Pochtachi kabutarlarning yuzlab kilometr masofani bosib oʻtib, uyga yoʻl topa olish qobiliyati oʻn yillar davomida olimlarni hayratda qoldirib kelgan. Yangi tadqiqot ushbu savolga kutilmagan javobni taqdim etmoqda: navigatsiya siri qushlarning jigarida yashiringan boʻlishi mumkin.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Yangiliklar muallifi

Nemis olimlari kabutarlar Yerning magnit maydonini his qilish uchun jigardagi maxsus immun hujayralaridan foydalanishini aniqlashdi, yaʼni ularning organizmida amalda ichki navigatsiya tizimi mavjud. Bu hujayralar makrofaglar deb ataladi va ular eski eritrotsitlarning tabiiy parchalanish jarayonida temir moddasini toʻplaydi. Temir makrofaglarga oʻziga xos magnit xususiyatlarini beradi, bu esa ularga sayyoraning magnit maydoniga taʼsir koʻrsatish imkonini yaratadi.
“Biz immun hujayralari magnit maydonlari datchigi (sensori) sifatida ishlashi mumkinligini mutlaqo kutmagan edik. Tadqiqot natijalari hayvonlarda magnitni his qilishning ilgari nomaʼlum boʻlgan mexanizmini ochib beradi”, — deydi Bonn universiteti shifoxonasi Molekulyar tibbiyot va eksperimental immunologiya instituti direktori, professor Kristian Kurts.
Uzoq yillar davomida olimlar pochtachi kabutarlar va koʻchib yuruvchi qushlar Yerning magnit maydonidan navigatsiya vositalaridan biri sifatida foydalanishini bilishgan, ammo uning aniq mexanizmi jumboqligicha qolayotgan edi. Avvalroq mutaxassislar qushlar magnit maydonlarini koʻzlaridagi yorugʻlikka sezgir molekulalar yoki tumshuqlaridagi mayda magnit zarralari orqali aniqlashi mumkin deb taxmin qilishgan, biroq bu nazariyalar ishonchli eksperimental dalillarni ololmagan edi.

Yangi tadqiqotda Bonn universiteti, Duysburg-Essen universiteti va Maks Plank nomidagi Hayvonlar xulq-atvori instituti olimlari qushlarning turli organlarini magnitometriya usullari yordamida tahlil qilishdi. Jigar temirning eng yuqori konsentratsiyasini koʻrsatdi va eng kuchli magnit javobni berdi.
“Temir oksidli nanopartikullar shaklida kristallanadi, bu esa hujayralarni superparamagnitga aylantiradi va magnit maydonlariga taʼsirchan qiladi. Biz eng kuchli magnit javobni aynan jigar toʻqimasida aniqladik”, — deya tushuntiradi Duysburg-Essen universiteti professori Ulf Videvald.
Makrofaglarning navigatsiyadagi rolini tekshirish uchun olimlar yigirma kilometrdan ortiq masofadan katakka qaytishga oʻrgatilgan kabutarlar bilan tajriba oʻtkazdilar. Jigardagi makrofaglar olib tashlanganidan soʻng, qushlar bulutli kunlarda, yaʼni quyosh koʻrinmayotganda, yoʻnalish hissini yoʻqotib, uyga yoʻl topishga qiynaldilar. Quyoshli kunlarda esa ular magnit maydoni oʻrniga quyoshga tayanib, muvaffaqiyatli qaytib kelishdi.

Elektron mikroskopi temirga boy makrofaglar asab tolalari yaqinida joylashganini koʻrsatdi, bu esa magnit maʼlumotlarining jigardan asab tizimi va miyaga oʻtishining ehtimoliy yoʻlini koʻrsatadi. Bu kashfiyot nafaqat qushlarni oʻrganish uchun ahamiyatli boʻlishi mumkin — bunday mexanizmlar boshqa hayvon turlarida ham mavjud boʻlishi ehtimoldan xoli emas.
“Hayvonlar navigatsiyasi — tabiatning eng maftunkor hodisalaridan biridir. Agar immun hujayralari haqiqatan ham yoʻnalishni his qilishda ishtirok etsa, bu bizning fazoviy moʻljal olish qanday tuzilganligi haqidagi tushunchamizni tubdan oʻzgartiradi”, — deya taʼkidlaydi Maks Plank nomidagi Hayvonlar xulq-atvori instituti direktori, professor Martin Vikelski.
Avvalroq olimlar flamingolar gidrodinamika yordamida oʻljani qanday tutishini aniqlashgan edi.
