Bu chindan ham pechda pishirishni talab qilmaydigan eng mukammal va oson tayyorlanadigan chizkeyk. Uni 30 daqiqada tayyorlab, dasturxonga desert sifatida tortish mumkin. Marie Claire nashri taqdim etgan yangi retseptga ko‘ra, ushbu shirinlikni, albatta, tayyorlab ko‘rishni tavsiya qilamiz.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Marie Claire

Kerakli mahsulotlar:

Xamir uchun:

  • pechenye — 200 gramm;
  • jigarrang shakar — 70 gramm;
  • sariyog‘ — 120 gramm.

Chizkeyk uchun:

  • qaymoq — 300 ml;
  • pishloq — 700 gramm;
  • smetana — 60 gramm;
  • shakar — 100 gramm;
  • shakar upasi — 15 gramm;
  • limon sharbati — 2 choy qoshiq;
  • vanil — 1 choy qoshiq.

Tayyorlanish jarayoni:

Avval xamir uchun ajratilgan mahsulotlar yaxshilab aralashtiriladi. Pechenye blender yordamida maydalanadi.

Foto: Marie Claire

So‘ngra 22 santimetr aylana shaklida yoki undan ham kichikroq qolipga hosil bo‘lgan massa solinadi. Massa bir-biriga yaxshilab yopishishi uchun stakanda yaxshilab bosish lozim.

Foto: Marie Claire

Nachinka tayyor bo‘lgunga qadar qolipdagi korj muzlatkichda 10-20 daqiqaga qoldiriladi. Navbat chizkeykning asosiy qismiga keldi. Mikser yordamida qaymoq 5 daqiqa davomida o‘rtacha tezlikda aralashtiriladi.

Foto: Marie Claire

So‘ngra pishloq va shakar ham silliq bo‘lguncha mikser qilinadi. Shakar upasi, smetana, limon sharbati va vanil qo‘shiladi. 2-3 daqiqa davomida aralashtiriladi.

Ko‘pirtirilgan qaymoq hamda pishloqli aralashma qo‘shilib, ehtiyotkorlik bilan aralashtiriladi. Muzlatkichga qo‘yilgan qolipga asta-sekin qaymoqli massa solinadi. Yuzasi silliqlanib, qattiq bo‘lishi uchun folga yoki polietilen paket bilan mahkam yopiladi.

Foto: Marie Claire

Chizkeykni muzlatish uchun kamida 6-8 soatga, uzog‘i bilan 2 kunga muzlatkichga qo‘yish mumkin. Lekin o‘rtacha me’yor 12 soatni tashkil etadi. Kerakli vaqtdan keyin pichoq yordamida chizkeyk qolipdan ajratib olinadi.

Foto: Marie Claire

Ta’bga ko‘ra, desert yuzasi meva, shokolad yoki boshqa bezaklar bilan to‘ldirilishi mumkin.

Foto: Marie Claire

Dasturxonga shirinlik chiroyli bo‘laklarga bo‘linib, tortiladi. Eslatib o‘tamiz, mazkur shirinlikni 5 kungacha muzlatkichda saqlash mumkin.

Yoqimli ishtaha!

От qwert.uz