Shaxsiy ma’lumotlari internetda ochiq-oshkor joylanmagan odam bo‘lmasa kerak bugungi kunda. Ijtimoiy tarmoqlar, turli-tuman servislar ulardan foydalanishimiz uchun o‘zimiz haqimizda ma’lumot kiritishimizni so‘raydi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi  Bu servislarning ayrimlari mijozga yaxshiroq xizmat ko‘rsatish uchun shaxsiy ma’lumotlardan foydalansa, yana kimlarningdir maqsadi yo‘naltirilgan reklamadan daromad ko‘rish bo‘ladi. Ammo bu maqsadlarni xavfsizligimizga jiddiy tahdid deb ayta olmaymiz. Shaxsiy ma’lumotlarni ehtiyot qilishning ahamiyati haqida jurnalist Eldar Asanov fikr yuritadi.

Foto: Google Photos

“Axborot xavfsizligi” tushunchasi O‘zbekistonga kirib kelganiga ko‘p bo‘ldi. Jurnalistika fakultetlarida 2000-yillarning o‘rtalaridan buyon axborot xavfsizligi maxsus fan sifatida o‘rgatib kelinadi. Ayni damda, hali ham mamlakatda ko‘pchilik bu tushunchaning asl ahamiyatini anglamaganday xayolimda. Universitetda bu fan darslarida juda umumiy mavzular o‘tilar, axborot xavfsizligi bo‘yicha umumiy tushunchalar berilar edi. Universitetdan tashqari hayotga kelsak, men ko‘rgan-bilgan odamlarning aksariyati shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga yetarli e’tibor qaratmaydi.

Oxirgi bir necha haftani Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘tkazyapman. Turli sohalardagi juda ko‘p kuzatuvlarim borligiga qaramay, aynan shu mavzudan Amerika taassurotlarini boshlashga qaror qildim. Buning sababi — amerikaliklar (yoki Amerikada uzoq vaqt yashovchi chet el fuqarolari) bilan suhbatlashganda axborot xavfsizligi mavzusiga qayta-qayta to‘xtalishga majbur bo‘lasiz. Aytaylik, xonadon ijaraga olish jarayonida hujjat to‘ldirar ekanmiz, hujjatni bizdan olayotgan odam bu yerda ko‘rsatilgan ma’lumotlar oshkor etilmasligini, sir saqlanishini, bu ma’lumotlardan hech qanday g‘araz maqsadlarda foydalanilmasligini bir necha marotaba takrorladi. Shuningdek, u to‘ldirilgan hujjatlarning elektron versiyalarini o‘chirib tashlashni tavsiya qildi. Shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi bu yerda birinchi darajali ahamiyatga ega.

Biz haqimizdagi ma’lumotlar kimga kerak?

“O‘zing bir o‘ylab ko‘r. Bir kichik tashkilotning oddiy ishchisiman. Boyvachcha emasman. Olamshumul sirlarim yo‘q. Bankda pulim yo‘q. Men haqimdagi ma’lumotlar kimga kerak bo‘lishi mumkin?”, — deydi bir o‘rtog‘im (shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi haqida gaplashar ekanmiz, tilga olinadigan shaxslarning nomlarini ham sir saqlashni ma’qul ko‘rdim), bamaylixotir telefon kavlarkan. Axborot xavfsizligi, shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi haqidagi gaplarim manzilga yetib bormayotganini ko‘rib, suhbatni shu yerda to‘xtatdim.

Bir muddatdan so‘ng tilga olingan tanishimning fikri o‘zgarib qoldi. YouTube’dagi turfa roliklar bunga sabab bo‘ldi.

“Ijtimoiy tarmoqlarga bor-yo‘g‘imizni to‘kib-solarkanmiz, oqibatini o‘ylamas ekanmiz. Endi telefon va kompyuterimni ikki bosqichli autentifikatsiya bilan himoya qilaman, ijtimoiy tarmoqlarni tozalab tashlayman”, — deb o‘z xavotirini tushuntirdi u.

Bunday holat menga ham tanish — axborot xavfsizligi bo‘yicha bir-ikkita tadbirda qatnashib, mavzuning ahamiyatini tushunganman. Shundan beri o‘zimga “men haqimdagi ma’lumot kimga kerak?” degan savolni bermayman.

Globallashuv — ijobiy jarayon, lekin kichik tahdidlar ham bor

Telefondagi messenjerlar, ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalar, elektron pochtadagi xatlar, mobil dasturlardan keladigan ma’lumotlar — bularning bari ulkan axborot oqimini hosil qiladiki, har kuni minglab yangi xabarlar, ma’lumotlar miyamizni band qiladi. Axborot asrining o‘ziga xosligi mana shu.

Axborot xavfsizligi masalasiga bizda ahamiyat berilmasligiga yana bir sabablardan biri — odamlarni asossiz gap-so‘zlar va paranoyya bilan bezdirib qo‘yishgan. “Globallashuv asrida ma’naviyatimizga tahdid”, “yot g‘oyalar xuruji” singari vahima gaplar qulog‘ingizga ko‘p chalinadimi? Men bilgan universitet o‘qituvchilari va nazariyotchilarning juda ko‘pchiligi axborot xavfsizligining muhimligini mana shunday argumentlar bilan asoslashga urinadi. Ammo bunday umumlashma gaplar odatda haqiqatdan uzoq bo‘lishi va quruq tashviqotni eslatishi bois odamlarda xayrixohlik uyg‘otmaydi. Odamlarni o‘zi haqidagi ma’lumotlar bilan ehtiyotkor munosabatda bo‘lishni o‘rgatishning samarali yo‘li ularning shaxsan o‘zlariga nisbatan uyg‘onishi mumkin bo‘lgan tahdidlar haqida so‘zlab berishdir.

Globallashuvning yomon joyi yo‘q, bu rivojlanishning bir bosqichidir. Lekin bu jarayonda katta-kichik tahdidlar kelib chiqishi mumkin. Bunday tahdidlar bormi o‘zi?

— Ijtimoiy tarmoqlarda qoldiriladigan ma’lumotlar odatda bir kishining tarjimai holini to‘la tiklash uchun yetarli. Tug‘ilgan yili, o‘qigan, ishlagan, yashagan joylari, qiziqishlari — bularning bari odatda ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalarda aks etadi. Bu ma’lumotlar asosida xuddi shu shaxsning feyk akkauntlarini yaratib, uning nomidan noqonuniy ishlar qilinishi mumkin. Umuman, boshlovchi xakerlar tomonidan bunday mayda jinoyatlar uyushtirilgani ko‘p bora yoritilgan;

— Ba’zan shu ma’lumotlar ichidan o‘ta shaxsiylarini topib olib, tegishli shaxsni shantaj qilishgani, ta’qibga olishgani, trolling yo‘li bilan ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatishgani ko‘p kuzatilgan. Uzoqqa bormaylik, bir muddat ilgari o‘zbekcha Facebook’da bir mansabdor ayol mana shunday hujumga uchradi. Ayrimlar u haqdagi shaxsiy ma’lumotlarni kavlashtirib, qo‘ng‘iroq qilishgacha, hatto oilasining suratlarini tarqatishga bordi. Tahdid kutilmagan joydan kelib chiqishi mumkin;

— Hozircha O‘zbekistonda uncha keng tarqalmagan holat — mablag‘ aylanishi bilan bog‘liq xizmatlarga ulangan shaxslar (elektron hisoblar, elektron banking va hokazo) qalloblik qurboniga aylanishi rivojlangan davlatlarda keng tarqalgan.

Internet — sabab emas, vosita, yoxud nega cheklov choralari natija bermaydi

O‘zbekistonlik ayrim mualliflar axborot xavfsizligi haqida gapirganda va yozganda yo‘l qo‘yadigan yana bir xato bor — qurol va vositani adashtirish. Ular internetdan kelib chiqadigan tahdidlarning sababi sifatida internetning o‘zini ko‘rsatib, uni cheklashni, nazoratni kuchaytirishni talab qiladi. Bu yondashuvdagi mantiqsizligini tushunish uchun analogiyalar keltiramiz: pichoq — mehnat quroli, undan foydalanib, ovqat qilish, boshqa juda foydali yumushlarni bajarish mumkin, ayni paytda u qotillik quroliga ham aylanishi mumkin; olov bizni isitadi, ovqat pishirishni usiz tasavvur qila olmaymiz, shu bilan birga, olov tufayli yong‘inlar kelib chiqadi.

Internet ham o‘z-o‘zidan juda foydali fenomen. U axborot asrining asosini tashkil qiladi. Internet deyarli barcha sohalarda tub burilish yasadi, ishni osonlashtirdi, endi uzoq masofadan turib aloqada bo‘lish muammo bo‘lmay qoldi, qo‘yingki, iqtisodiy hayot ham internetga ko‘chmoqda. Shu bilan birga, ayrim shaxslar (yoki guruhlar) internetning imkoniyatlaridan qalloblik yo‘li bilan pul topish uchun, o‘z ideologiyasini yoyib, tarafdor topish uchun foydalanmoqda. Ularni deb butun internet cheklansa, aloqalar uziladi yoki qisqaradi, iqtisodiyotga og‘ir zarba bo‘ladi, ko‘p sohalarda ishlash qiyin bo‘lib qoladi. Buni yaqinda O‘zbekistonda YouTube va Facebook bloklanganda ko‘rdik.

Shunday qilib, internetni cheklash, resurslarni bloklash, nazoratni kuchaytirish ijobiy natijaga olib kelmaydi, axborot xavfsizligini ham ta’minlamaydi. Mening bu xulosamni axborot xavfsizligi bo‘yicha yirik mutaxassis Asomiddin Atoyev ham o‘zaro suhbatda tasdiqlagan edi.

Yana bir ekspert — kanadalik Rafal Rogozinskiy “Daryo” bilan suhbatda cheklash choralari hech qachon maksimal natija bermasligini, eng muhimi ta’lim-tarbiya, odamlarga shaxsiy xavfsizlikni o‘rgatish ekanligini ta’kidlagan edi.

Axborot xavfsizligining yana bir jihati — feyklar yoki soxta ma’lumotlarning keng tarqalishi. Internetda ma’lumot chop etish juda oson — minglab bepul yoki arzon platformalar har qanday oddiy foydalanuvchiga shunday imkoniyatni taqdim etadi. Yolg‘on-yashiq xabarlarning zararlarini sanasa, uzun ro‘yxat bo‘ladi: noto‘g‘ri ma’lumotni o‘qib olgan odam unga ishonib, hissiyotga berilishi, noto‘g‘ri xatti-harakatlar qilishi mumkin; soxta ma’lumotlarning shaxslar, guruhlar va tashkilotlarning sha’niga tegishi mumkin. Bunday holatlardan himoya qilinishning yagona yo‘li — mediasavodxonlikni oshirish.

“Ularda” vaziyat qanday?

Rivojlangan davlatlarda, yuqorida aytib o‘tganimdek, axborot xavfsizligi masalasi ancha yuqori darajada. Yirik korporatsiyalar, ko‘p holatlarda hukumatlarning o‘zlari ham shaxsiy daxlsizlikni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Ammo bu ba’zan muammolarni keltirib chiqaradi. Apple yoki boshqa korporatsiyalar vakillari jinoyatchilarning smartfonlarini buzishda maxsus xizmatlarga yordam bermagani bois kelib chiqqan janjallar va sud jarayonlari haqida eshitganmiz.

Bu kabi holatlar jamiyatda bahs keltirib chiqarmoqda: butun jamiyatga xavf tug‘ilganda, masalan, jinoyatchining shaxsiy ma’lumotlari haqida gap ketganida, daxlsizlik prinsiplariga amal qilish kerakmi, yo‘qmi? Bu boradagi yakdil fikr yo‘q. Bahslar va mojarolar davom etmoqda.

Bizda ham o‘zgarishlar bormi?

O‘rta Osiyo respublikalarida oxirgi yillarda mediasavodxonlikni oshirishga, shaxsiy ma’lumotlarni asrash texnikalarini o‘rgatishga jiddiy ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada Internews Network xalqaro tashkilotining tashabbuslari ayniqsa diqqatga sazovor. Mintaqa miqyosida tashkil etilayotgan tadbirlarda barcha respublikalardan jurnalistlar, davlat idoralari vakillari, ekspertlar va faollar qatnashyapti. Shunday tadbirlardan ikkitasi Bishkekda tashkil etilgan edi. Ularda O‘zbekiston vakillari qatnashdi. 22–24-mart kunlari navbat Toshkentga keldi. Birinchi marta Toshkentda qo‘shni respublikalar delegatsiyalari ishtirokida axborot xavfsizligi, onlayn tarzda ekstremistik g‘oyalar hamda soxta axborot tarqalishiga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi. Bu yaxshi boshlanma bo‘ldi deyish mumkin.

O‘zbekistonda endi xalqaro tadbirlar doirasida ushbu muammolar muhokama qilina boshlangan bo‘lsa, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda muhokamalardan tashqariga chiqib, amaliy loyihalar yo‘lga qo‘yila boshlangan. Qirg‘izistonda mediasavodxonlik va axborotni tekshirish asoslari hatto maktablarga joriy etilmoqda.

Bishkekdagi seminarlardan birida qatnashganimda yig‘ilganlarga “Factcheck.kz” resursi tanishtirildi. Ushbu resursning asosiy mohiyati qozoqcha va ruscha internetda tarqalayotgan soxta ma’lumotlarni topib, ularni fosh etish ekan. Masalan, “Kazinform” axborot agentligi tarqatgan bir ma’lumotga ko‘ra, Qozog‘iston ta’lim sifati bo‘yicha jahonda 9-o‘rinni egallar ekan. Resurs ekspertlari faktcheking o‘tkazib (faktlarni tekshirib), ma’lumot haqiqatdan yiroq ekanligini isbotlab berdi. Maqtanish maqsadida bu kabi yolg‘on-yashiq ma’lumotlar bizda ham tarqalib turadi. Lekin ularning to‘g‘ri-noto‘g‘riligini tekshiradigan ekspertlar yoki resurslar O‘zbekistonda hozircha yo‘q.

Mediasavodxonlikni oshiradigan, ma’lumotni tekshirishni, tahlil qilishni o‘rgatadigan bunday resurs o‘zbek tilida ham yaratiladigan payt keldi menimcha.

Ehtiyot choralari

Shunday qilib, O‘zbekistonda shaxsiy axborot xavfsizligini saqlash va mediasavodxonlikni oshirish ishlariga endi-endi e’tibor berilayotgan ekan. Bu ishlar ko‘lami kengayib, kerakli natija bera boshlaguniga qadar har bir internet foydalanuvchisi o‘zini ehtiyot qilish maqsadida nima qilishi lozim? Bir suhbatlashgan ekspertlar quyidagi tavsiyalarni berib o‘tdi:

— Shaxsiy ma’lumotlarni oshkor etish oldidan yaxshilab o‘ylab ko‘rish: bu ma’lumotlarning ijtimoiy tarmoqlarga joylanishi sizga ziyon keltirishi mumkinmi? Balki ayrim ma’lumotlarni sir saqlash, yoki sahifalarni begona ko‘zlardan himoya qilish kerakdir?

— Smartfon, noutbuk va boshqa gadjetlarni yaxshilab himoyalash. Odatda parollash, ikki bosqichli autentifikatsiya (ya’ni fleshka-qulf bilan ochish funksiyasini ishga solish), daktiloskopiya, ko‘z gavhari skaneri singari vositalar tavsiya etiladi;

— Elektron pochta, messenjerlar, ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalarni ishonchli parollar bilan himoyalash, chetdan turib daxl qilish harakatlarini maxsus funksiyalar orqali kuzatib turish;

— Mediasavodxonlik ustida ishlash, ya’ni internetda tarqalgan xabarlarni tekshirishni o‘rganish. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi, albatta, buning ustida ishlash, tegishli adabiyotlar bilan tanishib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi;

— Eng muhimi — tanqidiy tafakkurni rivojlantirish, ya’ni har qanday yetib kelgan axborotga darhol ishonmasdan, uni tahlil qilishni, tekshirishni o‘rganish.

От qwert.uz