Sabzavot va mevalar foydali — buni har kim biladi, ammo real hayotda aksariyat odamlar bunday mahsulotlarni juda kam iste’mol qiladilar. Yangi uzilgan meva va sabzavotlar ko’pincha juda qimmat turadi va shunda yordamga arzonroq variantlar — muzlatilgan va konservalangan mahsulotlar keladi. Ammo ular o’z tarkibi bo’yicha yangi uzilgan mevalardan qolishadimi?
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Yangiliklar muallifi

Sog’lom ovqatlanish bo’yicha zamonaviy tavsiyalarga ko’ra, kattalar kuniga kamida ikki porsiya meva va besh porsiya sabzavot iste’mol qilishlari kerak. Bunda gap faqatgina yangi uzilgan mahsulotlar haqida ketmayapti — bu normaga muzlatilgan hamda konservalangan sabzavot va mevalar ham to’liq kiradi. Masalan, sabzavotning bir porsiyasi — bu 80−100 g, ya’ni yarim stakan muzlatilgan brokkoli, konservalangan loviya, yarim piyola konservalangan shaftoli yoki to’g’ralgan muzlatilgan mango esa — mevaning bir porsiyasidir.
Narxi va iste’mol qilishga qulayligi bo’yicha ko’plab muzlatilgan va konservalangan mahsulotlar yutib chiqadi: ular deyarli har doim yangi uzilganlaridan arzonroq, allaqachon tozalangan va to’g’ralgan, saqlash muddati esa kunlar emas, oylar va hatto yillarni tahmin etadi. Arzonligi tushunarli: meva va sabzavotlar eng arzon bo’lgan mavsumda, ularni iloji boricha uzoqroq saqlash uchun muzlatiladi yoki konservalanadi. Muzlatish va konservalash oziq-ovqat chiqindilarini sezilarli darajada kamaytirish hamda hosilni yo’qotishlarsiz uzoq aholi punktlariga yetkazib berish imkonini beradi.
Ammo bunday mahsulotlar foydalimi? Tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, muzlatilgan va konservalangan meva hamda sabzavotlar umuman olganda o’zining ozuqaviy qiymatini saqlab qoladi — boz ustiga, ba’zida muzlatkichda bir hafta yotgan «yangi» mahsulotlardan ko’ra yaxshiroq saqlaydi. Ayrim holatlarda qayta ishlash ba’zi vitaminlar miqdorini hatto oshirishi ham mumkin: masalan, muzlatilgan o’riklarda C vitamini yangi uzilganlariga qaraganda ko’proq bo’ladi.

Tezkor sanoat muzlatishi sabzavot va mevalardagi rang, tekstura va ozuqa moddalarini yaxshi saqlaydi. Kamchiligi — yirik muz kristallarining hosil bo’lishi mumkinligi, buning natijasida muzdan tushirilgandan keyin ba’zi mevalar suvli bo’lib qolishi va ba’zi vitaminlarini yo’qotishi mumkin, ayniqsa qayta-qayta muzlatish va muzdan tushirish paytida. Nazariy jihatdan muzlatilgan sabzavot va mevalar tarkibida Listeria bakteriyasi bo’lishi mumkin, shuning uchun bunday mevalarni baribir termik ishlovdan o’tkazish xavfsizroqdir.
Konservalash — bu yuqori haroratgacha qizdirish va sterilizatsiya qilishdir. Bunda issiqlikka sezgir bo’lgan vitaminlarning bir qismi, birinchi navbatda C vitamini parchalanadi. Ammo zamonaviy texnologiyalar qizdirish vaqti va haroratini qisqartirish imkonini berib, yo’qotishlarni kamaytiradi.
Biroq meva-sabzavot konservalari bilan hamma narsa oddiy emas. Konservalangan sabzavotlar ko’pincha ko’p tuz tutadi, shuning uchun «tuz qo’shilmagan» deb belgilangan variantlarni tanlash yoki imkon qadar mahsulotni iste’mol qilishdan oldin yuvish ma’qulroqdir. Sabzavotli souslarda, shuningdek, konservalangan loviya va noxotlarda nafaqat tuz, balki shakar ham ko’p bo’ladi. Meva konservalari ham ko’pincha ortiqcha qo’shilgan shakar saqlaydi — bu mevalarning o’z sifatiga ta’sir qilmaydi, lekin buni kunlik ratsonda hisobga olish kerak.

Bunday mahsulotlardan foydalanish oddiy: konservalangan mevalar — tamaddi yoki yogurt va bo’tqalarga qo’shimcha sifatida, muzlatilgan sabzavotlar — sho’rvalar, ragu va garnirlarning komponenti sifatida ishlatiladi. Bir banka yasmiq yoki noxot sho’rva yoki pasta uchun sousni yanada to’yimli qiladi va tayyor mahsulotdagi oqsil hamda kletchatka miqdorini oshiradi.
Agar tuz va shakar miqdoriga e’tibor berilsa, muzlatkich yoki bankadagi sabzavot va mevalar — ortiqcha xarajatlarsiz diyetologlar tomonidan tavsiya etilgan kunlik «5+2» porsiyani to’plashning mutlaqo sog’lom usulidir.
Avvalroq olimlar meva va sabzavotlarni iste’mol qilish normalarini qayta ko’rib chiqishgan edi.
