Shu bilan birga, u o‘zida Oy massasini mujassam etadi va astrofiziklar ko‘p yillardan buyon muvaffaqiyatsiz qidirayotgan o‘sha obektlardan biri – birlamchi qora tuynuk bo‘lib chiqishi mumkin.
Manba: « Hi-Tech_Mail.ru ».

Yangiliklar Muallifi

Galaktikamizning chekkasida, ehtimol, mitti o‘lchamdagi qora tuynuk payqalgan bo‘lishi mumkin, deya xabar beradi xalqaro astrofiziklar jamoasi Serro-Tololo (Chili) rasadxonasidagi kuzatuvlar yakunlariga tayanib. Taxminlarga ko‘ra, uning diametri millimetrning atigi o‘ndan bir qismini tashkil etishi mumkin va u o‘zida Oy massasini mujassam etadi.
Olimlarning aytishicha, besh kecha ketma-ket Katta Magellan Buluti yo‘nalishida maqsadli ravishda shunday obektlarni qidirishgan. Eslatib o‘tamiz, ushbu galaktika Somon Yo‘lining yo‘ldoshi bo‘lib, bizdan taxminan 160 ming yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan. Taqqoslash uchun, Quyosh tizimidan Somon Yo‘lining markazigacha bo‘lgan masofa 26 ming yorug‘lik yiliga teng.
Bunday masofalarda umuman shunga o‘xshash o‘lchamdagi biror narsani ko‘rish mumkinligiga ishonish qiyin, buning ustiga, ma’lumki, qora tuynuk yorug‘lik chiqarmaydi. Ammo gap astronomlar ushbu deyarli mikroskopik qora tuynukning konturlarini bevosita ko‘rishgani haqida ketmayapti: ular uni bilvosita belgisiga ko‘ra, ya’ni – mitti galaktikaning oddiy yulduzi oldidan tasodifan uchib o‘tgan soniyasida aniqlashgan.
Albert Eynshteyn aniqlaganidek, massaga ega bo‘lgan har qanday obekt fazo-vaqtning ko‘rinmas «mato»sini o‘zi bilan egadi va uning atrofida ushbu buzilish sohasi hosil bo‘ladi. Agar ushbu soha orqali boshqa biror manbaning yorug‘ligi o‘tsa, u uni aylanib o‘tishga majbur bo‘ladi va kuzatuvchi uchun bu yorqinlikning to‘satdan ortishi kabi koasdi. Bu fenomen gravitatsion linzalanish nomini olgan.

Manba:Unsplash
Eng ko‘zga ko‘rinarli kosmik linzalar, albatta, ulkan galaktik klasterlar (to‘dalari) tomonidan hosil qilinadi: ularning atrofida yoylar, «taqa»lar va hattoki butun boshli doiralarni – uzoqroqdagi galaktikalarning kattalashtirilgan va egilgan tasvirlarini ko‘rish mumkin. Ammo aslida xuddi shunday effektni har qanday yulduz, sayyora, hattoki asteroid ham hosil qiladi. Shunchaki buni qayd etish ancha qiyinroq.
Olimlarning yozishicha, kuzatuvlarning to‘rtinchi kechasida ular tomonidan aniqlangan taxminiy mikrolinza, yulduz oldidan uch yarim soat davomida o‘tgan va shu vaqt mobaynida juda kuchsiz, ammo baribir kuzatiladigan va buning ustiga barqaror yorqinlik ortishini hosil qilgan obektdek ko‘ringan. Tushunish uchun qayd etish joizki, masalan, yoritgich diski bo‘ylab o‘tayotgan sayyora, aksincha, vaqtinchalik xiralashishni keltirib chiqargan bo‘lardi – u baribir yetarlicha katta va yulduz yorug‘ligini qisman to‘sib qo‘yadi.
Astrofiziklarda bu oddiy yulduz chaqnashi bo‘lmaganiga to‘liq kafolat yo‘q, biroq ular qo‘shimcha kuzatuvlar o‘tkazishdi, olingan ma’lumotlarni o‘zgaruvchan yulduzlarning xulq-atvori bilan solishtirishdi va bu yaxshi o‘rganilgan hodisalarning hech biriga o‘xshamasligi haqida xulosaga kelishdi.
Eng qiziqarli jihati esa: agar olimlarning shubhalari to‘g‘ri bo‘lsa, bu uzoq kutilgan birlamchi qora tuynuklar deb ataladigan obektlardan birining topilganini anglatishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, Stiven Xoking va ko‘plab boshqa kosmologlarning talqiniga ko‘ra, Koinot tarixining eng boshida u hali shunchalik zich bo‘ganki, unda yuzaga kelgan modda har tomonda shunday mikroskopik qora tuynuklarga «singib (qulab) ketgan» va ular hozirgi kungacha saqlanib qolishi kerak edi. Ushbu gipotezaga ko‘ra, aynan ular kosmosdagi qorong‘u materiya deb nomlangan o‘sha yashirin ulkan massani tashkil qiladi.
Avvalroq kosmologlar, shuningdek, faqat birlamchi qora tuynuklar tufayligina Koinotda oddiy modda saqlanib qolganini, ya’ni, mohiyatan, aynan ular tufayli biz mavjudligimizni taxmin qilishgan edi.
