Namanganda masjiddan velosipedlarni o‘g‘irlab, sotib yuborgan shaxsga jazo tayinlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudi tomonidan tumandagi jome masjidida velosipedlarni o‘g‘irlab, sotib yuborgan shaxsga jazo tayinlandi. Bu haqda “Daryo”ga sud raisi Jamshid Ma’murov ma’lum qildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Foto: JIB Uychi tuman sudi

Uchqo‘rg‘onlik 53 yashar Murod Soipov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) joriy yil yanvar oyi boshlarida “Xudoyberdi eshon” jome masjidida namoz o‘qilayotganidan foydalanib, Sherzod Mo‘minovning Germaniyada ishlab chiqarilgan, narxi 1,5 million so‘mlik velosipedini minib ketadi. Keyinchalik velosipedni Uchqo‘rg‘on bozoriga olib borib, 400 ming so‘mga sotib yuboradi.

Soipov 7-fevral va 15-mart kunlari takroran o‘g‘irlikka qo‘l uradi. Bu gal mazkur masjiddan Habib G‘ulomov va Asqar Mamatovga tegishli velosipedlarini uyiga olib ketadi. Shundan so‘ng masjiddagilar va velosiped egalari o‘g‘irlik holati yuzasidan ichki ishlar idoasiga murojaat qiladi.

Olib borilgan surishtiruv va qidiruv ishlari natijasida Murod Soipov qo‘lga olindi. U Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoiy javobgarlikka tortildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudida ushbu jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sudda M.Soipov sodir etgan o‘g‘irlik harakatlari oshkor bo‘lgach farzandlarining turmushida notinchlik kelib chiqqani, shuning o‘zi unga yetarli jazo bo‘lganini bildirdi. Keltirilgan zararni to‘la bartaraf etganligi hamda qilmishidan pushaymonligini e’tiborga olish, qonun doirasida yengillik berilishini so‘radi.

Sud M.Soipovga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Jabrlanuvchilar sudlanuvchini kechirgani, mahalla kafillik bergani inobatga olinib, M.Soipovga nisbatan shartli hukm qo‘llandi. U tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashdan shartli ravishda ozod qilinib, 2 yillik sinov muddati belgilandi.