Bugun, 17-may kuni O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Turkmaniston xalq artisti Ortiq Otajonov 72 yoshida vafot etdi. Bu haqda xonanda Anvar Sobirov Instagram’dagi sahifasida ma’lum qildi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: “Kun.uz”
Ortiq Otajonov 1947-yilning 30-yanvarida Xorazm viloyatining Xitoy qishlog‘ida oddiy mehnatkash oilada tug‘ilgan. Yoshiligidan qo‘shiq aytishga ishtiyoqi kuchli bo‘lgan.
1962-yilda Ortiq Otajonov Xorazm san’at maktabining musiqa fakultetiga o‘qishga kiradi. San’atkor qo‘shiq aytish sirlarini mashhur o‘zbek hofizi Komiljon Otaniyozovdan o‘rgangan.
Katta sahnalarda Ortiq Otajonov 1968-yildan 1997-yilga qadar faoliyat olib borgan. Xonandaning “Umr o‘tar”, “Lazgi”, “Boshqacha”, “Kelsun, kelsun”, “Dilbar”, “Yurishlaring” kabi qo‘shiqlari haqiqiy zamonaviy mumtoz qo‘shiqlarga aylangan.
Ortiq Otajonovning rafiqasi Gulsara aya 4-aprel kuni vafot etgan edi.