Olimlar miyada og‘riq hislari va tashvish tutashadigan sohani topdilar. Bu — orolcha bo‘lagi yoki insula bo‘lib, boshqa bo‘laklar ortida chuqur yashiringan po‘stloq qismidir. Kashfiyot Nature ilmiy jurnalida chop etilgan.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Yangi tadqiqotda Dyusseldorfdagi (Germaniya) Genrix Geyne nomidagi universitet jamoasi ilk bor insula to‘rtta alohida, ammo o‘zaro bog‘liq sohadan iboratligini ko‘rsatdi.
Olimlar taxminan 15 yil davomida to‘plangan, davolanishi qiyin epilepsiyaga chalingan 87 nafar bemorning ma’lumotlaridan foydalandilar. Diagnostika doirasida bemorlarning miyasiga xurujlarning aniq manbasini aniqlash uchun vaqtincha elektrodlar o‘rnatilgan edi. Bemorlarning roziligi bilan bu tadqiqotchilarga insulani bevosita rag‘batlantirish hamda uning faolligi va miyaning boshqa sohalari bilan aloqalarini o‘lchash uchun noyob imkoniyat berdi.
Bu to‘rtta alohida sohani aniqlashga imkon berdi va jamoa ularni inson insulasining funksional atlasiga jamladi.
Og‘riq va harorat hislari asosan yuqori orqa (dorsal) sohada paydo bo‘ladi va u yerda tana qismlari bo‘yicha joylashgan: masalan, oyoqlardagi hislar ushbu zonaning eng orqa qismida paydo bo‘lgan, keyin oyoq-qo‘llar va kaftlar kelgan, oldinda esa og‘iz bo‘shlig‘i joylashgan. Pastki (ventral) soha bir nechta tana qismini birvarakayiga qamrab oluvchi tarqoq hislarni uzatadi. O‘rta oldingi sohani rag‘batlantirish asosan visseral hislarni — masalan, ko‘krak yoki qorindagi — shuningdek, tashvish hissini chaqirgan.
Insulaning eng oldingi qismi — qutb — alohida rol o‘ynaydi: uni rag‘batlantirish deyarli hislar chaqirmagan, biroq miya qaysi signallarga e’tibor qaratishni hal qilayotganda u faollashadi. U, shuningdek, fikrlash va rejalashtirishga javob beruvchi peshona bo‘lagi bilan chambarchas bog‘liq hamda insulaning boshqa sohalariga ular unga ta’sir qilgandan ko‘ra ancha kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi.
«Natijalarimiz shuni ko‘rsatadiki, insula tana signallari uchun shunchaki retranslyatsiya stansiyasidan ko‘ra ko‘proq narsadir. Aftidan, u biz og‘riqni va o‘z tanamizni qanday kechirishimizni faol shakllantiradi», — deb qayd etdi tadqiqotga rahbarlik qilgan doktor Juliana Kvabs.
Uning hamkasbi doktor Svenja Kaspersning so‘zlariga ko‘ra, bu his-tuyg‘ular va kutishlar og‘riq hamda boshqa jismoniy hislarni idrok etishni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy neyron mexanizmga ishora qiladi.

