Davlat soliq qo‘mitasi avvalroq huquqlari buzilgani Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan aytilgan bloger Azizbek Ashurboyev bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganib chiqdi. Bu haqda qo‘mita raisi Behzod Musayev ma’lum qildi.  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi 

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Vaziyat tafsilotlarini o‘rganish davomida Azizbek Ashurboyev tomonidan ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifalariga reklama joylashtirish bilan bog‘liq 2019-yil 7-iyundagi nazorat tadbirini o‘tkazish vaqtida Mirobod tuman soliq inspeksiyasi xodimlari O.Ziyoyev va Sh.Hasanov o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish va soliq organlari xodimlarining kasbiy axloq qoidalarini buzish holatlariga yo‘l qo‘ygani aniqlandi

Azizbek Ashurboyev tomonidan yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarlikni bartaraf etish uchun u bilan rasmiylashtirilgan materiallar asosida, shaxsiy uyali telefonini olib qo‘ymasdan, tushuntirish ishlarini olib borish kifoya edi. Yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun ko‘rsatib o‘tilgan xodimlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.

Kelgusida shu kabi holatlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan o‘xshash bahsli vaziyatlarni masalaning har yuridik, ham axloqiy jihatlarini hisobga olgan holda tartibga solish mexanizmini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Davlat soliq qo‘mitasi o‘z faoliyatining ochiqligi ta’minlanishidan manfaatdordir hamda juranlist va blogerlar bilan yaqin hamkorlikda ishlashga, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga tayyorligini bildiradi.

Behzod Musayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisi

Avvalroq Mirobod tumanida soliqchilar bir instablogerning shaxsiy telefonini olib qo‘ygani, Instagram’dagi sahifasi parolini o‘zgartirib qo‘ygani haqida ma’lum bo‘lgan edi. Keyinroq Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev o‘sha instablogerdan shaxsan uzr so‘ragan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov esa blogerni qo‘llab-quvvatlab chiqqandi. O‘z navbatida, Bosh prokuratura ham blogerlarni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi.

От qwert.uz