoq muhokama qilib o‘tirmabdi-da, darrov podshohlarga xos tarzda, qat’iy hukm chiqarib, Vazirni jallod qo‘liga topshiribdi.
O‘limi oldidan, Vazirga oxirgi istagi bor-yo‘qligini, mabodo bo‘lsa odil Podshoh sifatida, uni inobatga olishini aytibdi. Vazir ham barchani hayratga solib, oxirgi istagini quyidagicha bayon qilibdi:
-“Podshohim, bo‘lar ish bo‘ldi, aybimni tan olaman. Lekin, umrimning so‘nggi pallasini boshdan kechirayotgan bo‘lsamda, hamon bir narsa aqlimga sig‘mayapti. Barcha chiqish teshiklarini shu qadar puxtalik bilan, mustahkam berkitdirgan bo‘lsam-da, axir, qanday qilib omon qolishingiz mumkin?”.
Podshoh, unga javoban, qahr bilan, shunday debdi:
-“Agar yodingda bo‘lsa, men xar doim zahira yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rib borishga odatlanganman degan edim. Qabrning kun chiqish tarafidan tashqari — kun botish tarafidan ham qo‘shimcha tarzda lahm kovlatib qo‘yganligim bois, mana shu ikkinchi zahiradagi lahm jonimga oro kirdi. Chunki, sening qora niyatli ekaningni anchadan buyon ko‘nglim sezib yurgandi. Mana, axiri qo‘limga ham tushding!”.
Shunday deya, Podshoh jallodga qat’iy ishora beribdi. Munofiq Vazir qilmishiga yarasha jazosini olibdi.
Bo‘lib o‘tgan voqealarga yaqindan guvoh bo‘lgan Podshoh Lashkarboshisi juda taajjublanib, Podshohga yuzlanib, so‘rabdi:
-“Olampanoh, bizning baxtimizga bir o‘limdan qolibsiz. Lekin bordiyu, ikkinchi lahmni xam borligidan mal’un Vazir xabar topganida bormi, unda holingiz ne kechardi?”.

-“E, Lashkarboshi, men shu uchinchi holatga xam tayyorgarlik ko‘rib, yana bitta lahm kavlatib, u yerdan yashirin omborxonaga kiriladigan qilib, omborxonani esa kerakli oziq-ovqat zaxirasi bilan to‘ldirgizib qo‘ygandim. Ammo bu yashirin ombor xaqida faqat farzandlarim xabardor.” – deb javob qilibdi Podshoh.
-“Podshohim” – debdi Podshohga Lashkarboshi – “Bir qoshiq qonimdan kechingu, mabodo, farzandlaringizdan birortasi….”.
Podshoh shunda Lashkarboshining gapini bo‘lib:
-“Agar jondan aziz farzandlarim ham taxt talashib, menga qarshi chiqishsa, u holda buni ham chorasini ko‘rib qo‘yganman. O‘sha qabr ichiga maxsus idishda og‘u yashirib qo‘yilgan. O‘z pushti kamarimdan bo‘lgan farzandlarim menga ravo ko‘rmagan taxtda Podshohlik qilib, ularga otalik qilgandan ko‘ra, bunday taxtdan va oq padar farzandlardan voz kechib, o‘sha og‘uni yutganim va qabrda abadiy qolib ketganim afzalroqdir!” – deb javob qilgan ekan Podshoh.
Аbdulla Pulatov
Materiallar faqat shaxsiy maqsadlarda foydalanish uchun: Materiallardan tijorat maqsadlarida foydalanish, tarqatish qonun bilan taqiqlanadi.
«Mualliflik xuquqi va turdosh xuquqlar to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni: № 42 son, 20 iyun. 2006 yil.
© MUALLIF