Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov Facebook’dagi sahifasida fuqarolar O‘zbekiston telekanallari orqali uzatilayotgan turk seriallaridan norozi bo‘layotgani haqida yozdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

“So‘nggi vaqtlarda mamlakat fuqarolarining nodavlat telekanallar efirida namoyish etilayotgan xorijiy, asosan turk seriallaridan noroziligi ortib borishi kuzatilmoqda va Agentlikka kelib tushgan murojaatlariga ko‘ra, ushbu seriallar ko‘p hollarda o‘zbek xalqining milliy udum va an’analariga, shuningdek milliy o‘zligimizga ma’no va mazmun jihatdan mos kelmaydi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi . Agentlikka fuqarolarimizdan shu yilning faqatgina besh oyida kelib tushgan murojaat va shikoyatlar soni o‘tgan yil davomida kelib tushgan jami murojaatlar soni bilan taqqoslaganda 5 marta ko‘paygan.

Bundan tashqari, nodavlat telekanallarda mahsulot va xizmatlar savdosini ko‘paytirishga yo‘naltirilgan, pul va boshqa ko‘rinishidagi sovg‘alar o‘ynaladigan ko‘rsatuvlar soni ko‘payib bormoqda. Nodavlat telekanallar ko‘rsatuvlar setkasi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, telekanallar tizimli ravishda Litsenziya kelishuvi talablarini buzib kelishmoqda.

Yuqorida keltirilgan holatlar bizda asosli xavotirlar uyg‘otmoqda.

Agentlik respublika hududida qonun doirasida faoliyat olib borayotgan barcha – ham davlat, ham nodavlat ommaviy axborot vositalariga har qanday yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildiradi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston axborot bozori subyektlarini o‘z faoliyatlarini amalga oshirishda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqchimiz”, — deyiladi xabarda.

От qwert.uz