
Manba: Lifehacker.ru
Hijoma — maxsus idishlar va vakuum yordamida qon chiqarish usuli bo‘lib, ba’zan uni “vakuumli massaj” deb ham atashadi. Bu jarayon an’anaviy va alternativ tibbiyotda qadimdan qo‘llanib keladi. Ushbu amaliyotda bemorning terisi igna yoki skalpel yordamida mayda kesiladi, so‘ng shikastlangan joyga vakuumli idish qo‘yiladi. Idishdagi bosim tufayli teri ichiga qon tortiladi va tanadan chiqariladi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Hijoma O‘rta Osiyo, Xitoy, Koreya, Sharqiy Yevropa, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida keng qo‘llanadi. Arab tilida “hijoma” so‘zi “al-hajm” — “so‘rib olish” ma’nosini bildiradi.
Hijoma nima uchun qo‘llanadi?
Hijoma turli kasalliklarda shifobaxsh deb hisoblanadi. U osteoxondroz, epilepsiya, jigar, buyrak va o‘t pufagi kasalliklari uchun foydali bo‘lishi mumkinligi aytiladi. Biroq, uning samaradorligi ilmiy jihatdan to‘liq tasdiqlanmagan.
Shu bilan birga, bir qancha tadqiqotlar hijomani asosan og‘riqni kamaytirish vositasi sifatida tasdiqlaydi. Masalan, mushak, bo‘yin va yelka og‘riqlari, kuchli bosh og‘rig‘i, nevralgiya va gerpes kabi holatlarda yordam berishi mumkin. Biroq ba’zi tadqiqotlarda natijalar faqat ayrim bemorlarda sezilgan, chunki metodologik xatolarga yo‘l qo‘yilgan.
Hijoma xavfli bo‘lishi mumkinmi?

Hijoma xavfsizligi uning qanday muhitda va kim tomonidan bajarilishiga bog‘liq. Faqat bitta ishlatiladigan igna yoki skalpel, terini dezinfeksiya qilish kabi qoidalarga rioya qilinsa, xavf minimal bo‘ladi. Aks holda OIV, gepatit B va C kabi qon orqali yuqadigan infeksiyalar xavfi mavjud.
Masalan, Saudiya Arabistonida olib borilgan tekshiruvda 25 000 bemorda gepatit C holati aniqlangan, ko‘pchiligi uni hijoma orqali yuqtirib olgan.
Hijoma quyidagi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin:
• Terida shish, chandiq, kuyish va turli yaralar paydo bo‘lishi;
• Infeksiya tushishi;
• Qichishish va allergik reaksiyalar;
• Teri ostidagi yog‘ qatlamining yallig‘lanishi;
• Kamqonlik;
• Psoriaz va boshqa teri kasalliklari;
• Kebner fenomeni (teri shikastlanishi);
• Ong bilan bog‘liq muammolar, bosh aylanishi;
• Ko‘ngil aynishi, charchoq;
• Hushdan ketish;
• Uyqu bilan bog‘liq muammolar.
Hijoma — tibbiy jarayon bo‘lib, uni bilim va diplomga ega bo‘lmagan shaxslar bajarishi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Kimlarga hijoma man etiladi?

Hijoma quyidagi holatlarda tavsiya etilmaydi:
- Ochiq jarohat va teri yaralari;
- Saraton kasalliklari;
- Ichki organ yetishmovchiligi;
- Gemofiliya va boshqa qon kasalliklari;
- Yuragida kardiostimulyator o‘rnatilgan bemorlar;
- Bolalar va qariyalar;
- Homiladorlik;
- Hayz davri;
- Xolesterin miqdori yuqori bo‘lganda;
- Yurak va qon-tomir kasalliklari;
- O‘tkir yuqumli kasalliklar;
- Chuqur tromboz va suyak singan holatlar.
Xulosa qilib aytganda, hijoma foydali bo‘lsa-da, uning xavfsizligi va samaradorligi shifokor nazorati, to‘g‘ri texnika va gigiyenik qoidalarga rioya qilinishiga bog‘liq.

