
Har bahorda biz bir soat uyqudan mahrum bo‘lamiz, kuzda esa o‘sha soatni qaytarib olgandek bo‘lamiz. Ko‘pchilikka bu faqat texnik rasmiyatchilikdek tuyuladi, ammo soatlarni o‘zgartirish g‘oyasi bir paytlar ilmiy kashfiyot va muhim iqtisodiy strategiya deb hisoblangan. Lekin umuman soatlarni o‘zgartirishni kim o‘ylab topgan aslida?
Manba: — «Factodrom.com»
Zamonaviy energosamaradorlik tizimlari paydo bo‘lishidan ancha oldin vaqtni siljitish haqidagi birinchi ishorani Benjamin Franklin bergan. 1784 yilda Parijda bo‘lganida u hazilomuz xat chop ettirdi, unda agar odamlar quyosh bilan birga ertaroq tursa, qancha sham va moy tejash mumkinligini hisoblab chiqdi. Bu juda hazilomuz kuzatuv edi, ammo soatlarni o‘zgartirish g‘oyasi shu tariqa paydo bo‘ldi.
Soatlarni o‘zgartirishni jiddiy ravishda taklif qilgan birinchi inson — Yangi zelandiyalik entomolog Jorj Vernon Xadson bo‘ldi. 1895 yilda u ishdan keyin ko‘proq kunduzgi yorug‘likka ega bo‘lish uchun — sevimli mashg‘uloti, ya’ni hashoratlar yig‘ish uchun vaqt topish maqsadida bahorda vaqtni 2 soat oldinga surish va kuzda orqaga qaytarishni taklif qildi.
Bir necha yil o‘tib, ingliz quruvchisi Uilyam Uillet bu g‘oyani faol targ‘ib qila boshladi. U “The Waste of Daylight” (“Kunduzgi yorug‘likning isrofi”) nomli broshyura nashr ettirdi va millionlab funt sterling yo‘qotilayotganini aytdi, chunki odamlar quyosh chiqqandan keyin ham uxlab yotibdi. Uillet quyosh chiqqandan keyingi uyqu — bu katta isrof deb hisoblardi.
Biroq yozgi vaqt bilan bog‘liq birinchi ommaviy tajriba Birinchi jahon urushi davrida yuz berdi. 1916 yilda Germaniya birinchi bo‘lib soatlarni o‘zgartirdi — harbiy sanoat uchun ko‘mirni tejash maqsadida. Ko‘p o‘tmay Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar ham bunga qo‘shildi. Shunday qilib, soatlarni o‘zgartirish hazil yoki nazariy g‘oya emas, balki real iqtisodiy va ijtimoiy amaliyotga aylandi.
Shundan beri dunyo yozgi vaqtning foydasi haqida doimo bahslashib kelmoqda. Olimlar va siyosatchilar bu chora haqiqatan energiya tejashga yordam beradimi yoki millionlab odamlarning bioritmlarini buzadimi, degan savollarni muhokama qilishadi. Ammo tarixiy fakt o‘zgarmaydi: hammasi Franklinning hazilidan boshlandi, Xadson va Uillet tomonidan rivojlantirildi va deyarli yarim insoniyat yashaydigan global tizimga aylandi.
